Sattibaev Iskandar Ilxamiddonovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Poetik tarjimaning kommunikativ-pragmatik va lingvostilistik tadqiqi (Robert Byorns poeziyasining o‘zbek tiliga tarjimalari misolida)”, 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B20252.1.PhD/Fil5771.
Ilmiy rahbar: Egamnazarova Durdona Shuhratillaevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qo‘qon universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.03/25.12.2024.Fil.130.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Dosbaeva Nargiza Turg‘unpo‘latovna, filologiya fanlari doktori, professor; Paluanova Halifa Daribaevna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tarjimaning kommunikativ-pragmatik xususiyatlarini romantizm davri ijodkorlari, xususan, Robert Byorns poeziyasi misolida badiiy uslub, bilvosita (rus tili orqali) va bevosita (asliyat matnidan) tarjima kesimida tahlil qilish va tegishli tavsiyalar berish kabi masalalardan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
poetik tarjimaning konseptual asosi sifatida diskursiv rekonstruksiya tamoyili olinib, u she’riy matnga xos bo‘lgan kommunikativ-pragmatik jihatlarni adekvat tarzda ifodalash, ya’ni mualliflik kommunikativ niyatini, emotsional ohang, stilistik dominantalarni qayta tiklash orqali nafaqat semantik ekvivalentlikni, balki matnning kommunikativ dinamizmi va estetik integralini ham saqlab qolishni ta’minlashi asoslangan;
poetik diskursda muallifning individual uslubi bilan tarjimonning ijodiy interpretatsiyasi o‘rtasidagi stilistik va ekspressiv tafovutlar (leksik tanlov, sintaktik qurilish, ritm va ohang, obrazlilik va metaforika, ekspressivlik darajasi, pragmatik funksiyalar, stilistik dominantalar) lingvopoetik nuqtai nazardan tahlil qilinib, bu jarayonda tarjimonning estetik qarashlari, professional kompetensiyasi va nutqiy pozisiyasining roli aniqlangan;
Robert Byorns poeziyasi tarjimasi orqali she’riy matnni ingliz tilidan o‘zbek tiliga o‘girish strategiyalari ilk bor tizimli ravishda besh muvozanat modeli kesimida (mazmuniy, funksional, struktural, pragmatik va stilistik) asoslab berildi va har bir modelda o‘zaro moslikni ta’minlovchi til vositalari, tarjima strategiyalari va adekvatlik mezonlari dalillangan;
Robert Byorns poeziyasining o‘zbekcha tarjimalarida ohang, qofiya, vazn va ritmni qayta yaratishning poetik imkoniyatlari va o‘zbek she’riy tizimining o‘ziga xos metrik qonuniyatlari ingliz poetikasiga moslashtirilganlik darajasi aniqlanib, asliyat matnidagi milliy konnotatsiyalar, ijtimoiy-madaniy ramziylik va nutq realiyalari o‘zbekcha talqinda qanday ifodalanganligi lingvokulturologik tahlil asosida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya va ishlanmalar asosida:
poetik tarjima jarayonida diskursiv rekonstruksiya tamoyili konseptual asos sifatida she’riy matnning kommunikativ-pragmatik xossalarini tarjimada adekvat tarzda ifodalash, ya’ni mualliflik kommunikativ niyatini, emotsional intonatsiyani, stilistik ustuvorliklarni tarjima tilida qayta tiklash strategiyasi ekanligi xususidagi mulohazalardan ingliz madaniyatiga oid poetik obrazlarni o‘zbek talabalari uchun tushunarli shaklda qabul qilinish mexanizmlarini ishlab chiqishda foydalanilgan. Shuningdek,tarjimada poetik vositalarning ekvivalent transformatsiyasi, xususan, metafora, inversiya, parallelizm kabi stilistik vositalarni adekvat tarzda berilishiga oid xulosalardan Qarshi davlat universitetida 2021-2023 yillarda amalga oshirilgan loyiha shifri