Prezident Shavkat Mirziyoev 18 aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan edi. Qarorda mazkur universitet uchun er ajratish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda zamonaviy o‘quv kampusi loyihasi ishlab chiqish va qurish vazifasi belgilangan.
Tadimotda dastlab ushbu loyiha ko‘rib chiqildi. Universitet uchun poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘yida 30 gektar er ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, bu erda 5 ta fakul`tet uchun o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.
Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu erda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari majmuani sifatli qurish, o‘quv binolarida buyuk allomalarimiz siymosi va merosini aks ettirish, yoshlarning o‘qishi va harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. Jahondagi mashhur muzeylar tajribasi asosida eksponatlarning ko‘rimliligini oshirish, tarixiy ashyolarni bezarar saqlash, keluvchilarga qulayliklar yaratish bo‘yicha hamma jihatlar inobatga olingan. Bu ishlar natijasida muzeylarning ko‘rgazma maydoni kengayib, aholi va sayyohlar uchun jozibadorligi oshadi.
Yashnobod tumanidagi “Texnopark” hududida akvapark barpo etish loyihasi ham istiqbolli. Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar er mo‘ljallangan. Majmua to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investisiyasi evaziga barpo etiladi. Bu erda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, o‘yin maydonchalari bo‘ladi.
Ma’lumki, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shunga mutanosib ravishda, Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida gullar bog‘i barpo etish rejalashtirilgan. Bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxtimiz ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil bo‘ladi.
Taqdimotda shaharlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Xususan, Pop tumani bilan Namangan shahri o‘rtasidagi avtomobil` yo‘lini kengaytirish loyihasi ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz bu hududning rel`efini inobatga olib, yo‘lni haydovchilarga qulay qilib qurish, insonlar xavsizligini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligin ta’kidladi.
Batafsil: https://president.uz/uz/lists/view/5132