Raximov Avazbek Xolmamatovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Irrigatsiya eroziyasiga uchragan tuproqlarning unumdorligi va g‘o‘za hosildorligini oshirishda takroriy ekinlar hamda o‘g‘itlarni qo‘llash samaradorligi», 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2021.4DSc/Qx73.
Ilmiy maslahatchi: Nurmatov Shermat Nurmatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Salomov Shavkat Turabovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ibragimov Odiljon Olimjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xoshimov Ibrohim Nabievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining sharoitida qisqa navbatli almashlab ekish 1:1 (g‘o‘za:g‘alla) tizimida takroriy ekinlar (perko,suli va no‘xat aralashmasi, makkajo‘xori, soya, kartoshka)ga mahalliy o‘g‘itlar va organo-ma’dan kompostlarni turli me’yorlarda qo‘llash orqali irrigatsiya eroziyasiga uchragan tuproqlarning unumdorligini oshirish va g‘o‘zadan yuqori hamda sifatli hosil olishni ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qisqa navbatli almashlab ekish (1:1) tizimida takroriy ekinlarda mahalliy o‘g‘itlar (go‘ng) va organo-ma’dan kompostlarning irrigatsiya eroziyasiga chalingan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida tuproqni o‘rtacha yuvilgan qismida, nishabligi 2,00 bo‘lganda (ko‘k oziqa uchun soya hamda perko, suli, no‘xat aralashmalariga 40 t/ga go‘ng, don uchun soya va tuganak hosili uchun kartoshkaga 15 t/ga kompost) hamda qiyalikdan yuvilib tushgan tuproq zarrachalari o‘tirgan pastki qismlarida (don uchun soyaga 10 t/ga, tuganak uchun kartoshkaga 15 t/ga) kompost qo‘llanilishi maqbul ekanligi aniqlangan;
kuzgi bug‘doydan so‘ng takroriy ekilgan ekinlar va ularga qo‘llanilgan mahalliy o‘g‘it, organo-ma’dan kompostlar tuproqning suv-fizik xossalariga, ya’ni qiyaligi 1,50 bo‘lgan tuproqlarning haydov (0-30 sm) qatlamida suvga chidamli makroagregatlar miqdori 13,8%, hajm massasi 1,333 g/sm3 va g‘ovakligi 50,6% ni, qiyalik 2,00 bo‘lganda ushbu ko‘rsatkichlar tegishlicha 20,0%, 1,354 g/sm3 va 49,9% ni, qiyalikdan yuvilib tushgan tuproq zarrachalari o‘tirgan pastki qismida esa 21,8%, 1,327 g/sm3 va 50,9% ni tashkil etib, soya o‘simligi ko‘k massa yoki don uchun ekilganda 40 t/ga go‘ng va 10-15 t/ga kompost qo‘llash maqbulligi aniqlangan;
tuproqlarning o‘rtacha yuvilgan va qiyalikdan yuvilib tushgan tuproq zarrachalari o‘tirgan pastki qismlarida mahalliy o‘g‘it, organo-ma’dan kompostlar qo‘llanilishi natijasida tuproqning qovushqoqligi ortishi hamda suv o‘tkazuvchanligi yaxshilanishi hisobiga takroriy ekinlar va g‘o‘zani sug‘orishda yuvilgan loyqa miqdori 5-10% ga va ular tarkibidagi oziqa moddalarning miqdorlari 10-15% ga kamroq yo‘qotilishi isbotlangan;
takroriy ekinlarga 40 t/ga go‘ng, 15 t/ga kompost qo‘llash natijasida tuproqning suv-fizik xossalari (suvga chidamli makroagregatlar miqdori oshib, hajm massasi 0,024 g/sm3 ga kamayishi va g‘ovakligi 0,89% ga ko‘payishi) va agrokimyoviy xususiyatlari (azot-4,2 mg/kg, o‘zlashtiriladigan fosfor-1,3 mg/kg va almashinuvchi kaliy-10 mg/kg gacha oshishi) yaxshilanishi sababli takroriy ekinlarning o‘sishi, rivojlanishi tezlashib, hosildorlikning oshishi aniqlangan;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida mahalliy o‘g‘itlar va organo-ma’dan kompostlarni takroriy ekinlarda qo‘llanilishi natijasida gumus miqdorining ortishi hisobiga keyingi yil g‘o‘zada 25 foizgacha o‘g‘itlar tejalishi va iqtisodiy samaradorlik ortishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Irrigatsiya eroziyasiga uchragan tuproqlarning unumdorligi va g‘o‘za hosildorligini oshirishda takroriy ekinlar hamda o‘g‘itlar qo‘llash samaradorligini aniqlashga qaratilgan tadqiqot natijalari asosida:
