O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida akkreditatsiyadan o‘tkazilayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM
O‘zbekiston Respublikasi OAK Rayosatining 2018 yil 30 maydagi 253/8-son qarori bilan tasdiqlangan
O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida akkreditatsiyadan o‘tkazilayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) faoliyatini o‘z vaqtida va xolisona yoritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiya qilinadi.
2. Ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan vakillarining (keyingi o‘rinlarda "muxbirlar" deb ataladi) huquqiy maqomi va kasb faoliyati prinsiplari O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, mazkur Nizom hamda akkreditatsiya qiladigan organlarning nizomlari bilan belgilanadi.
II. Akkreditatsiya qilishning asosiy tushunchalari va prinsiplari
3. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
muxbir – mehnat shartnomalari va boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari tahririyatlari uchun xabarlar va materiallarni qidirish, to‘plash, qayta ishlash va tayyorlash kasbi bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxs;
akkreditatsiya – muxbirning vakolatlarini OAK tomonidan e’tirof etish tartiboti bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra OAK faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun ommaviy axborot vositasi (keyingi o‘rinlarda “tahririyat” deb ataladi) vakilining o‘z sohasini bilishini tasdiqlovchi akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnomani beradi;
akkreditatsiya qiluvchi organ – akkreditatsiya tartibotini tashkil etadigan, akkreditatsiyani o‘tkazadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi.
4. Akkreditatsiya uni o‘tkazishga jalb etilgan mutaxassislarning o‘z ishini puxta bilishi va muxbirlarning mustaqilligi prinsiplariga asoslanadi.
Akkreditatsiyani o‘tkazishda o‘z ishini puxta bilish kadrlarni tegishli ravishda tanlash, akkreditatsiya tartibotida qatnashadigan ekspertlarni tayyorlash tizimi va, zaruriyat bo‘lganda, bilimlarning alohida sohalari bo‘yicha mutaxassislarni jalb etish yo‘li bilan ta’minlanadi.
5. Muxbirning akkreditatsiya qilinishida uning o‘z ishini puxta bilishini aniqlash mezoni OAK va ommaviy axborot vositalari vakili faoliyatining o‘ziga xosligi hisobga olingan holda, OAKning normativ hujjatlari bilan belgilanadi.
6. OAK huzurida o‘z muxbirini akkreditatsiya qilish huquqiga rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ommaviy axborot vositalari egadir.
III. Muxbirlarni akkreditatsiya qilish
7. OAK huzurida ommaviy axborot vositasi muxbirini akkreditatsiya qilish uchun tahririyat o‘zining rasmiy blankasida bosh muharririning imzosi qo‘yilgan, muhr bilan tasdiqlangan buyurtmanoma taqdim etadi.
8. Tahririyatning buyurtmanomasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
- ommaviy axborot vositasining nomi va turi;
- ixtisoslashuvi;
- tarqalish hududi;
- elektron pochta manzili;
- tahririyatning telefonlari va fakslari raqamlari;
- akkreditatsiyaga taqdim etilgan muxbirning familiyasi, ismi va otasining ismi;
- kasb vazifalarini bajarish uchun ushbu muxbir o‘zi bilan birga olib yurishi zarur bo‘lgan apparatlar.
Buyurtmanomaga batafsil ma’lumotlar (muxbirning xizmat mavqei, pasportiga oid ma’lumotlar, diplomi nusxasi, elektron pochta manzili, telefon va faks raqami) mavjud bo‘lgan ma’lumotnoma hamda belgilangan shakldagi to‘rtta fotosurat ilova qilinadi.
9. Muxbirni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi buyurtmanoma OAK tomonidan tegishli murojaat olingan kundan boshlab bir oy mobaynida ko‘rib chiqiladi.
10. Akkreditatsiya qilinadigan muxbirlar soni tahririyat tomonidan OAK bilan birgalikda belgilanadi.
11. Akkreditatsiya tartiboti quyidagi asosiy tadbirlardan iborat bo‘ladi:
- buyurtmanomani va taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish;
- muxbirlarni attestatsiyadan o‘tkazish;
- akkreditatsiya qilish to‘g‘risida yoki akkreditatsiya qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish, akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirish va berish.
