Burieva Xayriya Amanullaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Toshkent shahrining 1917 – 2007 yillardagi toponimiyasi va uning tarixiy aspektlari”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.DSc/Tar4.
Ilmiy rahbar: Raximov Mirzoxid Akramovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor; Ismoilova Jannatxon Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Mirakmalov Mirali Turonboevich, geografiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent shahrining 1917-2007 yillar tarixiy toponimiyasini, joy nomlarining toponimik xususiyatlarini aniqlash hamda ularning siyosiy, iqtisodiy, madaniy, etnik jarayonlar ta’sirida o‘zgarib borish omillarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent mikrotoponimlarining davriylik omillari, xususan 1917 – 1940 yillarda shakllangan rayon, ko‘cha, mahalla hamda xo‘jalik ijtimoiy, madaniy muassasalarning nomlanishida kommunistik mafkura ta’sirining kuchli bo‘lganligi, 1941-1965 yillarda, xususan Ikkinchi jahon urushi yillari evakuatsiya hisobiga rayonlar, zavod va fabrikalar soni ko‘payishi, yangi toponimik ob’ektlarga urush qahramonlarining nomi berilishi toponimlar tarkibini o‘zgartirganligi, 1966-1991 yillarda Toshkent zilzilasidan keyin shaharning tiklanishi bilan internatsional nomlar, iqtisodiy-ijtimoiy sohaga oid yangi mavzelar va ob’ektlar soni ko‘payganligi, 1991-2007 yillarda poytaxtdagi aksariyat tuman, mahalla, ko‘cha va toponimik ob’ektlarning nomlari tartibga solinib, ularda tarixiylik, milliylik va o‘lka tabiati bilan bog‘liqlik aspektlar aks etganligi isbotlangan;  
1917-1991 yillarda Toshkent shahri hududidagi shahar tuman, mahalla, ko‘chalar, ishlab chiqarish ob’ektlari, ijtimoiy, madaniy muassasalarning nomlarida shaxs ismlariga atab qo‘yilgan nomlar salmog‘i yuqori bo‘lganligi, keyingi o‘rinda iqtisodiy va ijtimoiy hayotni aks ettiruvchi nomlar hamda tartib raqamlari bilan ifodalangan toponimlar bo‘lganligi, uchinchi o‘rinda hudud tabiati, geografik joy nomlari, etnik guruhlar, tarixiy voqealar va madaniy-ma’naviy omillar bilan bog‘liq joy nomlarining toponimik guruhlari mavjud bo‘lganligi aniqlangan;
1920-1930 yillarda respublikalar boshqaruvining markazlashtirilishi oqibatida Toshkent mikrotoponimlarida  “sovetlashtirish” aspektlarining paydo bo‘lib toboro kuchayib borganligi, shahar yangicha ma’muriy tuzilmalar – rayon va kvartallarga bo‘linganligi, ayni vaqtda mahallalar soni keskin qisqarib, 2,5 barobarga kamayib, 70% mahalla nomlari sovet mafkurasiga mos tarzda o‘zgartirilganligi, 1932 yilgi mahalla qo‘mitalari to‘g‘risidagi Nizomiga ko‘ra ularga yuridik maqomi berilmaganligi hamda huquq va vakolatlari cheklanganligi aniqlangan; 
Toshkent zilzilasidan so‘ng o‘tgan 20 yil davomida shahar hududining kengayib, mavjud 6 ta rayonlar soni 10 taga etgani, katta ko‘chalar soni 1300 dan ziyod bo‘lganligi, aholining tabiiy o‘sishi hamda shaharni qurish ishlariga Ittifoqning turli hududlaridan migratsiya qilingan aholi hisobiga yuz bergan mexanik ko‘payishi bilan bog‘liq holda iqtisodiy-ijtimoiy sohalar ko‘lami ancha kengayib, yirik sanoat ob’ektlari soni 200 ta, savdo korxonalari 3174 ta, tibbiy muassasalar 185 ta, ta’lim va tarbiya dargohlari 1100 taga etganligi, ularni shahar toponimikasiga ta’sir ko‘rsatib, shahar mikrotoponimlari sonining keskin oshib, ular tarkibida shahar xo‘jaligini aks ettiruvchi nomlar salmog‘i ortganligi aniqlangan; 
mustaqillik yillari Toshkent joy nomlariga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlar shahar mikrotoponimlarini tartibga solish va joy nomlarida tarixiylik hamda milliylik jihatlarini ask ettirish muhim rol o‘ynab, poytaxtdagi 5 ta tuman, 207 ta mahalla, 1200 dan ortiq ko‘chalarga yangi nomlar berilganligi, xususiy mulkchilikning 50 dan ziyod turlari muassasa va tashkilotlarning nomlarida uchrashi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Toshkent shahrining 1917 – 2007 yillardagi tarixiy toponimiyasi va uning tarixiy aspektlari” nomli ilmiy tadqiqot jarayonida erishilgan natijalardan quyidagilar amalga oshirildi:
