Iqtisodiyotni raqamlashtirish doirasida ta’lim va ilm-fan sohalariga IT-texnologiyalarini keng joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu jihatdan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasining muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblangan professor, katta ilmiy xodim va dotsent ilmiy unvonlarida tasdiqlashga oid attestatsiya jarayonini raqamlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Amalga oshirilgan dasturiy-texnik va ilmiy-tashkiliy chora-tadbirlar natijasida “Ilmiy unvonlar kompleks-tahliliy  axborot tizimi” ishlab chiqilib, 2021 yildan boshlab amaliyotga joriy etildi. Mazkur tizim ilmiy unvonlar bo‘yicha attestatsiya ishi hujjatlarini qabul qilishdan boshlab, ularni me’yoriy-texnik va ilmiy ekspertizadan (masofaviy tarzda) o‘tkazish kabi barcha jarayonlarni elektron shaklda tashkil etish imkoniga ega.
“Ilmiy unvonlar kompleks-tahliliy axborot tizimi”ni amaliyotga joriy qilish natijasida 2021 yil yakuni bo‘yicha quyidagi natijalarga erishildi:
ilmiy unvonlar bo‘yicha attestatsiya ishlarini ro‘yxatga olishga sarflanadigan vaqt 100 foizga va qog‘oz sarfi 100 foizga qisqartirildi, viloyatlarda joylashgan oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlardan kelib-ketish uchun xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlar keskin iqtisod qilindi;
barcha attestatsiya hujjatlarini me’yoriy-texnik va ilmiy ekspertizadan elektron tarzda o‘tkazilishi tashkil etildi;
ilmiy unvonlarda tasdiqlangan mutaxassislar to‘g‘risidagi doimiy o‘sib boruvchi ma’lumotlar bazasidan manfaatdor vazirliklar va idoralar foydalanishi imkoninini yaratish maqsadida axborot tizimi “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksiga integratsiya qilindi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar sharoitida samarali ilmiy-pedagogik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-pedagogik sohada xalqaro integratsiyani rivojlantirish va jahonning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida yoshlarimiz ta’limi motivatsiyasini rag‘batlantirish maqsadida tegishli direktiv hujjatlarga ko‘ra:
xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlarida olingan ilmiy unvonlar to‘g‘risidagi hujjatlar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar kengashlarining tavsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi;
Toshkent davlat pedagogika universitetiga muntazam ilmiy-pedagogik faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan, yuqori malakali, tegishli sohada chuqur kasbiy bilim va yutuqlarga erishgan xodimlarga pedagogika va o‘qitish metodikasi ixtisosliklari bo‘yicha dotsent va professor ilmiy unvonlari berish huquqi berildi.
Attestatsiya jarayoniga IT-texnologiyalarini keng joriy qilish borasida  professor, katta ilmiy xodim va dotsent ilmiy unvonlarida tasdiqlangan shaxslarga attestatlarni elektron shaklda Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda tezkor taqdim etish yo‘nalishda tegishli dasturiy-tashkiliy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Attestatlar elektron shaklini tezkor ravishda ilmiy unvonlarda tasdiqlangan shaxslarga taqdim etish joriy yilning noyabr` oyidan boshlab amalga oshirilishi  ko‘zda tutilmoqda.
IT-texnologiyalarni keng joriy qilish asosida professor, katta ilmiy xodim va dotsent ilmiy unvonlarida tasdiqlashga oid attestatsiya jarayonini raqamlashtirish borasidagi chora-tadbirlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.

OAK Axborot xizmati

Yangiliklarga obuna bo‘lish