Kur`yazov Davlatyor Matyakubovichning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Bardoshli kriptografik algoritmlar yaratish usullarini ishlab chiqish», 05.01.05–Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/FM185.
Ilmiy rahbar: Aripov Mirsaid Mirsidikovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.FM.01.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Karimov Madjit Malikovich, texnika fanlari doktori, professor; Juraev G‘ayrat Umarovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent;  Tuychiev G‘ulom Numonovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bardoshli simmetrik, asimmetrik shifrlash va elektron raqamli imzo algoritmlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: 
standart simmetrik shifrlash algoritmlari akslantirishlarini balanslanganlik, regulyarlik, chiziqsizlik, korreliatsion immunostlik, algebraik immunitetlik, chiquvchi bitlar bog‘liqsizligi talablariga baholash usuli ishlab chiqilgan;
GOST R 34.12-2015 standart algoritmi S-bloklari bardoshligi chiziqsizlik qiymatlari bo‘yicha yuqori va OʻzDSt 1105:2009 algoritmi 
S-bloki bardoshsizligi isbotlangan;
OʻzDSt 1105:2009 standart algoritmi S-bloki uchun parametrlar algebrasi amallari yordamida yuqori kriptografik talablarni ta’minlovchi kalitga bog‘liqsiz chiziqsiz akslantirish ishlab chiqilgan;  
ma’lumotni elliptik egri chiziq nuqtasi sifatida ifodalash va elliptik egri chiziq nuqtasini ma’lumot sifatida ifodalash algoritmlaridan foydalanib, elliptik egri chiziq asosida yangi asimmetrik shifrlash algoritmi ishlab chiqilgan;
aktiv hujum usuliga bardoshli elliptik egri chiziq asosida yangi optimal asimmetrik shifrlash algoritmi ishlab chiqilgan;
chekli maydonda diskret logarifmlash, elliptik egri chiziqda diskret logarifmlash murakkabliklariga asoslangan va murakkab modulli yangi bardoshli elektron raqamli imzo algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bardoshli kriptografik algoritmlar yaratish usullarini ishlab chiqishga oid ilmiy yangiliklar asosida:
standart simmetrik shifrlash algoritmlarini balanslanganlik, regulyarlik, chiziqsizlik, korreliatsion immunostlik, algebraik immunitetlik, chiquvchi bitlar bog‘liqsizligi talablariga baholash usuli, OʻzDSt 1105:2009, GOST R 34.12-2015 standart algoritmlari S-bloklarini baholash natijalari, yangi optimal asimmetrik shifrlash algoritmi axborotni kriptografik  muhofaza qilish dasturiy va apparat-dasturiy qurilmalar kriptomodullarida ma’lumotlarni himoyalashda qo‘llanilgan (Axborotni kriptografik muhofazalash sohasida Vakolatli organning 2021 yil 30 oktyabrdagi 20/5888-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi qurilmalarda simmetrik shifrlash algoritmlari uchun bardoshli S-bloklarni generatsiya qilishga, muhofazalanmagan aloqa kanali orqali shifrlash seans kalitlarini etkazib berishga va ruxsati cheklangan axborotni ishonchli  himoyalash mexanizmini ishlab chiqishga imkon bergan;
chekli maydonda diskret logarifmlash, elliptik egri chiziqda diskret logarifmlash murakkabliklariga asoslangan va murakkab modulli yangi bardoshli elektron raqamli imzo algoritmlari «UNICON.UZ» DUKda “O‘zbekiston Respublikasi ochiq kalitlar infratuzilmasining xavfsizlik servislarini takomillashtirish usullari va vositalarini ishlab chiqish” loyihasida autentifikatsiya masalasini hal etishda qo‘llanilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 11 fevraldagi 33-8/771-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi  ochiq kalitlar infratuzilmasi xavfsizligini ta’minlash va OʻzDSt 1105:2009 standart algoritmi uchun taklif etilgan matematik model mazkur algoritmning bardoshligini oshirish imkonini bergan; 
yangi optimal asimmetrik shifrlash algoritmi va OʻzDSt 1105:2009, GOST R 34.12-2015 standart algoritmlari S-bloklarini baholash usullari №F706-17-“Axborot tizimlarida biometrik-kriptografik texnologiyalar qo‘llanishining tadqiqi” grant loyihasida axborot tizimlarida uzatilayotgan  ma’lumotlarni  himoyalashda foydalanilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 11 fevraldagi 33-8/771-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi asimmetrik algoritmni “shifrlash-imzolash” yoki “imzolash-shifrlash” sxemalari o‘rnida foydalanishga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish