Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida ta’lim va fan sohalarini rivojlantirishga berilayotgan ulkan ahamiyat va samarali ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar ilmiy izlanishlar olib borishga qiziqishni yanada kuchaytirmoqda. Bu borada, jumladan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash hamda ularni attestatsiyadan o‘tkazishda dissertatsiyalar mavzulari muhim ahamiyat kasb etadi.
Fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalari mavzularini tasdiqlash vakolati oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar kengashlariga yuklatilgan holda ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va e’lon qilib borish OAK tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.
Oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar kengashlari qarorlari bilan 2017-2021 yillarda tasdiqlangan 20 mingdan ortiq dissertatsiyalar mavzulari ro‘yxatdan o‘tkazildi. Mavzularning fan tarmoqlari bo‘yicha taqsimlanishiga ko‘ra jami mavzularning 45 foizi aniq-tabiiy, tibbiyot fanlari va 55 foizi ijtimoiy-gumanitar fanlar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan dissertatsiya mavzulari bo‘yicha quyidagi umumiy xulosalarga kelish mumkin: birinchidan, mavzular mamlakatimizda fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq shakllan-tirilgan; ikkinchidan, mavzular iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar dolzarb muammolarining ilmiy echimlarini asoslashga yo‘naltirilgan.
Samarali ilmiy faoliyatga qo‘lay shart-sharoit yaratish, izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash va masalani tezkor hal etish maqsadida dissertatsiyalar mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazishda qator qulayliklar yaratilgan, jumladan:
hujjatlarni qabul qilish ishlari to‘laligicha raqamlashtirilgan holda MAVZU-R axborot tizimi orqali qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgan;
oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar kengashlari qarori bilan mavzularga o‘zgartirishlar kiritilgan hollarda elektron tizim orqali ular qayta qabul qilinib, ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari muddatida tashkil etiladi;
mavzularning ro‘yxatdan o‘tkazilgani (qayta o‘tkazilgani), o‘tkazilmagani (qayta o‘tkazilmagani) hamda e’lon qilingani (e’lon qilinmagani)dan qat’iy nazar malakaviy imtihonlarni topshirish, ishni ilmiy seminarlarda muhokama qilish, shuningdek attestatsiya jarayonini davom ettirish mumkinligi bo‘yicha to‘liq imkoniyat yaratilgan.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash hamda ularni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonini optimal tashkil qilish, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning akademik mustaqilligini ta’minlash maqsadida amaldagi tartib-qoidani takomillashtirish yuzasidan ilmiy jamoatchilik bilan kelishilgan holda dissertatsiyalar mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va «OAK Byulleteni» jurnalida e’lon qilish amaliyotini bekor qilish bo‘yicha taklif ishlab chiqilib, nizomlarning yangi tahriri loyihalariga kiritildi.
Muxtasar aytganda, izlanuvchilar tomonidan bajarilayotgan dissertatsiya tadqiqotlari natijalari mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning jahon hamjamiyatida obro‘-e’tiborini yanada oshirish va barkamol avlodni tarbiyalashning munosib ilmiy asosini yaratishga bundan buyon ham xizmat qilib boradi.
OAK matbuot xizmati