Ulug‘muradov Azamat Daminovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hayvonlar brusellyozining serologik va allergik diagnostikasi vosita va usullarini takomillashtirish», 16.00.03 – Veterinariya mikrobiologiyasi, virusologiyasi, epizootologiyasi, mikologiyasi, mikotoksikologiyasi va immunologiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2019.2.PhD/V33.
Ilmiy rahbar: Ruzimurodov Muxiddin Axrorovich, veterinariya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, PhD06/29.10.2021.V.139.01.
Rasmiy opponentlar: Xamdamov Xabibulo Ablokulovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Vafakulov Sadillo Xakimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi har xil tur va virulentlikka ega bo‘lgan Brucella shtammlaridan tayyorlangan antigenlarning faolligi va boshqa ko‘rsatkichlarini qiyosiy o‘rganish natijasida mahalliy AR, KBR va KUBR uchun yagona brusellyoz antigenini hamda allergik tashxislash vositalarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
B.abortus 2017/1, B.melitensis Rev-1 UZ va №9 shtammlari – I-biotipga, B.abortus 104M UZ shtammi – VI-biotipga, referens shtamm B.abortus 544 UZ – III-biotipga, B.melitensis Hovocherkassk-102 UZ shtammi – II-biotipga, B.suis 1330 UZ shtammi esa – I-biotipga mansubligi aniqlangan;
AR va KBR uchun tayyorlangan yagona brusellyoz antigenlarining faolligi brusella anti-abortus milliy agglyutinatsiyalovchi zardobiga muvofiq standartlashtirilgan;
nazoratdagi B.abortus 99 shtammidan tayyorlangan antigen bilan mahalliylashtirilgan B.abortus 104M UZ shtammidan tayyorlangan antigenlarning faollik ko‘rsatkichlari bir xil bo‘lib, ularning B.melitensis Rev-1 UZ, va №9 shtammlaridan tayyorlangan antigenlarga nisbatan yirik donador agglyutinatlar hosil qilishi reaksiya natijalarini hisobga olishda diagnostik xatolarni kamaytirishi aniqlangan;
allergen ishlab chiqarishda brusellalarning epizootik virulent kul`turalariga nisbatan vaksina shtammlarini qo‘llash afzalroqligi va ularda faollik hamda maxsuslik bo‘yicha farq mavjud emasligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hayvonlar brusellyozining serologik va allergik diagnostikasi vosita va usullarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
Brusellyoz diagnostikasi uchun qo‘llaniladigan mahalliy «AR, KBR va KUBR uchun yagona brusellyoz antigeni»ni Ishlab chiqarish reglamenti (IChR), Tashkilot standarti (Ts 05951711-05:2020) va foydalanish qo‘llanmasi belgilangan tartibda Davlat ro‘yxatidan (№VP 0663-21, 02.03.2021 y.) o‘tkazilgan. 2021 yilda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat Qo‘mitasi talabnomasi asosida 100 l preparat ishlab chiqarilib, respublikaning barcha tashxis markazlariga etkazib berilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2021 yil 20 dekabrdagi 02/23-439-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu antigen yordamida o‘tkazilgan serologik reaksiyalarda respublika bo‘yicha, 2021 yilda jami 1022 holatda hayvonlarda brusellyozning o‘tkir va surunkali shakllari aniqlangan;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2018 yil 12 dekabrda «Hayvonlar brusellyoz kasalligining diagnostikasi bo‘yicha ilmiy asoslangan Tizim»i tasdiqlangan va unga «Allergik diagnostika» bo‘limi qo‘shimcha kiritilgan. Amaliyotda barcha hududiy Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari va tashxis markazlarida hayvonlar brusellyozi diagnostikasi bo‘yicha asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilmoqda (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2021 yil 20 dekabrdagi 02/23-439-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘tgan 2021 yilda respublika bo‘yicha tashxis markazlarida serologik tadqiqotlar o‘tkazilib, qoramollarda 655 ta, mayda shoxli hayvonlar 319 ta, otlar orasida 6 ta, itlarda 29 ta holatda kasal hayvonlar aniqlangan;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2021 yil 31 mayda «Xo‘jaliklarda qoramollarni parvarishlash va ularda olib boriladigan veterinariya-sanitariya tadbirlari bo‘yicha qo‘llanma»si tasdiqlanib, amaliyotda Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida aholi shaxsiy xo‘jaliklarida qo‘llanilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2021 yil 20 dekabrdagi 02/23-439-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida shaxsiy, yordamchi xo‘jaliklarida chorvadorlar va aholining brusellyoz profilaktikasi bo‘yicha keng targ‘ibot qilish imkonini bergan.