Sayt test rejimida ishlamoqda

Kungurov Faxrulla Raxmatullaevichning
fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «VVR-SM reaktorida kam boyitilgan yoqilg‘iga o‘tish jarayonida avariyaviy holatlarni modellashtirish», 01.04.01 – Eksperimental fizikaning asboblari va usullari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2. DSc/T430.
Ilmiy rahbar: Sadikov Ilxam Ismailovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, DSc.02/30.12.2019.FM/T.33.01.
Rasmiy opponetlar: Baxramov Sagdulla Abdullaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi; Zaynobiddinov Sirojiddin Zaynobiddinovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi; Xujaev Saidaxmad, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Qozog‘iston Respublikasi energetika vazirligi Yadro fizikasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi VVR-SM tadqiqot yadro reaktorini ekspluatatsiya qilish va  IRT-4M turidagi kam boyitilgan uran-235 yoqilg‘isiga o‘tkazish jarayonida yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash shartlarini ilmiy asoslash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini modellashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marta 24 ta IRT-4M issiqlik ajratuvchi yig‘ilmalari, kirish suvining temperaturasi 45 °S va quvvati 11 MVt bo‘lgan reaktorni odatdagi ekspluatatsiya sharoitida         6 quvurli va 8 quvurli IAYlari bilan 1chi, 4chi, 7chi va 10chi aralash faol zonalar uchun ishlatish xavfsizligi isbotlangan;
VVR-SM reaktorida avariya holatlari/o‘tish jarayonlarining 27 ta modeli hisoblab chiqilgan va tahlil qilingan, bu birinchi marta reaktorni kam boyitilgan uran yoqilg‘isiga xavfsiz o‘tkazish imkonini bergan.
“yangi” yoqilg‘ini saqlashda uni suv bilan to‘lishining faraziy holatida kef<0,52 va ishlatilgan issiqlik ajratuvchi yig‘ilmalar saqlash joyida kef<0,82 ekanligi, ya’ni chuqur kritik holati yadroviy xavfsizlik qoidalariga ko‘ra ruxsat etilgan qiymatdan kef<0,95 past ekanligi aniqlangan;
birinchi marotaba alohida IAY suyuqlanishi bilan sodir bo‘ladigan avariyani modellashtirishda reaktorning sanitar-himoya zonasi chegarasida (1000 m) radioaktiv bulut tashqi nurlanishining dozasibutun inson tanasi uchun 0,25 Zv va qalqonsimon bez uchun 3 Zv chegarasida bo‘lishi hisoblangan, bu avariya holatlarida ruxsat etilgan dozalardan sezilarli darajada past;
birinchi kontur nasoslarida elektr ta’minotining uzilishi avariya holatiga olib kelmasligi va barcha faol zonalar uchun suv sarfining 80% dan pastga tushishi haqidagi signal bo‘yicha reaktor to‘xtashi ko‘rsatilgan;
VVR-SM reaktori birinchi kontur quvurining favqulodda to‘liq yorilganda suv sarfi   0,245 m3/soat ekanligi, bunda minimal talab qilinadigan suv sarfidan 2,2-3,2 baravar yuqori ekanligi ko‘rsatilgan;
modellashtirish natijasida reaktor bakiga sovuq suv kirib ketganda avariyadan himoya qilish tizimi tomonidan reaktor to‘xtatilishi ko‘rsatilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
VVR-SM yadro reaktorini kam boyitilgan yadro yoqilg‘isiga konversiya qilishdagi avariya holatlarini modellashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
alohida issiqlik ajratuvchi yig‘ilmasining suyuqlanishi bilan sodir bo‘ladigan avariyani modellashtirishda reaktor sanitar-himoya zonasi chegarasida radioaktiv bulut tashqi nurlanishining hisoblangan dozaviy ta’siri O‘zR FA Yadro fizikasi institutining VVR-SM reaktorida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2022 yil 7 fevral № 2/1255-266-sonli xati). Natijalardan foydalanish reaktorning xavfsiz ishlashini ta’minlashga imkon bergan;
havfsizligi isbot qilingan 24 ta IRT-4M issiqlik ajratuvchi yig‘ilmalaridan iborat faol zona, kirish suvining xarorati 45 °S va oddiy sharoitda reaktorni 11 MVt quvvatda ishlatish imkoniyati O‘zR FA Yadro fizikasi institutining VVR-SM reaktorida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2022 yil 7 fevral № 2/1255-266-sonli xati). Natijalardan foydalanish reaktorni yuqori boyitilgan uran yoqilg‘isi bilan ishlashdan kam boyitilgan uran yoqilg‘isiga xavfsiz o‘tkazish imkonini bergan;
VVR-SM reaktori birinchi kontur quvurining favqulodda to‘liq ko‘ndalang yorilgandagi minimal suv sarfi, VVR-SM reaktorida avariya holatlari/o‘tish jarayonlarining hisoblangan va tahlil qilingan modellari O‘zR FA Yadro fizikasi institutining VVR-SM reaktorida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2022 yil 7 fevral № 2/1255-266-sonli xati).Natijalardan foydalanish reaktorni kam boyitilgan uran yoqilg‘isi bilan ishlashga xavfsiz o‘tkazishga imkon bergan, hozirgi vaqtda reaktor IRT-4M turidagi kam boyitilgan yoqilg‘idan to‘liq xavfsiz rejimda foydalanmoqda;
VVR-SM reaktorida avariya holatlari/o‘tish jarayonlarining hisoblangan va tahlil qilingan modellari Qozog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi Yadro fizikasi institutining VVR-K reaktorida kam boyitilgan yoqilg‘i bilan VVR-K tadqiqot reaktori xavfsizlik tahlili to‘g‘risidagi hisobotini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qozog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi Yadro fizikasi institutining 2021 yil 20 oktyabrdagi 34-15.08-12/1181 -sonli xati). Natijalardan foydalanish VVR-K tadqiqot reaktorini kam boyitilgan uran yoqilg‘isiga o‘tkazish xavfsizligini asoslash imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish