Ismailova Gulnoza Odiljon qizining
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Qutadg‘u bilig”ning inglizcha tarjimalarida diniy leksikani qayta yaratish muammolari” mavzusidagi 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisoslikligi bo‘yicha
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Fil3491
Ilmiy rahbar: Sidiqov Qosim Abilovich, Filologiya fanlari nomzodi, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Namangan davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.03/31.03.2021.Fil.76.05 raqamli Ilmiy Kengash
Rasmiy opponentlar: f.f.d (DSc), professor Dosbaeva Nargiza Turg‘unpo‘latovna, f.f.d (DSc) professor Umarova Mahliyo Yunusovna
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat chet tillari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asaridagi dinga oid bo‘lgan leksemalarni ingliz tiliga tarjimalari bilan qiyosiy va chog‘ishtirma tahlil qilish orqali asliyatga muqobillik darajasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Tadqiqot jarayonida “Qutadg‘u bilig”dagi diniy leksika ilk bor tematik guruhlarga ajratilib, ularning soni, qo‘llanish chastotasi va manba tillari (arab, fors, qadimgi turkiy) bo‘yicha statistik tahlil amalga oshirildi. Shuningdek, diniy birliklarning tarixiy-genetik qatlamlari ilmiy asosda yoritildi.
Diniy leksikaning inglizcha tarjimalardagi lingvokulturologik xususiyatlari ilk bor qiyosiy tahlil qilinib, adekvatlik muammolari tizimli ko‘rib chiqildi. Bu orqali diniy realiyalarni boshqa madaniyat kontekstida qayta yaratishdagi qiyinchiliklar ochib berildi va lingvokulturologik tafovutlarning tarjima jarayoniga ta’siri ilmiy asosda baholandi.
Tarjima nazariyasining zamonaviy yondashuvlari asosida diniy leksikaning tarjimadagi o‘rni va funksiyasi ilk bor batafsil tahlil qilindi. Natijada diniy realiyalarni tarjima qilishda qo‘llangan yondashuvlarning samaradorligi hamda cheklovlari tanqidiy baholandi.
Robert Denkof va Volter Mey tarjimalarida Allohning ismlari, halol–harom tushunchalari va boshqa diniy birliklarning ekvivalentlari ilk bor maxsus tadqiq qilindi. Bu orqali diniy terminlarning ingliz tiliga o‘tkazilishida yuzaga kelgan semantik siljishlar, madaniy tafovutlar va ekvivalentlik darajalari ilmiy asosda ochib berildi.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Qutadg‘u bilig” inglizcha tarjimalarida diniy leksikani qayta yaratishning semantik aspektlari hamda tarjimalarda ekvivalentlikka erishishda lingvomadaniy yondashuvning ahamiyatini tadqiq etish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
“Qutadg‘u bilig”dagi diniy leksik birliklar tarjimasi jarayonida dinamik yondashuvlar natijasida matnning madaniy jihatdan moslashuvi kuzatilsa, semantik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjimalar jarayonida esa diniy mazmun aniqroq etkazib berishi, tarjima jarayonida diniy leksik birliklar, xususan, atoqli otlarni asl shaklda berish va ularning izohli ekvivalentini qo‘shish (transliteration + explanatory translation) diniy va madaniy mazmunni to‘liq etkazishning samarali usuli ekani haqida olingan ilmiy natijalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan PZ-2020042022 “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” nomli amaliy loyihasi idoirasida foydalanilgan (2025-yil 2-iyundagi № 01/4-2254-sonli ma’lumotnomaga asosan). Mazkur ilmiy natijaning amaliyotga tatbiq etilishi loyiha doirasida yaratilgan elektron platformaning diniy-madaniy komponentlarini shakllantirishda metodik asos sifatida xizmat qilgan.
“Qutadg‘u bilig” asaridagi diniy leksik birliklarning tasnifi, ularning etimologiyasi, semantik xususiyatlari, tarjimadagi ekvivalent tanlash muammolari va islomiy diniy tushunchalarning ingliz tilidagi interpretatsiyasiga oid ilmiy natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2021–2023-yillarga mo‘ljallangan PF-201912258. O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy loyihasi doirasida foydalanilgan (2025-yil 28-maydagi № 01/4-2178-sonli ma’lumotnomaga asosan). Natijada, dissertatsiyada ilgari surilgan ilmiy xulosalar loyihaning diniy-ma’naviy qismini shakllantirishda metodik asos bo‘lib xizmat qilgan hamda platformadagi kontentni mazmunan boyitishga yordam bergan.
“Qutadg‘u bilig”dagi Allohning go‘zal ismlari, diniy realiyalar va islomiy konseptlarning turkiy muhitda qanday ifodalangani hamda ularning ingliz tiliga tarjima jarayonida yuzaga keladigan semantik, stilistik va madaniy tafovutlar kontekstga mos holda chuqur asoslangani borasidagi xulosa va takliflardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan 2024 yil dekabr hamda 2025 yil yanvar va fevral oylarida efirga uzatilgan “Adabiy jarayon”, “Jahon adabiyoti”, “Ta’lim va taraqqiyot” nomli dasturlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston 24” ijodiy birlashmasi davlat muassasasi tomonidan 2025-yil 3-iyulda berilgan 05-09-802-sonli dalolatnoma). Natijada, mazkur dasturlar tarkibida diniy-madaniy kontentning mazmunan aniq, lingvistik jihatdan asosli va auditoriyaga tushunarli shaklda yoritilishi ta’minlangan.