Elmirzaev Samariddin Eshkuvatovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Korporativ moliyani boshqarishda soliq munosabatlarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Iqt.38.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.15.01.

Rasmiy opponentlar: Toshmatov Shuhrat Amonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Pulatov Dilshod Haqberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori; Al`mardonov Muxammadi Ibragimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Soliq akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: korporativ moliyani boshqarishda soliq munosabatlarini tashkil etish uslubiyatini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-uslubiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

korporativ moliyani boshqarishda soliqlarni joriy rejalashtirishning tashkiliy jihatlari sifatida soliq qonunchiligi monitoringini o‘tkazish, ichki va tashqi muhitda kutilayotgan o‘zgarishlar asosida soliqlarni rejalashtirish, soliq majburiyatlari ijrosini nazorat qilish tartibi takomillashtirilgan;

soliqlarni joriy rejalashtirish samaradorligini oshirish uchun natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish mexanizmi hamda samaradorlikni baholovchi ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan;

korporativ moliyada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan soliq risklarining ta’sir darajasini kamaytirish maqsadida soliq risklarini aniqlash, baholash va ularga ta’sir etish hamda ichki soliq nazoratini o‘tkazish tartibi uzviylikka asoslangan holda ishlab chiqilgan;

soliq maslahatchilariga qo‘yilgan talablar ilg‘or xorij tajribasi va respublikadagi o‘ziga xos xususiyatlardan kelib chiqqan holda takomillashtirilgan, professional soliq maslahatiga o‘tish uchun soliq maslahatchilari kompetentligi asosida soliq maslahati xizmatini ko‘rsatish toifalangan;

soliq maslahati institutining faoliyat doirasini kengaytirish maqsadida qonunchilikka qo‘shimchalar kiritish orqali yangi xizmatlar turlarining joriy etilishi asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Korporativ moliyani boshqarishda soliq munosabatlarini tashkil etish uslubiyatini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:

soliqlarni joriy rejalashtirishning tashkiliy xususiyatlari «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatida qo‘llanilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining 2017 yil 29 sentyabrdagi ShT-17-son ma’lumotnomasi). Natijada har bir chorak yakuni bo‘yicha faoliyat bilan bog‘liq soliq qonunchiligini monitoringdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan hamda har bir chorak bo‘yicha soliq va moliyaviy hisobotlarni tuzishda soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarning inobatga olinishi ta’minlangan;

ishlab chiqilgan soliqlarning rejalashtirishda natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish tizimini qo‘llash bo‘yicha taklif «Toshkent don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatida amaliyotga joriy etilgan («Toshkent don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatining 2017 yil 5 sentyabrdagi 5/952-son ma’lumotnomasi). Natijada soliq masalalari bo‘yicha mas’ullar tomonidan soliq imtiyozlaridan to‘liq foydalanish, soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida to‘liq bajarish, soliq risklari yuzaga kelishining oldini olish natijasida foydaning 0,027 foizga o‘sishiga erishilgan;

ishlab chiqilgan ichki soliq nazoratini o‘tkazish metodologiyasi «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatida qo‘llanilgan (Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining 2017 yil 29 sentyabrdagi ShT-17-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida 2017 yil o‘tgan davri uchun foyda solig‘i bo‘yicha 17,38 million so‘m, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha 23,27 million so‘m, er qa’ridan foydalanganlik uchun 35,86 million so‘m, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bo‘yicha 10,51 million so‘m, boshqa soliqlar va majburiy ajratmalar bo‘yicha 14,87 million so‘m, jami 101,89 million so‘m byudjetga qo‘shimcha to‘lovlar o‘tkazilishi lozimligi aniqlanib, to‘lovlar amalga oshirildi hamda byudjetga to‘lovlarning kechiktirilishi tufayli qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy jarimalarning oldi olingan;

davlat soliq organlarida kamida 5 yil davomida ishlagan xodimlar uchun soliq maslahatchisi sertifikatini olishlariga vaqt omili salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi sababli soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun belgilangan shartlar tarkibidan o‘quv kurslarini o‘tash majburiyatini olib tashlash bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amaliyotga joriy etish uchun qabul qilingan (Moliya vazirligining 2017 yil 6 noyabrdagi KA/04-01-35-11/1481-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi soliq maslahati institutlari ortib borishiga xizmat qiladi;

mamlakatimizda professional soliq maslahati xizmatini joriy etish uchun soliq maslahatchilari kompetentligi asosida soliq maslahati xizmatini ko‘rsatish faoliyat doirasi kengayib borish tartibida jismoniy shaxslar; kichik biznes sub’ektlari; yirik real sektor korxonalari; moliya bozori institutlari; sud ishlari bo‘yicha toifalanishi bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amaliyotda qo‘llash uchun qabul qilingan (Moliya vazirligining 2017 yil 6 noyabrdagi KA/04-01-35-11/1481-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbig‘i soliq maslahati xizmatining sifat jihatdan takomillashuvini ta’minlaydi;

soliq maslahati tashkilotiga soliq hisobotlarini tuzish bilan birga soliq organlariga taqdim etish vakolatini ham berish va O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 45-moddasi 1-bandini «Soliq hisoboti soliq to‘lovchi yoki ishonchnoma asosida soliq maslahatchilari tashkilotining soliq maslahatchisi tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda taqdim etiladi. Soliq maslahatchilari tashkilotining soliq maslahatchisi tomonidan taqdim etilgan soliq hisoboti soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan hisoblanadi» mazmunida bayon etish: bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amaliyotga joriy etish uchun qabul qilingan (Moliya vazirligining 2017 yil 6 noyabrdagi KA/04-01-35-11/1481-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi soliq maslahati tashkilotlarining faoliyat doirasini kengaytirish imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish