Mamatov Baxadir Safaralievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasida fuqarolar pensiya ta’minoti tizimini rivojlantirish yo‘nalishlari», 08.00.07 – «Moliya, pul muomalasi va kredit» (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1DSc/Iqt292.
Ilmiy rahbar: Vaxabov Alisher Vasikovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Karlibaeva Raya Xodjabaevna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Umurzakov Baxodir Xamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Sattarov Odiljon Berdimuratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida fuqarolar pensiya ta’minoti tizimini barqaror rivojlantirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat tomonidan kafolatlangan minimal pensiyalar, birdamlik tamoyiliga asoslangan va jamg‘arib boriladigan pensiyalar hamda xususiy pensiyalardan tarkib topgan uch bosqichli pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish taklif etilgan;
respublika byudjetidan transfert shaklida subsidiya ajratish orqali byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining defisitini qoplash asosida uning moliyaviy barqarorligini ta’minlash asoslangan;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etish hamda o‘quvchilarga 23 yoshga to‘lgunga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini to‘lash taklif etilgan;
pensiyani hisob-kitob qilish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirish taklif etilgan;
ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish hamda bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fuqarolar pensiya ta’minoti tizimini rivojlantirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
davlat tomonidan kafolatlangan minimal pensiyalar, birdamlik tamoyiliga asoslangan va jamg‘arib boriladigan pensiyalar hamda xususiy pensiyalardan tarkib topgan uch bosqichli pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2022 yil 29 apreldagi 30-01-01-32/80223007-son ma’lumotnomasi). Natijada, aholining pensiya badalini to‘lashdan manfaatdorligi oshirilgan hamda kelajakdagi pensiya miqdorini o‘zi belgilash imkoniga ega bo‘lgan;
pensiya to‘lovlarini (xarajatlarini) to‘liq va o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlash uchun respublika byudjetidan transfert shaklida subsidiya ajratish orqali byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining defisitini qoplash asosida uning moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 25 dekabrdagi O‘RQ-657-sonli «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021 yil 8 yanvardagi 05/24-01-37/123-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 2021 yilda davlat byudjetidan 12874 mlrd. so‘m pul mablag‘i ajratish orqali Pensiya jamg‘armasi moliyaviy barqarorligining ta’minlanishiga erishilgan;
ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etish hamda o‘quvchilarga 23 yoshga to‘lgunga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini to‘lash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 iyundagi PF-6241-son «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021 yil 8 yanvardagi 05/24-01-37/123-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2021 yilning o‘zida 189067 ta boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchilarning real daromadlarini va ijtimoiy himoyalanishini oshirish imkoniyati yaratilgan;
pensionerlarni ijtimoiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, pensiya miqdori va xodimning mehnat hissasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni oshirish maqsadida pensiyani hisob-kitob qilish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirish tavsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021 yil 8 yanvardagi 05/24-01-37/123-son ma’lumotnomasi). Natijada, yillik o‘rtacha 1,2 trln. so‘m miqdoridagi mablag‘lar pensionerlarning real daromadlarini oshirishga yo‘naltirilishi hisoblangan hamda fuqarolarning mehnat qilish davri davomiyligini rag‘batlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan;
ayollarni yanada qo‘llab-quvvatlash, barkamol avlodni tarbiyalashdagi yuksak mas’uliyatini oshirish maqsadida ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish hamda bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021 yil 8 yanvardagi 05/24-01-37/123-son ma’lumotnomasi). Natijada, 70 foiz ayollarning bola parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hamda bolalikdan nogironligi bo‘lganlarga 18 yoshgacha qaralgan davrning pensiya tayinlashdagi ish stajiga qo‘shib hisoblanishi ularning pensiya miqdorlari oshishiga imkon yaratishi aniqlangan.