Tursunova Laylo Dilshatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Diabetik etiologiyali surunkali buyrak kasalligi bor bemorlarda renokardial sindromni davolashni muvofiqlashtirish», 14.00.05 – Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib868.
Ilmiy rahbar: Jabbarov Ozimbay Otaxanovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib 30.02.
Rasmiy opponentlar: Shagazatova Barno Xabibullaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Egamberdieva Dono Abdisamatovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat stomatologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: diabetik nefropatiya negizida rivojlangan surunkali buyrak kasalligi III bosqichi surunkali yurak etishmovchiligi bilan kechganda kombinirlangan davoning yurak struktur-funksional holatiga va buyraklar faoliyatiga ta’sir samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
diabetik nefropatiya negizida rivojlangan surunkali buyrak kasalligi III bosqichidagi surunkali yurak etishmovchiligi bor bemorlar standart davosiga sakubitril va valsartan kombinatsiyasi qo‘shilganda koptokchalar fil`tratsiyasi tezligi pasayishi sekinlashgani aniqlangan;
surunkali buyrak kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda endotelial disfunksiya ko‘rsatkichlari va glikirlangan gemoglobin konsentratsiyasiga ta’siri bo‘yicha neprilizin ingibitorlari afzalligi aniqlangan;
buyrak tomirlari dopplerografiyasi ma’lumotlaridan tezlik ko‘rsatqichlarining ortishi va qarshilik ko‘rsatrichlarining pasayishi intrarenal qon aylanishining yaxshilanishi angiotenzin reseptori va neprilizin ingibitorining ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga asoslangan;
surunkali buyrak kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda kardiorenal sindromni bartaraf etishda kombinirlangan davoning ishonchli ijobiy samara berishi tufayli, chap qorincha sistolik va diastolik disfunksiyasi hamda yurakning remodellanish ko‘rsatkichlarini yaxshilanishi kuzatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Diabetik etiologiyali surunkali buyrak kasalligi bor bemorlarda kardiorenal sindromni davolashni muqobillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan:
diabetik nefropatiya negizida rivojlangan surunkali buyrak kasalligi III bosqichi surunkali yurak etishmovchiligi bilan kechgan bemorlarda kombinirlangan davoning yurak va buyrak struktur funksional holatiga ta’sir samaradorligi bo‘yicha olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan «Surunkali buyrak kasalligi bor bemorlarda angiotenzin-neprilizin reseptorlari ingibitorlarining markaziy gemodinamikaga ta’sirini baholash» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 21 dekabrdagi 8n-z/551-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma nefrologiya va terapiya amaliyotida surunkali buyrak kasalligida buyrak va yurak-qon tomir tizimidagi o‘zgarishlar va davolashni muqobillashtirish orqali kasallik asoratlarini kamaytirish imkonini bergan;
surunkali buyrak kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda kardiorenal sindromni bartaraf etish va avj olib borishiga qaratilgan turli xil davolash sxemalarining samaradorligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi nefrologiya bo‘limi, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi nefrologiya bo‘limi va Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi klinikasining nefrologiya va gemodializ bo‘limlari amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 20 maydagi 08-13649-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar diabetik nefropatiya negizida rivojlangan surunkali buyrak kasalligi surunkali yurak etishmovchiligi bilan kechgan bemorlarda davolashni muqobillashtirish va kasallik avj olib borishini kamaytirish imkonini bergan.