SUZ-800-21GR-3181, shartnoma raqami VH33594913 bo‘lgan “Reinforcing English Language competence at Karshi State University” nomli xalqaro grant loyihasi doirasida dissertatsiya materiallari qo‘llanilgan (Qarshi davlat universitetining 2025 yil, 19-may 04-2018 sonli ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tilini loyiha doirasida o‘qitishda a’nanaviy shakllardan chiqib, badiiy tarjima sohasidagi innovatsiyalarga asoslangan hamda madaniyatlararo hamda tillararo hamkorlik va o‘zaro tushunishni o‘z ichiga olgan kommunikativ-amaliy topshiriqlar, ijodiy yozma ishlar, matnli mashqlar tatbiq etildi va shu asosda lisoniy, badiiy tafakkur va nutqiy ijodkorlikni shakllanishiga xizmat qiluvchi yondashuvlar tizimi ishlab chiqildi;
poetik diskursda muallifning individual uslubi bilan tarjimonning ijodiy interpretatsiyasi o‘rtasidagi stilistik va ekspressiv tafovutlar (leksik tanlov, sintaktik qurilish, ritm va ohang, obrazlilik va metaforika, ekspressivlik darajasi, pragmatik funksiyalar, stilistik dominantalar) lingvopoetik nuqtai nazardan tahlili va bu jarayonda tarjimonning estetik qarashlari, professional kompetensiyasi va nutqiy pozisiyasining roli xususidagi ilmiy xulosalardan 2023-2025 yillarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida amalga oshirilayotgan AL-672205602 raqamli “Ko‘zi ojizlar uchun spelling audio dictionary” nomli loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 2025-yil 14-aprel 04-03/317 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, foydalanuvchi interfeysi va eshitish materiali o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan lingvistik tavsiyalar ishlab chiqishda va audio resurslar orqali tinglovchilar nutqini yanada aniqroq anglashiga xizmat qiluvchi tavsiyalar ishlab chiqishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan.
Robert Byorns poeziyasi tarjimasi orqali she’riy matnni ingliz tilidan o‘zbek tiliga o‘girish strategiyalari tizimli ravishda besh muvozanat modeli kesimida (mazmuniy, funksional, struktural, pragmatik va stilistik) asoslanganligi va har bir modelda o‘zaro moslikni ta’minlovchi til vositalari, tarjima strategiyalari va adekvatlik mezonlari to‘g‘risidagi materiallar va ilmiy xulosalardan Germaniyadagi A&A Ausbildung und Arbeit Plus GmbH ilmiy tadqiqot markazida amalga oshirilgan tadqiqot loyihalarida foydalanilgan (A&A Ausbildung und Arbeit Plus GmbH ilmiy tadqiqot markazining 2025-yil 28-mart ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy-amaliy integratsiya natijasida ta’lim markazining o‘quv materiallari boyitilib, badiiy tarjima asosidagi kommunikativ metodika bilan uyg‘unlashtirilgan holda yuqori samaradorlikka erishildi.
Robert Byorns poeziyasining o‘zbekcha tarjimalarida ohang, qofiya, vazn va ritmni qayta yaratishning poetik imkoniyatlari va o‘zbek she’riy tizimining o‘ziga xos metrik qonuniyatlari ingliz poetikasiga moslashtirilganlik darajasi aniqlanganligi, asliyat matnidagi milliy konnotatsiyalar, ijtimoiy-madaniy ramziylik va nutq realiyalari o‘zbekcha talqinda qanday ifodalanganligi oid tahliliy fikrlari va nazariy xulosalaridan “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Agar” dasturi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 23-iyun 01-20/475 sonli ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya materiallari teletomoshabinlarni ingliz tilidagi she’rlarining o‘zbek tiliga tarjima qilishdagi o‘ziga xos xususiyatlari, farqli va o‘xshash jihatlari bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etgan.