12. Ommaviy axborot vositasi tahririyati tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomalar va hujjatlarni ko‘rib chiqishni OAK tuzadigan ekspert guruhi amalga oshiradi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari ariza tushgan paytdan boshlab o‘n kun muddatda ekspert xulosasi bilan rasmiylashtiriladi.
13. Attestatsiyani OAK tomonidan rasmiy ravishda tuziladigan komissiya o‘tkazadi. Komissiya tarkibi va attestatsiyani o‘tkazish muddatlari tahririyat bilan kelishilishi kerak. Tahririyat komissiyaning ayrim a’zolari ishtirok etishi va attestatsiya o‘tkazilishi muddatlari yuzasidan e’tiroz sabablarini asoslagan holda taklif bildirishga haqlidir.
Komissiya attestatsiyani OAK tasdiqlagan dasturga muvofiq o‘tkazadi. Muxbirning kasbiy sifatlari va layoqatini tavsiflash bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ekspert xulosasi, shuningdek ekspertiza va attestatsiya jarayonida olingan boshqa axborotlar attestatsiya komissiyasining qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi. Attestatsiya natijalari attestatsiya dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
14. OAK attestatsiya dalolatnomasini ko‘rib chiqish natijalari asosida muxbirni akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ommaviy axborot vositalari muxbirlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi buyurtmanoma mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxemaga binoan ko‘rib chiqiladi.
15. Ijobiy qaror chiqarilgan taqdirda OAK qaror qabul qilingandan keyin bir hafta muddatda mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositasi muxbirini akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtiradi va beradi.
16. OAK akkreditatsiya qilingan muxbirga 2 yil muddatda amal qiladigan akkreditatsiya to‘g‘risida guvohnoma beradi.
Akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnoma OAK reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab amal qiladi.
17. Akkreditatsiyaga taalluqli barcha hujjatlar (buyurtmanomalar, qarorlar, dalolatnomalar, akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnoma va shu kabilar) davlat tilida rasmiylashtiriladi.
18. OAK O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari yoki mazkur Nizom asosida jurnalistni akkreditatsiya qilishni rad etishi mumkin. OAK bunday qarorning sabablari to‘g‘risida uch kun muddatda ommaviy axborot vositasi tahririyatini yozma shaklda xabardor qiladi.
19. Zarur hollarda OAK huzurida vaqtinchalik yoxud doimiy muxbirlik punktlari tashkil etilishi mumkin.
IV. Akkreditatsiya qilingan muxbirlarning asosiy huquqlari va majburiyatlari
20. Akkreditatsiya qilingan muxbirlar kasb faoliyati davrida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar va majburiyatlarni bajaradilar.
OAK muxbirni majlislar, kengashlar va boshqa tadbirlar to‘g‘risida oldindan xabardor qiladi, stenogrammalar, protokollar va boshqa hujjatlar bilan ta’minlaydi.
21. Akkreditatsiya muxbirning rasmiy shaxslar tashriflari davridagi tadbirlarda bevosita qatnashishini kafolatlamaydi. O‘zbekiston Respublikasining yoki xorijiy davlatlarning rasmiy shaxslari tashriflari vaqtida muxbirlarni maxsus akkreditatsiya qilish tartibi qonun hujjatlari, shuningdek ushbu tadbirni tayyorlash va o‘tkazish uchun mas’ul xizmatlar talablariga binoan belgilanadi.
22. Akkreditatsiya qilingan muxbir quyidagi huquqlarga ega:
bo‘lajak majlislar, kengashlar va boshqa tadbirlar to‘g‘risida oldindan axborot olish;
OAKning binolari (xonalari) va ob’ektlariga tegishli guvohnoma (ruxsatnoma) asosida, OAK tomonidan belgilangan tartibda kirish;
uni OAK tomonidan o‘tkaziladigan majlislar, yig‘ilishlar, brifinglar (matbuot konferensiyalari) va boshqa tadbirlarda qatnashish, yopiq tadbir o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan hollar bundan mustasno;
OAKning mas’ul shaxslaridan zarur hujjatlar va materiallarni so‘rash va olish, kirish erkin bo‘lgan tadbirlarning yozuvlari bilan tanishish va ulardan nusxa olish;
yozuvlardan, matnli materiallar tayyorlashda, akkreditatsiya qilingan ommaviy axborot vositalarining tele-, radiodasturlarida foydalanish;
audio-, video- yoki kinosuratga olish, ovoz yozish uchun zarur bo‘lgan texnik apparatlardan, shuningdek kompyuter texnikasi vositalaridan faqat OAKning faoliyatini yoritish maqsadlarida foydalanish.
