Mirzaxmedova Xulkar Vasilovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Fors va o‘zbek tillarida termin yasash prinsiplari va muammolari (ijtimoiy-siyosiy terminlar misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Fil393.
Ilmiy maslahatchi: Mannonov Abdurahim Mutalovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Dadaboeva Xamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Imomnazarov Muxammadjon, filologiya fanlari doktori, professor; O‘rozboev Abdulla Durdibaevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fors va o‘zbek tillaridagi qo‘llangan ijtimoiy-siyosiy terminlar misolida termin yasashning ISO 704 Xalqaro standartining termin yasash prinsiplari bilan o‘zaro muvofiqligini aniqlash, so‘z yasash usullari va modellarining samarasini belgilash, o‘zbek terminologiyasi uchun termin yasash tartibini taklif qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Evropa va sharq mamlakatlaridagi terminologiya maktab va markazlaridagi termin yasash bo‘yicha nazariy asoslarning ISO 704 Xalqaro standartining qoidalari bilan hamohangligi isbotlangan;
ISO 704 xalqaro standartida belgilangan termin yasash qoidalari al`kalash, birikma termin va abbreviaturalar hosil qilish usullarining fors va o‘zbek tillari terminologiyasidagi termin yasash qoidalari bilan muvofiqligi isbotlangan;
fors va o‘zbek tillarida o‘zlashmalarga muqobil berish maqsadida har ikki tillardagi termin bilan shug‘ullanuvchi tashkilot tomonidan arabcha, forscha, evropa tillaridan o‘zlashgan qatlam taklif qilingan hamda tillarda sinonimiya va stilistik sinonimiya kabi salbiy hodisalar rivoj topgani ochiqlangan;
fors va o‘zbek tillarining termin tanlash bo‘yicha tarkibiy, morfologik, fonetik va sintaktik, abbreviaturalar yasash xususiyatlari jihatidan o‘xshash va termin yasovchi elementlardan foydalanish, milliy termin yasash, kal`kalash jihatidan farqli qirralari kesishmasi isbotlangan;
ISO 704 Xalqaro Standartida abbreviatura yasash bo‘yicha taklif qilingan usullarning Yo‘riqnomada mavjud emasligi, bu jihat fors tilining ichki spesifik-grafik xususiyati bilan bog‘ligi, o‘zbek tilida esa Atamashunoslik qo‘mitasi Nizomida qayd etilgan usullardan tashqari, boshqa usullar bilan qisqartmalar, ayniqsa, toponimlar yasashda o‘zbek tilining so‘z yasash qoidalariga rioya etilmagani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fors va o‘zbek tillarida termin yasalishi, uning nazariy asoslari va tilda qo‘llanilish xususiyatlari tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
“Fors va o‘zbek tillaridagi dublet terminlar va ularni unifikatsiyalash masalasi” bo‘limida keltirilgan ayrim ijtimoiy-siyosiy terminlar va ashyoviy misollar, Evropa va sharq mamlakatlaridagi terminologiya maktab va markazlaridagi termin yasash bo‘yicha ilmiy-nazariy asoslarining ISO 704 Xalqaro standartining qoidalari bilan hamohangligi kabi xulosalardan Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi”da foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qomitasining 2021 yil, 10 sentyabrdagi 2-son ma’lumotnomasi). Natijada fors va o‘zbek tillaridagi ayrim ijtimoiy-siyosiy birikmalar va terminlar tarjimasidagi tafovut va o‘xshash qirralari aniqlanib, tarjimani to‘g‘ri amalga oshirishga asos bo‘lgan;
fors tilidagi terminlarning ishlatilishi, o‘zlash-malarning tildagi ifodasi va ularning o‘zbek tiliga tarjimasi, asl eroniy tillar tarkibi asosida yaratilgan terminlar yuzasidan aytilgan fikrlar asosida “Fors tili” darsligining “Qadimgi va o‘rta fors tili so‘z yasash elementlaridan yasalgan terminlar” bo‘limini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 may 285-son buyrug‘i). Natijada, tadqiqot materiallari qadimgi va o‘rta fors tili so‘z yasash elementlarining termin yasashdagi ishtirokini batafsilroq o‘rganishga zamin yaratgan;
forscha va o‘zbekcha ijtimoiy-siyosiy terminlar, ulardagi dubletlik va ularning matnlarda uchrashi, so‘z yasash modellari asosida yasalgan terminlarning ishlatilishi, tarjima xususiyatlaridan “Chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash sertifikati” taqdim etilishi ko‘zlangan “Fors tili darajasini bilishga oid bo‘lgan testlar” tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test Markazining 2021 yil, 22 noyabrdagi 250-son ma’lumotnomasi). Natijada fors tili darajasini aniqlashga oid testlar tuzishda (leksik va grammatik kompetensiyalar bo‘limida), shuningdek, fors tilini bilishga qaratilgan yozma va og‘zaki kompetensiyalarni aniqlash uchun berilgan vazifalarni shakllantirishga xizmat qilgan;
Fors va o‘zbek tillarida qisqartmalar hosil qilishning ilmiy-faktologik asosi bo‘yicha xulosalaridan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2021 yil 3 dekabrdagi 01-40-1806-son ma’lumotnomasi). Natijada 1989 yilda o‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi, o‘zbek tili terminologiyasida yuz bergan o‘zgarishlar, xususan, o‘zbek tilida qo‘llaniluvchi arab va fors tillardan o‘zlashmalarning semantik ma’nolari, ularning o‘zbek tilida ishlatilishi, yasalgan, qabul qilingan hamda kal`kalangan birikmalarning o‘zbek tili ijtimoiy-siyosiy terminologiyada qo‘llanishi, “Oliy Majlis”, “Vazirlar Mahkamasi”, “axborot”, “oromgoh”, “Yashnaobod” terminlarining semantik chegarasiga e’tibor berilmay ishlatishi, ularning o‘zbek leksikasida tutgan o‘rni to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilmiy-tarixiy dalillar turkum ko‘rsatuvlar tayyorlashga zamin yaratgan.