O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 maydagi PF–98-son «Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, dissertatsiyalar va ularning asosiy ilmiy natijalari e’lon qilingan nashrlar sifatiga qo‘yiladigan talablarni xalqaro mezonlar asosida takomillashtirish, attestatsiya jarayonlarida ortiqcha ma’muriy va byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, shuningdek, mazkur jarayonlarning ochiqligi, shaffofligi va xolisligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda ayrim internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa elektron axborot resurslarida attestatsiya tizimida doir rasmiy manbalar bilan tasdiqlanmagan, asossiz yoki noto‘g‘ri talqin qilingan ma’lumotlar tarqatilayotgani kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilikdan attestatsiya sohasiga oid axborotlarni qabul qilish va tarqatishda axborot madaniyati hamda huquqiy talablarga qat’iy rioya etish, rasmiy tasdig‘ini topmagan xabarlar, fikr-mulohazalar va sharhlarga ishonmaslik hamda ularni tarqatmaslik so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, attestatsiya sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, rasmiy tushuntirishlar, yangiliklar, e’lonlar va boshqa huquqiy ahamiyatga ega ma’lumotlar faqat Oliy attestatsiya komissiyasining rasmiy
https://oak.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy telegram kanali - https://t.me/attestatsiya va facebook sahifasi - https://facebook.com/oakuzbekistan  orqali e’lon qilinadi.

Asoslanmagan, haqiqatga mos kelmaydigan yoki rasmiy manbalar bilan tasdiqlanmagan axborotlarni tarqatish ilmiy jamoatchilikni chalg‘itishga, attestatsiya jarayonlarining noto‘g‘ri talqin qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik choralari nazarda tutilgan.
Oliy attestatsiya komissiyasi barchadan faqat rasmiy axborot manbalariga tayanishni va tarqatilayotgan ma’lumotlarning ishonchliligiga alohida e’tibor qaratishni so‘raydi.


OAK Axborot xizmati

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish