Abdullaev Temurbek Marufjonovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qishloq xo‘jalik maxsulotlarini mikroiqlim va saralashdagi texnologik parametrlarni nazorat qilish va boshqarishning intellektual ko‘p funksiyali optoelektron o‘zgartirgichlari», 05.03.01- Asboblar. O‘lchash va nazorat qilish usullari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T1144
Ilmiy rahbar: Shipulin Yuriy Gennad`evich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Plaxtiev Anatoliy Mixaylovich, texnika fanlari doktori, professor; Aliev Ravshan Maratovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: saralash qurilmalarini takomillashtirish va intellektuallashtirish asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash omborlaridagi mikroiqlim parametrlarini nazorat qilish va boshqarish tizimlarining ko‘p funksiyali optoelektron o‘zgartirgichlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
muhitni harorat maydonining hisobi asosida meva va sabzavot omborlarida o‘zgartirgichlarni ratsional joylashtirish model va usullari ishlab chiqilgan;
sanoat sharoitida meva va sabzavotlarni rangi bo‘yicha identifikatsiyalovchi ko‘p funksiyali optoelektron saralash o‘zgartirgichlarining xarakteristikalari tadqiq etilgan hamda ikki bosqichli tanlov usuli asosida nazorat tizimining sifatini baholash usul va algoritmlari ishlab chiqilgan;
sezgirlik, nochiziqlilik va o‘zgarish xatoligi kabi asosiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish imkonini beruvchi, ko‘p funksiyali optoelektron o‘zgartirgichlarning optik geometriya konuni asosida statik va dinamik modellari ishlab chiqilgan;
optimal parametrlarni tanlash asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashda mikroiqlim va saralash parametrlarini nazorat va boshqarishda ko‘p funksiyali optoelektron o‘zgartirgichlarni strukturaviy va parametrik sintezli loyixalash jarayonining algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlashda mikroiqlim va saralashdagi texnologik parametrlarni nazorat qilish va boshqarishning intellektual ko‘p funksiyali optoelektron o‘zgartirgichlarini ishlab chiqish natijalari asosida:
ob’ektlarning qiyalik burchagi va yo‘nalishining optoelektron o‘zgartirgich qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 05561, 2018 y.). Natijada, omborlardagi meva va sabzavot poddonlarini gorizontal o‘rnatishning aniqligi 12% ga oshdi;
optoelektron chiziqli siljish o‘zgartirgich qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 05858, 2019 y.). Natijada, meva va sabzavotlarni saralashning aniqligi 10% ga oshdi;
meva-sabzavot omborlaridagi mikroiqlim parametrlarini nazorat qilish va boshqarish uchun intellektual ko‘p funksiyali optoelektron qurilmasi “Rustam” fermer xo‘jaligida joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 20 sentyabrdagi 05/032-3789 - son ma’lumotnomasi). Natijada, moddiy va energo resurslarni qisqarishiga va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sifatini, o‘lchash aniqligini (xatolik 0.3%) oshishiga erishilgan.