Jumanov Elbek Erkinovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek xalq ertaklarida epik formulalar», 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Fil1686.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Rahmonov Nasimxon, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, Dsc.02/30.12.2019.Fil.46.02
Rasmiy opponentlar: Allambergenov Kenesbay, filologiya fanlari doktori, professor; Rasulova Zebiniso Jaloliddinovna, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek xalq ertaklaridagi epik formulalarning tarixiy asoslarini arxaik mifologiya, diniy e’tiqodiy tasavvurlar, magik mazmundagi ibtidoiy marosimlar va inonch-e’tiqodlar bilan aloqadorligini asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
epik formulalar ertaklarning inisial, medial va final qismlarida keluvchi kompozision elementlar majmui ekanligi, ular har bir fol`klor janrida o‘ziga xos tarzda turg‘un birikmalar ko‘rinishida ifodalanishi asoslangan;
epik formulalarning xalq nasrida tutgan o‘rni, tasvir va bayon jarayonida barcha turdagi ertaklarda bajargan g‘oyaviy-estetik funksiyasi, ertaklarning kompozisiyasi qurilishida mazkur formulalarning roli va ularning boshqa xalq nasridan farqlantirib turuvchi muhim element ekanligi oydinlashtirilgan;
o‘zbek xalq ertaklaridagi epik formulalar vositasida hayot voqeliklari, inson ruhiy kechinmalari hamda ularning zamon va makonga, marosimlarga va muqaddas raqamlarga, irim-sirimlarga, udumlarga munosabati, xalq nasriga oid epos, afsona janrlari bilan bog‘liq jihatlari ochib berilgan;
o‘zbek xalq ertaklaridagi stereotiplarni hosil qiluvchi birikmalar yuzaga keltirgan boshlang‘ich, o‘rtaliq va yakuniy formulalar kabi elementlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek xalq ertaklaridagi epik formulalar tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ertaklardagi epik formulalarning genezisi, mifologik ildizlari va poetikasiga doir ilmiy-nazariy natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan FA-F-1-005 raqamli «Qoraqalpog‘iston fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 11 noyabrdagi 17.02/266-son ma’lumotnomasi). Natijada Qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodiyotidagi nasriy asarlar tarkibidagi sayyor birikmalarning ilmiy izohlarini tayyorlashga, xususan, ertaklardagi epik formulalarning o‘ziga xos xususiyatlari va asardagi ahamiyatiga doir materiallarni takomillashtirishga erishilgan;
ertaklarning ilk namunalaridagi stereotiplarning shakllanishiga sabab bo‘luvchi omillar tarixiga doir ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan PZ 20170927147 raqamli «Qadimgi davrlardan XIV asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi» mavzusidagi O‘zR Innovatsion vazirligining ilmiy-amaliy granti bajarilishida foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 18 iyundagi 01-1094-son ma’lumotnomasi). Natijada qadimda ertakchilik an’analarining shakllanishida formulalarning o‘rni ko‘rsatib berilgan;
o‘zbek xalq ertaklari va ertakchilik an’analarini keng omma orasida targ‘ib qilishda tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «Boqiy Navro‘z», «Xalq dostonlari» va «O‘zbekiston – boqiy dostonim» ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 17 iyundagi 01-16/120-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq ertaklaridagi an’analarning ta’lim-tarbiyadagi ahamiyatini keng targ‘ib qilishga erishilgan.