23. Akkreditatsiya qilingan muxbir quyidagilarga majbur:
OAKning binosida bo‘lishda uning ichki tartib-qoidalariga va ishlarini tashkil etish talablariga rioya qilish;
o‘zi ishtirok etayotgan tadbirlarning o‘tkazilishiga aralashmaslik (agar tadbir matbuot uchun maxsus tashkil etilmagan bo‘lsa);
OAKning faoliyati to‘g‘risida xolisona axborot berish;
maxsus tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga rioya qilish;
OAKning faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa talablarni bajarish.
V. Muxbirning akkreditatsiyasini to‘xtatish va uni akkreditatsiyadan mahrum qilish tartibi
24. Quyidagilar akkreditatsiyaning to‘xtatilishi uchun asos hisoblanadi:
muxbirning tahririyatdan ishdan bo‘shatilishi (ushbu holda tahririyat boshqa vakilni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan OAKga murojaat qilishga haqlidir);
muxbir vakili bo‘lgan ommaviy axborot vositasi faoliyatining to‘xtatilishi;
tahririyat rahbariyati tomonidan muxbirni OAKning faoliyatini yoritishdan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi (rasmiy bildirishnoma asosida).
25. Muxbir amaldagi qonun hujjatlarini va mazkur Nizomni muntazam ravishda buzganda akkreditatsiyadan mahrum etilishi mumkin.
26. Muxbirni akkreditatsiyadan mahrum etish to‘g‘risidagi qaror OAK tomonidan qabul qilinadi. Qaror asoslangan, yozma shaklda rasmiylashtirilgan, ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan dalillangan bo‘lishi kerak.
OAK akkreditatsiyadan mahrum qilingan muxbirning tahririyatiga qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab besh kun muddatdan kechikmay rasmiy bildirishnoma yuboradi. Bunday qaror kuchga kirgan vaqtdan boshlab akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi va u tahririyat tomonidan OAKga qaytarilishi kerak.
VI. Yangi muddatga akkreditatsiya qilish
27. Akkreditatsiya qilingan muxbirni yangi muddatga akkreditatsiya qilish akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugagandan keyin tahririyat tomonidan taqdim etilgan buyurtmanoma asosida o‘tkaziladi.
28. Tahririyat OAKga akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugashidan bir oy oldin buyurtmanoma berishi kerak.
Yangi muddatga akkreditatsiya qilish akkreditatsiya qilingan muxbirning oldingi akkreditatsiyasi davridagi benuqson faoliyatini hisobga olgan holda soddalashtirilgan tartibot bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
VII. Texnik xodimlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar
29. Tarjimonlar, teleoperatorlar, fotomuxbirlar, tele-, kino- va videoapparatlarga, aloqa vositalariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar tahririyatning muxbirlarga biriktirilgan texnik xodimlari bo‘lishi mumkin.
30. Akkreditatsiya qilingan muxbirlar texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni ishga yollashi mumkin.
Jalb etiladigan texnik xodimlarning shaxsiy tarkibi OAK bilan kelishiladi. Ularga o‘z faoliyatini amalga oshirishlari uchun OAK tomonidan tegishli guvohnoma beriladi.
31. Akkreditatsiya qilingan muxbirning texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
VIII. Yakuniy qoidalar
32. OAK huzuridagi akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi bilan bog‘liq nizoli masalalar paydo bo‘lgan taqdirda manfaatdor tomon qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular yuzasidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
33. OAK va ommaviy axborot vositalarining muxbirlari mazkur Nizom hamda ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi uchun javob beradilar.
Yuklab olish: Akkreditaciyadan_otkazish.pdf