Ostonova Gulshod Razzoqovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarning tasviriy san’at haqidagi tasavvurlarini rivojlantirish”, 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2020.1.PhD/Ped 307.
Ilmiy rahbar: Shoumarov G‘ayrat Baxromovich, psixologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK nomi: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Ped.72.04.
Rasmiy opponentlar: Ro‘ziev Erkin Iskandarovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Kamolov Iftixor Baxtiyorovich, fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarning tasviriy san’at haqidagi idrok va tasavvurlarini rivojlantirish yo‘llarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarining tasviriy san’at asarlari go‘zalligini va borliqni tasavvur qilish jarayonidagi badiiy-estetik tafakkur va emotsional sezgirlik savodxonligini rivojlantirishga oid qadriyatlarni idrok etish, kompozison tasavvur va obrazli xotirani shakllantirish kabi pedagogik-psixologik funksiyalar aniqlashtirilgan;
o‘quvchilarda tasvirlash ko‘nikmalari va ijodkorlik malakalarini tarkib toptirishga qaratilgan rangtasvir, portret, natyurmort va manzara janrlari kabi ifodaviy vositalar bilan tasviriy faoliyat dasturlarini integratsiyalash asosida tasviriy san’at haqidagi tasavvurlarni rivojlantirishning pedagogik xususiyatlari ochib berilgan;
o‘quvchilarning san’at asarlari bilan faol munosabatlarni shakllantirish jarayoni ijtimoiy-emotsional amaliy o‘qitish mazmuniga kompanovka, perspektiva, kompozisiya va fakturani singdirish orqali takomillashtirilgan;
tasviriy san’atda badiiy-ijodiylik qirralarini namoyon qilishga qaratilgan vizual vositalar va ART texnologiyalardan foydalanib o‘quvchilarda tasviriy san’at haqidagi tasavvurlarining rivojlanganlik darajalarini diagnostik baholash mezonlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot natijalaridan “Umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarning tasviriy san’at haqidagi tasavvurlarini rivojlantirish muammosi” mavzusidagi dissertatsiya ishida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
o‘quvchilarning tasviriy san’at haqidagi idrok va tasavvurlarini rivojlantirishga oid mualliflik g‘oyalaridan 2017-2020 yillarida bajarilgan OT-F1-002 raqamli “Yoshlarda milliy g‘oya va mafkuraviy immunitetni shakllantirishning psixologik mexanizmlari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 oktyabrdagi 89-03-3640-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘quvchi-yoshlarda milliy g‘oya va mafkuraviy immunitetni shakllantirishning psixologik mexanizmlari tasviriy san’at va uni anglash asosida takomillashtirilgan;
o‘quvchilarning tasviriy san’at asarlarida idrok va tasavvurlarini rivojlantirishning pedagogik-psixologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini aniqlashtirishga doir takliflardan “Umumiy o‘rta ta’limning umumta’lim fanlari bo‘yicha kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan Davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish” konsepsiyasi hamda umumiy o‘rta ta’limning Davlat ta’lim standarti va boshlang‘ich ta’limning malaka talablarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 oktyabrdagi 89-03-3640-son ma’lumotnomasi). Natijalar umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilarida tasviriy san’at haqidagi idrok va tasavvurlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilarining tasviriy san’at asarlarini anglash borasidagi idrok va tasavvurlarini maxsus mashqlar vositasida rivojlantirish yo‘llari Buxoro davlat universitetining “Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi” kafedrasi hisobidagi “Tasviriy faoliyat psixologiyasi” fanini o‘qitishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 oktyabrdagi 89-03-3640-son ma’lumotnomasi). Natijada, fan o‘qituvchilarining tasviriy san’at darslarida o‘quv jarayonining sifati va samaradorligini oshishiga erishilgan.