Absoatov Yusuf Kadirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Modifikatsiyalangan epoksid oligomerlari asosida antikorrozion qoplamalar va ularning kolloid - kimyoviy xossalari», 02.00.11 - Kolloid va membrana kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/K459.
Ilmiy rahbar: Xolikov Abduvali Jonizoqovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti, PhD.03/30.09.2019.K/T.66.02.
Rasmiy opponentlar: Abdikamalova Aziza Baxtiyarovna, kimyo fanlari doktori; Xoshimov Farxod Fayzullaevich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: modifikatsiyalangan epoksid oligomerlari asosida korroziyaga qarshi qoplamalarni yaratish va ularning kolloid-kimyoviy xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
1,2-propilenkarbonat va 1,3-propilendiaminlar reaksiyalari asosida gidroksiluretan (GUB) va kremniydiuretan (KUB) birikmalari sintez qilinib, olingan natijalar kimyoviy, spektroskopik tahlil usullari bilan isbotlangan;
ε va Ts qiymatlari buyicha hisoblangan choklanish zichligi EUS1, EUS2 va EUS3 namunalari uchun 3,41*10-3; 4,13*10-3; 4,25*10-3 qiymatlarga, SiEUS3 namunasi uchun esa 1,01*10-2 qiymatiga ega bo‘lib, bu nafaqat taranglik modulining oshishi va molekulyar og‘irligining pasayishi, balki qotgan namunalar g‘ovakliligining kamayishi hisobiga zichligini ortishi bilan bog‘liqligi isbotlangan;
EUS1/amin aralashmasining suv yutish darajasi SiEUS1 aralashmasiga qaraganda ancha yuqoriligi, GUB miqdorini yanada oshishi bilan g‘ovaklilik va suvni yutish qiymatlari, bir vaqtning o‘zida KUB modifikatori uchun konsentratsiyani 12-13% ga ortishi bu ko‘rsatkichni yanada pasaytirishi aniqlangan;
epoksid kompozisiyalari tarkibiga kremniyni o‘z ichiga olgan uretanni kiritilishi bilan gel` hosil bo‘lish vaqtini sezilarli darajada kamayishi, ya’ni SiEUS1, SiEUS2 va SiEUS3 namunalari uchun mos ravishda 16,8; 16,7 va 12,0 daqiqani; ES; EUS1; EUS2 va EUS3 namunalari uchun mos ravishda 68,0; 22,4; 24,2 va 20,6 daqiqani tashkil etishi aniqlangan;
past konsentratsiyalarda to‘ldiruvchining kiritilishi ichki kuchlanish qiymatini kamayishiga, konsentratsiyaning 2,5-2,7% ga ko‘tarilishi esa barcha qotgan aralashmalar kuchlanishini keskin ko‘tarilishiga olib kelishi va to‘ldiruvchining dastlabki va modifikatsiyalangan epoksid oligomerlarining tuzilishiga bir xil ta’sir qilishi isbotlangan;
34% amin bilan qotadigan SiEUS3 asosidagi №3-gibrid qoplama eng yuqori deformatsion issiqlikka bardoshli, siqilishda va egilishda mustahkamlikka ega bo‘lib, qotiruvchi miqdorini yana 7-9 m.b. ga ortishi ushbu xossalarni, ayniqsa zarbdor qovushqoqlikni 10-20 % ga oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Epoksid smolasi asosida korroziyaga qarshi qoplamalar olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
propilenkarbonat va propilendiamin asosidagi epoksid smolasi modifikatorlari hamda modifikatsiyalangan oligomerlar asosidagi sanoat oqava suvlari quvurlari va issiqlik almashinuv sig‘imlari uchun himoya qoplamalarini olish usullari «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning «2023-2024 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2022 yil 30 iyundagi AA-4870-son ma’lumotnomasi). Natijada, epoksid smolasi massasining 15% li modifikatordan foydalanish uning adgezion mustahkamligini 1,3-1,4 barobar oshirish imkonini beradi;
modifikatsiyalangan epoksid smolalari asosida antikorrozion qoplamalarini qo‘llash usuli «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJda amaliyotga joriy etilgan (Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJning 2022 yil 27 iyundagi 23.01-01-07/435-son ma’lumotnomasi). Natijada, agressiv muhit ta’siriga qarshi quvurlar sirtining korroziyaga chidamliligini oshirish imkonini bergan.