Doshanova Malika Yuldashovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni boshqarish tizimlarida qarorlarni qabul qilish usullari va algoritmlari», 05.01.02 – Tizimli tahlil, boshqaruv va axborotni qayta ishlash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/T505
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Gulyamov Shuxrat Mannopovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Mirhalil Agzamovich, texnika fanlari doktori, professor; To‘xtanazarov Dilmurod Solijonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi murakkab jarayonlarni boshqarish tizimlarida tezkor-bashoratlovchi boshqaruv qarorlarini qabul qilishga ko‘maklashish usuli, algoritmi va dasturiy vositasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
neftni dastlabki qayta ishlashning murakkab jarayonlarini boshqarish tizimi uchun neyro-noravshan model` ishlab chiqilgan;
neftni dastlabki qayta ishlash qurilmalarining ish rejimi parametrlarini optimallashtirish algoritmi ishlab chiqilgan;
noravshanlik sharoitida adekvatlikni ta’minlovchi modelni parametrik identifikatsiyalashning neyro-iterativ usuli taklif qilingan;
boshqaruv ob’ektining neyro-noravshan modellari asosida tezkor qisqa muddatli bashoratlash boshqaruv algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Ishlab chiqilgan neftni dastlabki qayta ishlash jarayonlarini boshqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan usul, model va algoritmik-dasturiy vositalar:
neyro–noravshan model asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilishga ko‘maklashuvchi qarorlarning tezkor–bashoratlovchi mexanizmi samaradorlikni oshirish maqsadida «Chinoz NQZ» MChJga joriy qilindi (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020 yil 24 noyabr`dagi №33-8/7049-son ma’lumotnomasi). Natijada neft mahsulotlari holati monitoringi asosida qaror qabul qilish jarayoni samaradorligi 8 %ga oshirish imkonini bergan;
neftni dastlabki qayta ishlashning matematik modeli, modelning neyron parametrik identifikatsiyasi va dasturiy vositasi “UNICON-SOFT” MChJga joriy qilindi (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020 yil 24 noyabr`dagi №33-8/7049-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya ishlanmalarining ishlab chiqarish faoliyatiga qo‘llanilishida yillik iqtisodiy samaradorlik 35 mln. so‘mni tashkil etgan;
murakkab dinamik ob’ektlarning dasturlashtiriluvchi mantiqiy kontrollerlarini boshqaruvchi dasturiy vositasi “Black Rabbit” MChJga joriy qilindi (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020 yil 24 noyabr`dagi №33-8/7049-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya ishlanmalarining ishlab chiqarish faoliyatiga qo‘llanilishida yillik iqtisodiy samaradorlik 25 mln. so‘mni tashkil etgan;
neftni qayta ishlash sanoatida boshqaruv samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tizimlarni loyixalashda “O’ZLITINEFTGAZ” AJga joriy qilindi (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020 yil 24 noyabr`dagi №33-8/7049-son ma’lumotnomasi). Natijada boshqaruv tizimida axborotlarni qayta ishlash orqali umumiy faoliyatining foydali ish koeffisienti yillik 4-6 %ga o‘sish imkonini bergan.