Respublikamizning paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun “Tuproq unumdorligi va ekinlar hosildorligini oshirishda organik o‘g‘itlar va kompostlar qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 2 fevraldagi 02/022-04/32-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma respublikamizda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarida asosiy hamda takroriy ekinlardan yuqori va sifatli hosil etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan (qiyalik darajasi 1,50) tipik bo‘z tuproqlar sharoitida 1:1 (g‘o‘za:g‘alla) tizimida kuzgi bug‘doydan so‘ng takroriy ekinlar (ko‘k massa uchun perko, suli, no‘xat aralashmasi, soya)ga 40 t/ga mahalliy o‘g‘itlar qo‘llash va kelgusi yili paxta etishtirish texnologiyasi Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 32,6 gektarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 2 fevraldagi 02/022-04/32-son ma’lumotnomasi). Natijada takroriy ekin sifatida etishtirilgan perko, suli va no‘xat aralashmasidan 396,7-412,5 s/ga ko‘k massa hosili va kelgusi yili parvarishlangan g‘o‘zadan 37,6-38,5 s/ga paxta hosili olingan va mahalliy o‘g‘it evaziga 2,6-3,0 s/ga, takroriy ekindan 1,6-1,9 s/ga qo‘shimcha hosil olinib, rentabellik darajasi 36,4-38,7% ni tashkil etgan. Takroriy ekin soyadan esa 218,6-245,5 s/ga ko‘k massa va kelgusi yilida g‘o‘za parvarishlanganda 38,5-39,2 s/ga paxta etishtirildi va qo‘llanilgan mahaliy o‘g‘itdan 2,8-3,1 s/ga, takroriy ekin soyadan 2,0-2,3 s/ga qo‘shimcha paxta hosili olingan va rentabellik darajasi 39,8-41,2% ni tashkil etgan;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida tuproqni o‘rtacha yuvilgan (qiyalik darajasi 2,00) va qiyalikdan yuvilib tushgan tuproq zarrachalari o‘tirgan pastki qismilarida qisqa navbatli almashlab ekishning 1:1 (g‘o‘za:g‘alla) tizimida kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda don hosili uchun parvarishlangan soyaga qiyalik darajasiga mos ravishda 15 va 10 t/ga organo-ma’dan kompost qo‘llash va kelgusi yili g‘o‘za parvarishlash agrotexnologiyasi Toshkent viloyatining Yuqori chirchiq tumanida 25,7 gektarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 2 fevraldagi 02/022-04/32-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqni o‘rtacha yuvilgan va qiyalikdan yuvilib tushgan tuproq zarrachalari o‘tirgan pastki qismida takroriy soyadan tegishlicha 25,8-26,4 va 28,2 s/ga don hosili olinib, kelgusi yilida g‘o‘za parvarishlanganda 37,9-38,2 va 37,1 s/ga paxta hosili olinib, shundan organo-ma’dan kompost evaziga tegishlicha 6,6-7,1 va 5,8 s/ga va takroriy ekindan 3,2-2,9 hamda 4,8 s/ga qo‘shimcha paxta hosili olingan. Rentabellik darajasi 38,3; 39,6 va 40,9% ni tashkil etgan;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida tuproqni o‘rtacha yuvilgan (qiyalik darajasi 2,00) va qiyalikdan yuvilib tushgan tuproq zarrachalari o‘tirgan pastki qismilarida qisqa navbatli almashlab ekishning 1:1 (g‘o‘za:g‘alla) tizimida kuzgi bug‘doydan so‘ng tuganak hosili uchun parvarishlangan kartoshkaga tuproqni har ikki qismiga 15 t/ga organo-madan kompost qo‘llash va keyingi yilgi paxta hosildorligiga ta’siri borasidagi agrotadbirlar Toshkent viloyatining Chinoz tumanida 30,1 gektarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 2 fevraldagi 02/022-04/32-son ma’lumotnomasi). Natijada dalani qiyalik darajasiga mos ravishda gektaridan 26,28; 25,94 va 27,16 t/ga tuganak hosili olingan. Kelgusi yili ushbu maydonda g‘o‘za parvarishlanganda paxta hosili 37,1; 36,8 va 38,4 s/ga ni tashkil etgan, organo-ma’dan kompost evaziga 6,1; 5,9 va 5,1 s/ga ga va takroriy ekindan 2,8; 2,4 va 1,1 s/ga qo‘shimcha paxta hosili olinib, rentabellik darajasi tegishlicha 31,4; 29,9 va 33,4% ni tashkil etgan.