Yuldashev Djaxongir Xayitovichning
fan doktori (DSs)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish”, 12.00.02 – Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Yu150.
Ilmiy konsul`tant: Ismailov Isamiddin, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Xudoyor Teshaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Yakubov Shuxrat Ummatalievich, yuridik fanlar doktori, professor; Asadov Shavkat G‘aybullaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
amaldagi qonunchilikda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy, soddalashtirilgan va alohida tartibda qabul qilish asoslari, shartlari va tartibini mustahkamlash orqali fuqarolikka doir ishlarni yuritishning differensial yondashuvini tatbiq etish zarurati asoslangan;
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash faktini doimiy ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi belgining mavjudligi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan hollarda shaxsning fuqarolikka mansubligini sud orqali hal etish tartibini joriy etish zarurati asoslangan;
ota-onalik huquqidan mahrum etilgan shaxslar fuqaroligining o‘zgarishi bola fuqaroligining o‘zgarishiga sabab bo‘lmasligi, bola o‘z xohishiga ko‘ra fuqaroligini o‘zgartirgan hollarda ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onasining roziligi talab etilmasligiga doir huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish lozimligi isbotlangan;
xorijiy davlatlar hududida ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqiy maqomini aniqlash va belgilash borasidagi vazifalarning O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari tomonidan amalga oshirilishi lozimligi asoslantirilgan;
otalik yoki onalikning belgilanishi yoxud tan olinishi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishning alohida asosi ekanligi isbotlab berilgan;
O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi yo‘q shaxslarning O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish va fuqarolikdan chiqishga doir murojaatlari bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn shaklda xizmat ko‘rsatish tizimini joriy etish zarurati asoslantirilgan;
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini muloqot qilish darajasida bilish sharti tatbiq etilmaydigan shaxslar ro‘yxatiga mamlakatda umumiy o‘rta ta’lim olgan, muomala layoqatiga ega bo‘lmagan va I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni kiritish zarurati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
amaldagi qonunchilikda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy, soddalashtirilgan va alohida tartibda qabul qilish asoslari, shartlari hamda tartibini belgilashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-610-son qonunining
18-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2020 yil 20 avgustdagi 06/2-06/1339 vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi fuqarolikka doir ishlarni yuritish turlarining qonunchilikda mustahkamlanishiga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash faktini doimiy ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi belgining mavjudligi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan hollarda shaxsning fuqarolikka mansubligini sud tartibida hal etishning huquqiy mexanizmlarini belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-610-son qonunining 5-moddasi uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2020 yil 20 avgustdagi 06/2-06/1339 vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi shaxsning fuqarolikka doir huquqlari kafolatini oshirishga xizmat qilgan;
amaldagi qonun hujjatlarida ota-onalik huquqidan mahrum etilgan shaxslar fuqaroligining o‘zgarishi bola fuqaroligining o‘zgarishiga sabab bo‘lmasligini belgilovchi, bola o‘z xohishiga ko‘ra fuqaroligini o‘zgartirgan hollarda ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onasining roziligi talab etilmasligini nazarda tutuvchi qoidani mustahkamlashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-610-son qonunining 32-moddasi uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2020 yil 20 avgustdagi 06/2-06/1339 vx-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy etilishi bolaning fuqarolikka doir huquqlarini kafolatlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
xorijiy davlatlar hududida ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan hollarda, ularning O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligini tasdiqlash, ularga shaxsini tasdiqlovchi va mamlakatga qaytib kelish huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish va berish vazifasining O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari tomonidan amalga oshirilishini qonun hujjatlarida belgilashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 yanvardagi “Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining bolalarini O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 6-son qarori 2-bandi oltinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2020 yil 29 maydagi 12/20-5-son ma’lumotnomasi). Takliflarning joriy etilishi xorijiy davlatlar hududida ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqiy maqomini aniqlashtirish va belgilash amaliyotini takomillashtirishga xizmat qilgan;
otalik yoki onalikning belgilanishi yoxud tan olinishini O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishning alohida asosi sifatida etirof etishga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi o‘quv jarayonida foydalanish uchun tavsiya etilgan “Xalqaro standartlar va ayrim xorij davlatlari qonunchiligida fuqarolikni huquqiy tartibga solish masalalari” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 31 maydagi 237-son buyrug‘iga asosan berilgan 237-513-son guvohnoma). Ilmiy tavsiyalarning tatbiq etilishi yuridik oliy ta’lim muassasalari talabalari (kursantlari), professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, shuningdek amaliyot xodimlarining fuqarolik olish asoslariga doir bilim hamda ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi yo‘q shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va fuqarolikdan chiqishga doir murojaatlari bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn shaklda xizmat ko‘rsatish tizimini joriy etish haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 yanvardagi “Fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 8-son qarori 1 va 2-bandlarining uchinchi xatboshilarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022 yil 22 yanvardagi 12/21-05-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga doir davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining samaradorligini oshirishga hamda shaxsning fuqarolikka doir huquqlarini kafolatlashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini muloqot qilish darajasida bilish sharti tatbiq etilmaydigan shaxslar ro‘yxatiga mamlakatda umumiy o‘rta ta’lim olgan, muomala layoqatiga ega bo‘lmagan va I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni kiritish haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 martdagi PF-6185-son farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 14-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2021 yil 17 maydagi 22/13208-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning inobatga olinishi fuqarolikka qabul qilish shartlarining maqbullashtirilishiga xizmat qilgan.