o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi g‘alabasiga qo‘shgan hissasida Toshkent aholisining ko‘rsatgan jasorati shaharning urush yillarida evakuatsiya etilgan ishlab chiqarish, ilm-fan va madaniyat ob’ektlarini qabul qilib, faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, evakuatsiya qilingan aholiga uy-joy, oziq-ovqat, yashash va mehnat qilish sharoitlari yaratib berishi, jangchilarga moddiy va tibbiy yordam ko‘rsatishiga doir natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazda bajarilgan S-NI 27 “O‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risidagi kitob-al`bomni tayyorlash” mavzusidagi maqsadli-amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 21 maydagi 3/1255-1479-son ma’lumotnomasi). Natijada, Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushi yillarida amalga oshirilgan evakuatsiya tadbirlariga oid yangi arxiv manbalari ilmiy muomalaga kiritilgan; 
XX asr 80-yillarida sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan qayta qurish siyosatining Toshkent shahri iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotiga ta’siri hamda uning natijasida ishlab chiqarishning barcha sohalarida kechgan inqiroz holati sabablari, omillari va kechish jarayonlari bilan bog‘liq natijalardan  O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazida amalga oshirilgan PZ-20170928749 “O‘zbekistonning mustaqillikka erishishining tarixiy ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy omillari” mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 21 maydagi 3/1255-1479-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekistonda qayta qurish hamda o‘tish davrining murakkab tarixiy jarayonlari va ularning shahar toponimiyasi bilan bog‘liqligi masalalari kitobxonlar ommasiga etkazib berilgan; 
Toshkent shahrida faoliyat yuritgan ma’muriy idoralar, iqtisodiy-ijtimoiy ob’ektlar, madaniy muassasalarning nomlanishi va tarixi bilan bog‘liq natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Yoshlar» kanalida “Toshkent darvozalari”, “Toshkent ariqlari”, «Toshkent» kanalida “Mening shahrim”, «Dunyo bo’ylab» kanalida “Daryo bo‘ylab”, «Mahalla»  kanalida “Vatan ichra”, «Madaniyat va ma’rifat» kanalida “Toshkent mahallalari”, «O’zbekiston tarixi» kanalida “Tarixdan hikoyalar”, “Aslida qanday?”, “Toshkent tilsimlari” kabi ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 24 noyabrdagi 04-15/2760-son ma’lumotnomasi). Bu o‘sib kelayotgan yosh avlodni Toshkent shahri boy va sermazmun tarixga ega ekanligi, turli tarixiy davrlarda rivojlanib kelgani shahar joy nomlarida bevosita aks etib kelganligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishlariga, ularda Vatanga muhabbat, joy nomlari va o‘lka tarixiga milliylik va tarixiylikni saqlovchi qadriyat sifatida hurmat bilan qarash tuyg‘ularini shakllanishida muhim ma’naviy-ma’rifiy omil vazifasini o‘tagan; 
Toshkent shahrining XX – XXI asrlar tarixini o‘zida aks ettiruvchi tarixiy manbalar va ularni tasniflash, tahlil qilish bilan bog‘liq nazariy bilimlardan O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakul`teti, O‘zR FA Tarix instituti, O‘zR FA Sharqshunoslik bilan hamkorlikda oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun nashr etilgan “Manbashunoslik” dasrligini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 martdagi 274-sonli buyrug‘i, Sertifikat №274-015). Bu talabalarda O‘zbekistonning mustaqillik davrida Toshkent shaxar ko‘chalarining nomlanishi, unda milliylikka e’tibor berilganligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishlarida xizmat qilgan;  
Toshkentning eng yangi davri tarixini yaratishda muhim sanalgan arxiv hujjatlarini tarixiy tadqiqotlarda qo‘llash uslublariga doir bilimlar hamda ular asosida shahar joy nomlarining turlari, ma’nosi, miqdori, o‘zgarishi sabablari, tarixiy jarayonlar bilan bog‘liqligi omillarini aniqlash kabi natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakul`teti “Manbashunoslik va arxivshunoslik” kafedrasi bilan hamkorlikda oliy ta’lim talabalari uchun tayyorlangan “Arxivshunoslik” darsligini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-son buyrug‘i. Sertifikat №434-147). Natijada darslikning arxivshunoslik va arxiv hujjatlari bilan ishlash uslublari, arxiv sohalari, arxivlar tarixiga bag‘ishlangan bo‘limlari yozilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish