Juroev Alijan Abdig‘anievichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mineral o‘g‘itlar me’yorlari hamda ekish usullarini takroriy ekilgan qand lavlagi ildizmeva hosili va sifatiga ta’siri”, 06.01.04 - Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Qx273.
Ilmiy rahbar: Sulaymonov Inomjon Jamoldinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Niyazaliev Begali Irsalievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Bairov Abdunabi Jo‘raevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Andijon viloyati sug‘oriladigan bo‘z–o‘tloqi tuproqlari sharoitida biogumusli kapsula bilan kapsulalangan urug‘larni ekish hamda mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yorlarini belgilash orqali takroriy ekilgan qand lavlagidan yuqori va sifatli ildizmeva hosilini olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan bo‘z–o‘tloqi tuproqlar sharoitida takroriy ekilgan qand lavlagidan yuqori va sifatli ildizmeva va barg hosili etishtirish bo‘yicha maqbul mineral o‘g‘it (N200P150K200 kg/ga) me’yorlari va kapsulalab (biogumus va tuproq 75/25) ekish usuli ishlab chiqilgan; 
yuqori va sifatli qand lavlagi ildizmeva hamda barg hosili shakllanishi uchun ildizmeva rivojlanishi fazasida tuproqda harakatchan oziqa elementlarning (N–24,1 mg/kg: P–30,1 mg/kg: K–216,7mg/kg) maqbul miqdorlari aniqlangan;
qand lavlagini vegetatsiya davrida oziqa elementlarga eng yuqori bo‘lgan (ildiz meva rivojlanish davrida N–149,6 mg/kg: P–83,8 mg/kg: K–137,2 mg/kg) talabi va nisbat (1:0,6:0,9)lari ilmiy asoslangan;
sug‘oriladigan bo‘z–o‘tloqi tuproqlarda harakatchan oziq moddalarning maqbul miqdori, qand lavlagining o‘sib–rivojlanishi, quruq massa to‘plashi, oziq moddalarni o‘zlashtirishi, yuqori va sifatli ildizmeva hamda barg hosili shakllantirishini belgilaydigan mineral o‘g‘itlar qo‘llashning maqbul tizimi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Takroriy ekilgan qand lavlagining ildizmeva va barg hosili sifatini oshirishda ekish usullari, mineral o‘g‘itlarning ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
«Takroriy ekilgan qand lavlagi etishtirishda mineral o‘g‘itlar me’yori va ekish usullarining ahamiyati» nomli tavsiyanoma ishlab chiqilib Andijon viloyatining Izboskan va Paxtaobod tumanlarining qishloq xo‘jaligi bo‘limlarida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 11 martdagi 02/025–1007–son ma’lumotnomasi). Natijada, kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida qand lavlagi urug‘lari turli nisbatda biogumus va tuproq aralashmasi bilan kapsulalab ekilgan hamda mineral o‘g‘itlardan maqbul me’yorlarda foydalangan holda tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha tadbirlarni belgilashda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
qand lavlagi urug‘ini ekishdan oldin 80–100 foiz namlab, 75 foiz biogumus va 25 foiz tuproq aralashmasi bilan kapsulalab takroriy ekin sifatida ekilgan hamda mineral o‘g‘itlar N200P150K200 kg/ga me’yorda qo‘llash texnologiyasi Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi «Chuama iftixori» fermer xo‘jaligida 13 ga, «Abdurayimjon zamin yutug‘i» fermer xo‘jaligida 14 ga va Paxtaobod tumanidagi «Xolpolvon Ne’mat» fermer xo‘jaligida 12 ga, «Tulpor» fermer xo‘jaligida 9 ga, «Yulduzxoji chorvasi» fermer xo‘jaligida 8 ga, jami 56 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 11 martdagi 02/025–1007–son ma’lumotnomasi). Natijada, qand lavlagidan 372 s/ga ildizmeva hosili va 83 s/ga ozuqabop barg hosili olingan;
qand lavlagi urug‘ini ekishdan oldin 80–100 foiz namlab, 100 foiz biogumus bilan kapsulalab takroriy ekin sifatida ekilgan hamda mineral o‘g‘itlar N150P100K150 kg/ga me’yorda qo‘llash texnologiyasi Andijon viloyati Izboskan tumani «Abdug‘aniev Azizbek» fermer xo‘jaligida 12 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 11 martdagi 02/025–1007–son ma’lumotnomasi). Natijada, qand lavlagidan 314 s/ga ildizmeva hosili va 89 s/ga ozuqabop barg hosili  olingan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish