O‘mirova Dilnoza Safarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hududiy turizmni innovatsion yondashuv asosida takomillashtirish (Qashqadaryo viloyati misolida)», 08.00.17 – Turizm va mehmonxona faoliyati (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Iqt924 
Ilmiy rahbar: Abduvohidov Abdumalik Mahkamovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Safarov Baxodir Shaxriyorovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xudayberganov Dilshod Tuxtabaevich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Hududiy turizmni innovatsion yondashuv asosida takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va eksportini oshirishda “Kitob kenglik stansiyasi” va “Maydanak observatoriyasi”ni astronomik turistik yo‘nalish sifatida turistik ob’ektga aylantirish orqali yangi turizm marshrutlarini joriy qilish taklif etilgan;
tijorat banklari tomonidan oilaviy mehmon uylariga uzoq muddatli, shu jumladan imtiyozli davr bilan markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkada kredit ajratish taklif etilgan;
Qashqadaryo viloyati turizm infrastrukturasini takomillashtirish va turizm salohiyatini baholashda har bir tumanning madaniy-meros ob’ektlari, monumental, arxeologik va arxitektura yodgorliklari hamda maxsus tog‘, eko, etno, agro turizm xaritasi ishlab chiqilgan;
Qashqadaryo viloyatida astronomik turistik yo‘nalishlar, muzey-yodgorliklar, festivallar, oilaviy mehmon uylarini tashkil etishning turizmni innovatsion rivojlanishiga ta’sirining 2026 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hududiy turizmni innovatsion yondashuv asosida takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va eksportini oshirishda “Kitob kenglik stansiyasi” va “Maydanak observatoriyasi”ni astronomik turistik yo‘nalish sifatida turistik ob’ektga aylantirish orqali yangi turizm marshrutlarini joriy qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 martdagi 198-son «Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 1-ilovasi Qashqadaryo viloyatida yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 19 oktyabrdagi 03-17-02/9235-son ma’lumotnomasi). Natijada “Kitob kenglik stansiyasi” va “Maydanak observatoriyasi”ga sayyohlar tashrifi tashkil etilib, respublikada yagona astronomik turistik yo‘nalish yaratilishiga erishilgan. Mazkur yangi turistik yo‘nalish tufayli Kitob va Qamashi tumanlarida turistik bog‘liqlik vujudga keltirilgan. Buning natijasida sayyohlarning hududda qolish muddati 2-3 kunga uzayishiga erishilgan;
tijorat banklari tomonidan oilaviy mehmon uylariga uzoq muddatli, shu jumladan imtiyozli davr bilan markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkada kredit ajratish taklifi  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi 631-son «Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 19 oktyabrdagi 03-17-02/9235-son ma’lumotnomasi). Natijada viloyatda 180 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etildi hamda sayyohlarning hududda qolish muddati 0,5 kundan 2-3 kungacha uzaydi. Hududda bir yilda oilaviy mehmon uylari hisobiga 500 mln so‘m mablag‘ aylangan;
Qashqadaryo viloyati turizm infrastrukturasini takomillashtirish va turizm salohiyatini baholashda har bir tumanning madaniy-meros ob’ektlari, monumental, arxeologik va arxitektura yodgorliklari hamda maxsus tog‘, eko, etno, agro turizm xaritasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 martdagi 198-son «Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 19 oktyabrdagi 03-17-02/9235-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida viloyat turizm xaritasi 5000 nusxada chop etildi. Natijada esa tumanlar kesimida hududning turizm yo‘nalishlari bo‘yicha rivojlantirish va hududga tashrif buyuruvchi sayyohlarga taqdim etilayotgan xizmat turlarining assortimentini tubdan yaxshilash imkonini bergan;
Qashqadaryo viloyatida astronomik turistik yo‘nalishlar, muzey-yodgorliklar, festivallar, oilaviy mehmon uylarini tashkil etishning turizmni innovatsion rivojlanishiga ta’sirining 2026 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 19 oktyabrdagi 03-17-02/9235-son ma’lumotnomasi). Natijada Qashqadaryo viloyatida turizm salohiyati 30,9 foizga o‘sishi hamda turizmdan keladigan daromad 2,3 barobarga oshishi prognoz qilingan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish