To‘lakov Ulug‘bek Toshmamatovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Ko‘chmas mulkni soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish”, 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Iqt1320.
Ilmiy rahbar: Xudoyqulov Sadirdin Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Qo‘zieva Nargiza Ramazonovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Ergashev Ilxomjon Obodovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha “tajriba-sinov” hududlarini belgilash va belgilangan hududlarda ko‘chmas mulk ob’ektlarini “turar va noturar joy”, “qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan”, “sanoat” hamda “rekreatsion zonalar va alohida qo‘riqlanadigan hududlar” bo‘yicha farqlash taklif etilgan;
mahalliy byudjet soliq tushumlari barqarorligini ta’minlashda ko‘chmas mulk ob’ektlari kadastr qiymati asosida soliq undirishning 0 foizdan 2,0 foizgacha bo‘lgan progressiv stavkalari ishlab chiqilgan;
insofli va intizomli soliq to‘lovchilarni investision faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida ko‘chmas mulklarga nisbatan soliqlarni kechiktirib to‘lash huquqini berish taklif etilgan;
ko‘chmas mulkka iqtisodiy kategoriya sifatida yangilangan mualliflik ta’rifi, hamda soliq solishning adolatlilik tamoyilini ta’minlash maqsadida qimmatbaho (hashamatli) ko‘chmas mulk egalariga soliq yukini qayta taqsimlash zarurati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kameral soliq tekshiruvi uchun tashqi manba ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha “tajriba-sinov” hududlarini belgilash va belgilangan hududlarda ko‘chmas mulk ob’ektlarini “turar va noturar joy”, “qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan”, “sanoat” hamda “rekreatsion zonalar va alohida qo‘riqlanadigan hududlar” bo‘yicha farqlash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi PF-6121-son “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonida o‘z aksini topgan (Davlat soliq qo‘mitasining 2021 yil 30 sentyabrdagi 18/1-60929-son ma’lumotnomasi). Taklifning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida ko‘chmas mulk ob’ektlarini mo‘ljallangan maqsadlariga qarab Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani, Navoiy viloyati Navoiy shahri, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani va Buxoro viloyati Romitan tumani “tajriba-sinov” hududlari deb belgilandi va bu hududlarda ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymatiga asoslangan kadastr qiymatini aniqlash bo‘yicha eksperiment o‘tkazilishi ta’minlangan;
mahalliy byudjet soliq tushumlari barqarorligini ta’minlashda ko‘chmas mulk ob’ektlari kadastr qiymati asosida soliq undirishning 0 foizdan 2,0 foizgacha bo‘lgan ishlab chiqilgan progressiv stavkalari prognoz qiluvchi mutaxassislar uchun muhim uslubiy asosga ega bo‘ldi (Davlat soliq qo‘mitasining 2021 yil 30 sentyabrdagi 18/1-60929-son ma’lumotnomasi). Taklifning amaliyotga joriy etilishi soliq bazasining kengayishiga, mahalliy byudjetlar daromad manbaining ko‘payishiga hamda moliyaviy mustaqilligi barqarorlashuviga olib kelishi aniqlangan;
insofli va intizomli soliq to‘lovchilarni investision faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida ko‘chmas mulklarga nisbatan soliqlarni kechiktirib to‘lash huquqini berish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 noyabrdagi PQ-5274-son “Mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan soliqlarni to‘lashni kechiktirish mexanizmlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarorida o‘z aksini topgan (Davlat soliq qo‘mitasining 2021 yil 30 sentyabrdagi 18/1-60929-son ma’lumotnomasi). Natijada shu toifadagi soliq to‘lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish ta’minlangan; 
ko‘chmas mulkka iqtisodiy kategoriya sifatida yangilangan mualliflik ta’rifi, hamda soliq solishning adolatlilik tamoyilini ta’minlash maqsadida qimmatbaho (hashamatli) ko‘chmas mulk egalariga soliq yukini qayta taqsimlash zarurati bo‘yicha taklifi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun tavsiya etilgan “Soliqlar va soliqa tortish” fani bo‘yicha tayyorlangan o‘quv qo‘llanmaga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 24 dekabrdagi 89-01-1115-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘chmas mulkni soliqqa tortishning nazariy asoslarini takomillashtirishga hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish