Hamidov Nurmuhammad Orif o‘g‘li
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Ayrim transmilliy uyushgan jinoyatlar uchun javobgarlik: jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlar», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Yu445
Ilmiy rahbar: Salaev Nodirbek Saparbaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Kabulov Rustam; yuridik fanlar nomzodi Muxtorov Nodirjon Ilxomjonovich.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ayrim transmilliy uyushgan jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish hamda javobgarlikni, sohaga oid normativ-huquqiy bazani, jinoyat huquqi va kriminologiya nazariyasini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
giyohvandlik vositalari analoglarini bojxona chegarasidan o‘tkazish kontrabanda jinoyatining tarkibini tashkil qilishi lozimligi asoslantirilgan;
giyohvandlik vositalari analoglari ta’sirida jinoyat sodir etilishi jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanishi zarurligi asoslantirilgan;
moliyaviy operatsiyalar o‘tkazish yoki bitim tuzish orqali sodir etilgan jinoiy daromadlarni legallashtirish faoliyatining tugallanish vaqtini belgilashga oid Oliy sud Plenumi qarori tushuntirishi berilishi lozimligi asoslantirilgan;
terrorizmni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash zarurligi asoslantirilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Transmilliy jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikni takomillashtirishni tadqiq etish natijalari asosida:
terrorizmni moliyalashtirish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1553-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari Qo‘mitasining 2021 yil 12 yanvardagi 06/1-05-3703-son dalolatnomasi). Ushbu takliflar terrorchilik tashkilotining mavjud bo‘lishini, faoliyat ko‘rsatishini, moliyalashtirilishini, terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishni yoki O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishni ta’minlashga, terrorchilik harakatini tayyorlash va sodir etishga, terrorchilik tashkilotlariga yoxud terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablag‘-vositalarni, resurslarni berishga yoki yig‘ishga, boshqa xizmatlar ko‘rsatishga qaratilgan faoliyat terrorizmni moliyalashtirish sifatida baholanib, buning uchun jinoiy javobgarlik belgilanishiga xizmat qilgan;
kontrabanda jinoyatida nafaqat giyohvandlik vositalari, balki ularning analoglari ham jinoyat predmeti sifatida jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasining birinchi va ikkinchi qismida, Jinoyat kodeksining Sakkizinchi bo‘limida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 16 noyabrdagi 12/21-44-son dalolatnomasi). Ushbu takliflar giyohvandlik vositalarining analoglarini O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish kontrabanda sifatida baholanib, jinoiy javobgarlik belgilanishiga hamda jinoyat qonunchiligiga giyohvandlik vositalarining analoglari tushunchasini kiritishga xizmat qilgan;
giyohvandlik vositalari bilan bir qatorda ularning analoglari ta’sirida jinoyat sodir etishning jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanishi kerakligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 56-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 16 noyabrdagi 12/21-44-son dalolatnomasi). Ushbu taklif giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishiga va adolatli jazo tayinlanishiga xizmat qilgan.
moliyaviy operatsiyalar o‘tkazish orqali daromadlarni legallashtirish maqsadida shaxs jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘laridan tovarlar uchun hisob-kitob qilish yoki maydalashda foydalangan yoxud pul mablag‘larini o‘tkazish haqida bankka farmoyish taqdim etgan vaqtdan boshlab tugallangan hisoblanishi, shuningdek daromadlarni legallashtirish bitim tuzish orqali amalga oshirilganida, jinoyat aybdor shaxs tomonidan bitim natijasida vujudga kelgan majburiyatlarning hech bo‘lmaganda bir qismi bajarilgan yoki huquqlarning hech bo‘lmaganda bir qismidan foydalangan paytdan boshlab tugallangan deb hisoblanishi to‘g‘risidagi takliflar 2021 yil 10 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 23-son qaroriga asosan 2011 yil 11 fevraldagi «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 1-sonli qarorining 3.1. bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 25 noyabrdagi 11-73-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish va qilmishning tugallangan vaqtini aniqlashga xizmat qilgan.