Nazirxo‘jaev Muxammadalixo‘ja Qosimxo‘jaevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “1945-1950 yillarda O‘zbekiston SSR harbiy jamloqlaridagi yapon harbiy asirlari tarixi”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2021.4.PhD/Tar321.
Ilmiy rahbar: [Ziyaeva Dono Hamidovna], tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01. 
Rasmiy opponentlar: Murtazaeva Rahbar Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Rajabov Erkin, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yapon harbiy asirlari misolida O‘zbekiston SSRdagi harbiy asirlar va jamloqlar tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:  
O‘zbekiston SSRda tashkil etilgan harbiy jamloqlar boshqalaridan farqli ravishda nafaqat majburiy mehnatga, balki sog‘lomlashtirishga ham moslashtirilgan joylar toifasiga kiritilganligi, sil, terlama kabi yuqumli kasalliklar bilan betob bo‘lgan yapon, nemis, italiyalik, avstriyalik harbiy asirlar bu erda davolangani ochib berilgan;
jamloqlarda olib borilgan kommunistik targ‘ibot-tashviqot ishlari oqibatida yapon harbiy asirlar vatanlariga qaytgach sovet ittifoqi g‘oyalaridan voz kecha olmaganligi hamda o‘z vatanlarida ham kommunistik partiyalar tuzganligi asoslangan;
jamloqlardagi harbiy asirlarning sog‘lig‘ini saqlash, o‘limini kamaytirish, oziq-ovqat bilan ta’minlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad ulardan ishchi kuchi sifatida foydalanish bo‘lganligi, yapon harbiy asirlari boshqa asirlarga nisbatan mahalliy xalq an’analariga yaqin mentalitetda ekanligi va aholiga nisbatan shaxsiy adovatning yo‘qligi sababli ularga mahalliy aholi va jamloq ma’muriyatining boshqa asirlarga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘lganligi aniqlangan;
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng SSSR vayron bo‘lgan iqtisodiyotini tiklash maqsadida asirga tushgan dushman askarlaridan foydalanish uchun maxsus harbiy jamloqlar tuzilganligi va O‘zbekiston SSRga ham 25 000 ga yaqin Kvantun armiyasi yapon askar hamda zobitlari keltirilganligi, ularning siyosiy, iqtisodiy boshqaruvi to‘liq ittifoq tassarufida bo‘lganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarda O‘zbekistonga olib kelingan yapon harbiy asirlari jamloqlaridagi shart-sharoitlar, yapon asirlarining hayoti, mehnatga jalb etilishi, asirlarga ko‘rsatilgan sanitariya va tibbiy xizmat hamda taqdirini aks ettiruvchi manbalardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ekspozisiyasining “XIX-XX asrlarda O‘zbekiston” bo‘limlarini yangi hujjatlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 6 dekabrdagi 3/1255-3401-son ma’lumotnomasi). Natijalar “O‘zbekistonning sovet davri tarixi” bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar uchun yangi ma’lumotlar bilan tanishish va ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatini yaratgan;
Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Chirchiq hamda Farg‘ona vodiysining Farg‘ona, Qo‘qon, Quvasoy shaharlaridagi yapon harbiy asirlari bilan bog‘liq ob’ektlarni kompleks baholash tizimi algoritmi, xususan, Andijon viloyatining Jalolquduq tumanidagi Janubiy Olamushuk shaharchasining vujudga kelishi, Qo‘qon va Quvasoy shaharlarida mavjud yapon harbiy asirlari tomonidan barpo etilgan sayyohlik ob’ektlarini tadqiq etish asosida qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalardan Toshkent shahri va viloyatlarda yapon asirlari ishtirokida bunyod etilgan turar joy, yo‘llar, ko‘priklar, ko‘ngilochar binolar, zavod va fabrikalar hamda ular dafn etilgan qabristonlarning sayyohlik ob’ektlarining pasportini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 16 avgustdagi 03-22/6193-son ma’lumotnomasi). Natijada viloyatlardagi turizm klasterlarini shakllantirish bo‘yicha mintaqaviy dasturlarni kiritishga, jumladan, sayyohlarni tanishtirish maqsadida sayyohlik al`bomlari tayyorlashda xizmat qilgan;
O‘zbekistonda yapon harbiy asirlari jamloqlari va ularning qabristonlarini o‘rganish asosida qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalardan Qo‘qon va Quvasoy shaharlarida joylashgan yapon qabristoni hududida “Yapon bog‘i”ning barpo etilishida, yapon va o‘zbek madaniy aloqalarini mustahkamlash, yoshlar orasida yapon tili, madaniyati, an’analarini namoyish qiladigan “Yapon va O‘zbek do‘stlik markazi”ni tashkil etilishi va belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Ekologik partiyasi Farg‘ona viloyati partiya tashkilotining 2019 yil 12 iyuldagi 07/113-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasi hududlari, xususan, Farg‘ona viloyatining sayyohlik salohiyatini kompleks rivojlantirish, shuningdek, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida madaniy, gumanitar hamda innovatsiya sohasida aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish