Odilov Islomjon Komiljon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mineral o‘g‘itlar me’yorlarini qand lavlagidan urug‘ hosili olishdagi samaradorligi (Namangan viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida)”, 06.01.04 - Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Qx559.
Ilmiy rahbar: Sulaymonov Inomjon Jamoldinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Xusniddin Nagimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Mirzaev Lutfillo Arabjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Namangan viloyati sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida qand lavlagidan yuqori va sifatli urug‘ hosili olishni ta’minlaydigan maqbul o‘g‘it qo‘llash me’yorlarini hamda ushbu me’yor fonida tuproqda hosil bo‘lgan harakatchan (N-NO3:R2O5:K2O) oziqa moddalarini o‘simlik, ildiz va ang‘iz tarkibidagi NRK miqdorlarini aniqlash asosida tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qand lavlagining onalik ildizmevasini sovuqda nobud (96% saqlab qolingan) bo‘lmasligiga qaratilgan innovatsion agrotexnologiya (chuqur kul’tivatsiya qilib onalik ildizmevani ustini yopish) ishlab chiqilgan;
sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida mineral o‘g‘itlarni N200R150K200 kg/ga me’yorlarda qo‘llanilishi natijasida qand lavlagi urug‘ining unuvchanligi 94 foizga etishi ilmiy asoslangan;
qand lavlagini shonalash fazasida tuproq tarkibida azot – 14,3 mg/kg, fosfor – 27,4 mg/kg, kaliy – 240 mg/kg bo‘lganda yuqori urug‘ olinishi isbotlangan;
qand lavlagi urug‘ini pishib etilish fazasida o‘simlik tarkibida oziqa elementlar miqdori N-158,2: P-116,8: K-153,4 kg/ga (1:0,7:0,9 nisbatda) bo‘lsa 24 foiz yuqori hosil shakllanishga imkon yaratilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qand lavlagining urug‘ hosili sifatini oshirishda mineral o‘g‘itlarning ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
«Qand lavlagidan urug‘lik olishning innovatsion agrotexnologiyalarida mineral o‘g‘itlarning samaradorligi» nomli tavsiyanoma ishlab chiqilib Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jalik vazirligining 2021 yil9 sentyabrdagi №02/025-3742-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanoma viloyatdagi fermer va dexqon xo‘jaliklarida mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish orqali qand lavlagidan sifatli urug‘lik olishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida parvarishlanadigan qand lavlagidan yuqori urug‘ hosilini shakllantirishda mineral o‘g‘itlarning maqbul (N200P150K200) me’yorlari Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Bog‘i oqibat» fermer xo‘jaligining 2,1 ga, «Davronbek Shoyadbek» fermer xo‘jaligining 2,6 ga, «Olimobot» fermer xo‘jaligining 1,4 ga maydonlarida va Chortoq tumanidagi «Jamshid Ibroxim Shoxjaxon» fermer xo‘jaligining 1,5 ga, «Olimjon Abdug‘ani Abduvali» fermer xo‘jaligining 1,8 ga, «Paxlavon Rustam Satimboy» fermer xo‘jaligining 1,2 ga, «Buvaboy Robaxon fayzi» fermer xo‘jaligining 1,4 ga, jami 12 ga maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jalik vazirligining 2021 yil 9 sentyabrdagi №02/025-3742-son ma’lumotnomasi). Natijada, qand lavlagining urug‘ hosili uchun mineral o‘g‘itlar me’yorlarini to‘g‘ri belgilanishi hisobiga xo‘jalikda olinayotgan hosilga nisbatan gektariga 2,1 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan.