Ahmedova Gulchehra O‘skinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonning janubiy hududlarida baxshichilik an’analarining etnomadaniy jarayonlari tarixi (XIX asrning ikkinchi yarmi - XXI asr boshlari)”, 07.00.07 –“Etnografiya, etnologiya va antropologiya” (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tar.690.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Tursunov Saypulla Narzullaevich, tarix fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Ubaydullaeva Barno Mashrabjonovna, tarix fanlari doktori; Raxmonov Faxriddin Shaymardonovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon mashinasozlik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonning janubiy hududlarida XIX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida baxshichilik an’analarining etnomadaniy jarayonlarga ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonning janubiy hududlarida shakllangan baxshichilik maktablari repertuaridan joy olgan dostonlarda urug‘-aymoqchilik, oilaviy, xo‘jalik, marosim, urf-odat va an’analar kabi etnografik ma’lumotlar jamlanganligi aniqlangan;
“Alpomish” dostonida uchraydigan Jiydali Boysun, Tovkaning qo‘rg‘oni, Oynako‘l, Chilbir cho‘l, Alpomishning chohi, Boychiborning oxuri kabi toponomik nomlar, qo‘ng‘irot, qalmoq, qoraqalpoq, nayman, totor, juz, qatag‘on, no‘g‘ay kabi etnik munosabatlar, “beshik kerti”, “qarshi quda”, “etak yirtish”, “chilla”, “sovchilik”, “qalin”, do‘st tutinish kabi urf-odat va an’analarga bog‘liq jarayonlar mavjudligi dalillangan;
baxshichilik maktablari repertuaridan o‘rin olgan dostonlar asosida O‘zbekistonning janubiy hududlari aholisining yaloq qizartar, it irillatar kabi oilaviy, chilla, mezon, yulduz o‘nglash, yangi oy kabi taqvimiy, ot, bo‘ri, tuya kulti kabi mifologik va qo‘sh haydash, cho‘ponchilik, cho‘liq, arkar, daxmarda, hashar, kashta tikish, o‘rmak kabi xo‘jalik, jahr, fol ko‘rsatish, sust xotin, baxshiga boqtirish, xaloslash, suq, kirna kabi an’ana va marosimlari, oq suyak, tirkash, boboltaka, ganosh, chirkash, chillik, besh tosh, olish kabi xalq o‘yinlari mavjudligi aniqlangan;
Chiroqchi, Shahrisabz, Qamay va Sherobod dostonchilik maktablarining tarixiy taraqqiyoti va etnoxududiy xususiyatlarining rivojlanish bosqichlari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
O‘zbekistonning janubiy hududlarida shakllangan dostonchilik maktablari atrofida jamlangan baxshi-shoirlar va ularning repertuarlaridan joy olgan dostonlar, Qashqadaryo va Surxon-Sherobod vohalari baxshichilik maktablari an’analarining har ikkala voha aholisi ma’naviyatidagi o‘rni, dostonlarda aks etgan etnografik ma’lumotlardan foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi vazirligining 2021 yil 16 noyabrdagi 02/08/1454-son ma’lumotnomasi). Natijalar “Termiz” davlat muzey - qo‘riqxonasining “Xalq amaliy san’ati va etnografiyasi” bo‘limidagi baxshichilikga oid mavjud eksponatlarni muzeyga tashrif buyuruvchilarga tushuntirishda, muzey yo‘l ko‘rsatkichlarini yangilashga, teleradio eshitirishlar orqali baxshichilik san’atini targ‘ib qilishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonning janubiy hududlarida XIX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida baxshichilik an’analarining etnomadaniy jarayonlarga ta’sirini o‘rganish, O‘zbekistonning janubiy hududlarida baxshichilik an’analari bilan bog‘liq etnografik ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 3 dekabrdagi 01-10-1808-son ma’lumotnomasi). Natijalar o‘zbek milliy baxshichilik maktablari va dostonchilik an’analarini asrab-avaylash, rivojlantirish, keng targ‘ib qilish, shuningdek yosh avlod qalbiga vatanparvarlik, insoniylik hamda madaniy va ma’naviy merosga hurmat tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qilgan.