Nazirov Baxtiyor Safarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbekistonda jismoniy madaniyat va sport tarixi (XX asr – XXI asr boshlarida Surxon vohasi misolida)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tar675.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Tursunov Saypulla Narzullaevich, tarix fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Muminova Gavhar Esanovna, tarix fanlari doktori, professor, Pardaev Toshkentboy Rajabovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda jismoniy madaniyat va sportning XX asr va XXI asr boshlaridagi tarixini Surxondaryo viloyati misolida ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sovetlar davrida Surxondaryo viloyatida sportni harbiy maqsadlarga moslashtirilishi natijasida Sherobod, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Boldir, Iskra, Pattakesar inqilobiy qo‘mitalari joylashgan manzillarda harbiylashtirilgan sport turlari bilan shug‘ullanilganligi hamda sovetlar davri g‘oyalari asosida «Sovet hokimiyati nima?», «Harbiy xizmatga tayyorgarlik» va «Kommunizmning alifbosini o‘qish» kabi g‘oyalarning targ‘ib qilinganligi aniqlangan;
viloyatdagi mahalliy ommaviy axborot vositalari (Ilg‘or Surxon» gazetasi va boshqalar)da asosan sovet davriga xos bo‘lgan «Jismoniy tarbiya haftaligi», «Umumiy harbiy ta’lim kuni», «Mudofaa haftaligi» mavzularidagi sport musobaqalarini yoritishga katta e’tibor qaratilganligi, sportga siyosiy-g‘oyaviy tus berilganligi dalillangan;
Boysundagi Darband ot sport klubidan ikkinchi jahon urushi yillarida safarbar qilingan Terek laqabli otning Rossiyadagi Don daryosi qirg‘oqlaridan Avstriyaning Vena shahrigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tganligi, Termiz otchopari sport maktabida tayyorlangan “Boks”, “Bazzafil”, “Bedakur” laqabli otlarning xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etganligi dalillangan;
covet hukumati mahalliy millat vakillarining an’anaviy o‘yinlari, asriy tajriba asosida shakllangan sport turlarini tan olmaganligi natijasida o‘zbek xalqining g‘ururiga aylangan kurash va uloq musobaqalari tor doirada asosan oilaviy marosimlar va hosil bayramlarida o‘tkaziladigan musobaqa turlariga aylanib qolganligi aniqlanib, milliy kurashda Surxon polvonlari tomonidan qo‘llanilgan “yonbosh”, “to‘g‘anoq”, “qoqma”, “o‘rama”, “qo‘shsha”, “siltab otish” kabi usul nomlari bugungi kunda dunyo miqyosida keng tarqalganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston jismoniy madaniyat va sport tarixi tadqiq etilishi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
jismoniy madaniyat va sport madaniy–ma’naviy sohaga mafkuraviy ta’sir o‘tkazishning muhim vositasi deb qaralgan mustabid sovet tuzumi sharoitida mazkur sohada milliy kadrlar tayyorlash masalasida jiddiy tanazzul yuz berganligi, mahalliy mutaxassislarga munosabat kabi manbalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi» fondini, shuningdek, Termiz davlat universiteti tuzilmasidagi «Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi» ekspozisiyasining «Sovetlar hokimiyati davri» nomli bo‘limi fondini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2020 yilning 16 oktyabrdagi 74-son ma’lumotnomasi). Bu arxiv hujjatlarining nusxalari, surgun qilinganlar, kadrlar siyosati bo‘yicha nohaq ayblanganlarning sport sohasida amalga oshirgan ishlarining fotosuratlari va shaxsiy hujjatlari, shuningdek, og‘zaki tarix materiallari ekspozisiyaning yanada qiziqarli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etishga xizmat qilgan;
mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, sport bilan shug‘ullanishni ommaviy harakatga aylantirish, milliy va an’anaviy sport turlarini tiklash va modernizatsiya qilish, olimpiya o‘yinlari va xalqaro sport musobaqalarida sportchilarimiz qo‘lga kiritgan yutuqlarining mazmun mohiyatini Surxondaryo viloyati sportchilari faoliyati yuzasidan olingan xulosalardan Surxondaryo viloyati turizm va sport boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi vazifalarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbuslardan biri bo‘lgan yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni tashkil etishda, shuningdek, viloyatdagi mutasaddi jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari o‘zlarining g‘oyaviy-tarbiyaviy, ma’rifiy va targ‘ibot ishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligining 2021 yilning 4 oktyabrdagi 03-17-02/8087-son ma’lumotnomasi). Natijada, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, sport bilan shug‘ullanishni ommaviy harakatga aylantirish va xalqaro sport musobaqalarida Surxon vohasi sportchilarni qo‘lga kiritgan yutuqlari haqidagi ma’lumotlarni yoritib berishga xizmat qilgan;
mustabid tuzumning dastlabki yillaridagi jismoniy madaniyat va sport sohasidagi siyosati va ushbu sohaga munosabati, Surxon vohasidagi jismoniy madaniyat sport tarixining rivojlanishidagi natijalar, mustaqillik yillaridagi Surxon vohasidagi islohotlar va ularning amaliy ahamiyati, yangi O‘zbekiston sharoitida jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash va aholi salomatligini mustahkamlash yuzasidan qabul qilingan huquqiy normativ hujjatlar bilan bog‘liq ko‘rsatuvlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 27 noyabrdagi 02-40-1181-son ma’lumotnomasi). Natijada, sovet hukumatining jismoniy tarbiya va sport sohasida yuritgan siyosati, bunda hududning lokal xususiyatlarini inobatga olmasligi tufayli an’anaviy milliy sport turlarini e’tibordan chetda qolishi bilan bog‘liq jihatlar ochib berishga xizmat qilgan.