Maxmudov Toxir Isaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Temuriylar davri ta’lim tizimi tarixi”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3. PhD/Tar205.
Ilmiy rahbar: Yusupova Dilorom Yunusovna, O‘zFA akademigi, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.02.10.
Rasmiy opponentlar: Xayitov Shodmon Axmadovich, tarix fanlari doktori, professor; Fayziev Xurshid Turg‘unovich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Markaziy Osiyoning o‘rta asrlar davri ijtimoiy-madaniy hayotida Temuriylar davri ta’lim tizimi xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
maktab, xonaqox, madrasa, shifoxonalar va mudarrislik Temuriylar davri ta’lim tizimining muayyan ajralmas qismi ekanligi aniqlanib, ularda diniy hamda dunyoviy fanlarni uzviylikda o‘qitishga alohida e’tibor berilganligi dalillangan;
XV asrda Xuroson va Usmonli turklar davlatida ta’limning oliy bosqichi shakllanishi Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek Madrasai oliyasida tahsil olgan Ali Qushchi, Birjandiy, Shamsiddin Muhammad Balxiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiylarning nomi bilan bog‘liqligi asoslab berilgan;
Temuriylar davri ta’lim tizimida kutubxona, honaqox va shifoxonalarning maxsus tabiblik, so‘fiylik kabi mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etganligi aniqlangan;
XV asrda Movarounnahr va Xurosonda oliy ta’lim tizimi shakllanishi bosqichida mudarrislik rutbasi, o‘quv jarayoni va madrasalar ta’minotini olib borishdagi o‘quv-uslubiy, ijtimoiy va iqtisodiy tartiblar ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Temuriylar davri ta’lim tizimi sohasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Temuriylar davrida Xuroson madrasalari (Amir Feruzshoh, Xo‘ja Malik zargar, Shohruh, Gavharshodbegim, Sabzbaramon va b.) va mudarrislari (Mavlono Shamsiddin Muhammad Isfironiy, Jamoliddin Atoulloh, Qozi Nizomiddin Muhammad kabilar) haqidagi yangi ilmiy ma’lumotlardan FA-A-1-010 raqamli «Amir Temur ensiklopediyasini tuzish va nashrga tayyorlash» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2021 yil 16 noyabrdagi 3/1255-3176-son ma’lumotnomasi). Natijada ensiklopediya Temuriylar davrida Xurosonda mavjud bo‘lgan madrasalar va mudarrislar haqidagi yangi ilmiy faktlar bilan to‘ldirilgan.
Movarounnahr va Xuroson madrasalarida tahsil olgan olimu ulamolar tarjimai hollarini aniqlashda hamda madrasalarning o‘quv jarayoni va dasturlari xususidagi ilmiy yangiliklardan «Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi»ning KP 6231/360 raqamli «Inorodcheskoe obrazovanie v Turkestanskom krae», KP 6231/20 raqamli «Ocherk razvitiya narodnogo obrazovaniya v Turkestanskom krae» (sost. S.Grameniskiy), g. Tashkent 1896 g., KP 768 raqamli «Uchebnik matematiki dlya medrese», KP 1590 raqamli «Uchebnik arifmetiki dlya medrese. Samarqand», KP 5991/644 raqamli muzey ashyolariga ilmiy tasnif yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 27 oktyabrdagi 03-46/-10-9645-son ma’lumotnomasi). Bu esa Temuriylar davriga oid ta’lim muassasalari – madrasalar, xonaqohlar va kutubxonalar faoliyatini ochib berishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O’zbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan «Ko‘hna manzillar» ko‘rsatuvida Temuriylar davri ta’lim tizimi, Movarounnahr va Xurosonda faoliyat ko‘rsatgan asosiy ta’lim markazlari – madrasalar faoliyati, ta’lim markazlarida faoliyat ko‘rsatgan mudarrislar, o‘quv jarayonida o‘tiladigan fanlarning ta’lim jarayoni shakllanishida o‘ziga xos jihatlari, o‘quv muddati, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularga to‘lanadigan stipendiya kabi masalalar haqidagi ma’lumotlardan foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi 2021 yil 21 maydagi 02-40-807-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanishi mamlakatimizning ta’lim tizimi tarixi, O‘zbekistondagi madrasalar tarixi haqidagi ma’lumotlarni aholi o‘rtasida targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etgan.