Allambergenov Anvar Erkabaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek adabiyotida Abu Rayhon Beruniy obrazi talqinlarining qiyosiy tahlili (Nasriy asarlar misolida)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil.705.
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Hamroqulov A’zam Shermuhammedovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek adabiyotida, xususan nasriy asarlarda Abu Rayhon Beruniy obrazi poetik talqini orqali yozuvchilar tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima mutanosibligiga qanchalik e’tibor qaratganligini, mualliflarning mahoratini, asarlardagi mushtarak va o‘ziga xos jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijodkorlar tomonidan xilma-xil janr va uslubda yaratilgan asarlarda tarixiylik tamoyili orqali uch muhim omil – muhit, muammo va shaxs qiyofasining xolis yoritilganligi, tarixiy talqin ijodkor dunyoqarashi, estetik baholash mezoni va tasvirlash prinsipi bilan uyg‘unlashtirilganligi, hayot haqiqati va badiiy to‘qima munosabati me’yoriga rioya qilinganligi, shuningdek, konseptual asosga ega bo‘lgan muallif adabiy pozisiyasi ko‘rsatilgan;
Abu Rayhon Beruniy haqidagi tarixiy materiallar, shuningdek, allomaning o‘z asarlari orqali bizgacha etib kelgan ma’lumotlarning badiiy adabiyotdagi in’ikosidan kelib chiqqan holda davr va tarixiy shaxs konsepsiyasi, ijodkor individualligi, talqinlararo o‘ziga xoslik hamda mushtaraklik masalalarining umumlashma holati ko‘rsatib berilgan;
tarixiy shaxsning badiiy talqinida poetik nutq, manzara, falsafiy idrok va obraz mantig‘iga ko‘ra bir-biridan ajralib turadigan ijod namunalarida shaxs maqomi tamomila yangilanganligi har bir ijodkorga xos poetik mahorat belgilarining o‘zaro muqoyasasi asosida dalillangan;
Abu Rayhon Beruniy obrazi talqinlari misolida tarixiy haqiqatning badiiy haqiqatga aylanishi nuqtai nazaridan o‘zbek adabiyotshunosligida tarixiy shaxs obrazi yaratilishining asosiy tamoyillari belgilab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek adabiyotidagi Beruniy obrazi talqinlari qiyosiy tahlili natijalari asosida:
o‘zbek nasrida Beruniy obrazi talqinlari asosida tarixiy shaxs obrazini yaratish tamoyillari, tarixiy shaxs obraziga yondashuv masalasi, tarixiy asar badiiyati hamda yozuvchilarning badiiy mahorati masalariga oid xulosalardan O‘zR Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida amalga oshirilayotgan OT-F1-77 “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” (2017–2021 yy.) fundamental ilmiy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2021 yil 13 avgustdagi 3/1255-2241-son ma’lumotnomasi). Natijada Mirkarim Osimning “Jayxun ustida bulutlar” qissasining mazkur ilmiy loyhada tayyorlangan yangi nashrida tarixiy shaxs obrazi xususan Beruniy siymosi haqida batafsil ma’lumot berishga erishilgan;
yangi o‘zbek nasrida tarixiy shaxslar obrazining yaratilishi, bugungi globallashuv jarayonida tarixiy shaxslar, xususan, Abu Rayhon Beruniy obrazining badiiy adabiyotda yoritilishini o‘rganishda “Tarixiy haqiqat va turfa talqinlar”, “Qissalarda daho qismati”, “Abu Rayhon Beruniyning epizodik obraz sifatidagi talqini” kabi maqolalaridagi qiyosiy tahlillardan Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan OT-F1-80 “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” (2012-2016 yy.) fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2021 yil 13 avgustdagi 3/1255-2241-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy shaxs obrazi va zamonamiz qahramonlari obrazlarini qiyosiy tekshirish imkoniyati yanada aniqlashtirilgan;
Abu Rayhon Beruniy obrazi talqinlarining qiyosiy tahliliga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” telekanalida tayyorlab, efirga uzatilgan ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarda, xususan “Ta’lim va taraqqiyot” hamda “Ibratga yo‘g‘rilgan umr” tele ko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” telekanali davlat unitar korxonasining 2021 yil 26 yanvardagi 02-13-110-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarda ko‘tarilgan adabiy masalalarning ilmiy asosi ta’minlangan;
o‘zbek adabiyotida Abu Rayhon Beruniy obrazini ochib berishda, o‘ziga xos talqin qilishda yozuvchi va shoirlarning uslubiy o‘ziga xosligi haqidagi tahliliy natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Navolarda so‘z jarangi”, “San’at va biz” kabi radio eshittirishining efirga uzatilgan qator sonlarining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2021 yil 14 yanvardagi 04-25-61-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi o‘zbek adabiyotida ijodkorlarning turli janrlardagi ijodiy izlanishlari haqidagi kuzatishlar radio tinglovchilarning qiziqishini orttirgan, tarixiy asarlar va tarixiy shaxs obrazi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha turli adabiy, madaniy-ma’rifiy eshittirishlar saviyasini yanada orttirishga xizmat qilgan;
tarixiy shaxs obrazini talqin qilishda hayot haqiqat va badiiy to‘qima munosabatini tartibga solish, konseptual asosga ega bo‘lgan muallif adabiy pozisiyasini aniqlashga oid xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Nasr kengashi hisobot yig‘ilishlarida, adabiy to‘garak faoliyatlarida, adabiy kechalar, yosh nosirlar mahorat darslarida, yosh ijodkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvlarda tadqiqot natijalaridan unumli foydalanilgan (Yozuvchilar uyushmasining 2021 yil 18 fevraldagi 09-31/07-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh nosirlarga tarixiylik tamoyillariga xolislik bilan yondoshish kerakligi, tarixiy haqiqatga putir etkazish yaxshilik keltirmasligi ko‘rsatib berilgan.