Ergashev Jahongir Yunus o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Buxoro xonligi karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish tizimi (XVI-XVIII asr o‘rtalari)”, 07.00.01- O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Tar349.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Tar.72.07.
Ilmiy rahbar: Mavlanov O‘ktam Maxmasobirovich, tarix fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: G‘afforov Shokirjon Safarovich, tarix fanlari doktori, professor; Xasanov Akrom Muminovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi XVI-XVIII asrlarda Buxoro xonligi karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish tizimi tarixini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qadimgi davrdan boshlab O‘rta Osiyo xalqlari iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutgan savdo yo‘llari XVI-XVIII asrlarda ham o‘zining uzluksizligini saqlab qolganligi, XVI asrda dengiz yo‘li ahamiyatining oshishi Buxoro xonligining xalqaro maydondagi muhim iqtisodiy ahamiyatining pasayishiga olib kelganligi, bu xalqaro tranzit yo‘llaridagi savdo munosabatlarining susayishiga va  mintaqaviy, lokal karvon yo‘llarining ahamiyatining oshishiga turtki bo‘lganligi dalillangan;
Buxoro xonligida markaziy mahkamalar va mahalliy hokimiyat karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish tizimini tashkil etish, nazorat qilish hamda boshqarish funksiyalarini bajarganligi, bu soha davlat xazinasini va mahalliy g‘aznani to‘ldiradigan yirik tarmoq sifatida faoliyat ko‘rsatganligi ochib berilgan;
so‘nggi o‘rta asrlarda Buxoro xonligida yo‘lbo‘yi inshootlari hisoblangan karvonsaroy, sardoba, quduq, ko‘prik, masjid, hovuz, ariq kabilarning funksional ahamiyati aniqlanib, karvon yo‘llarida yo‘lboshlovchi, kirakash, tilmochlar, qo‘riqchilar xizmati, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish kabilardan tashqari tibbiy xizmat ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yilganligi dalillangan;
XVI-XVIII asrlarda mintaqa karvon yo‘llari tizimi faoliyatiga xos xususiyatlar davom ettirilganligi, Buxoro xonligi mintaqaning an’anaviy xalqaro aloqalarini saqlab qolganligi,  Hindiston, Xitoy, Eron bilan iqtisodiy munosabatlar davom ettirilib, xalqaro aloqaning yangi yo‘nalishlari, ya’ni Rossiya bilan keng ko‘lamli iqtisodiy munosabatlar rivojlanganligi, xizmat ko‘rsatish tizimida pochta xizmatini tashkil etish, boj olish qoida va tartiblari, soliqlar, ularning turlari, mahsulotga nisbatan foizlar miqdori ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XVI-XVIII asr o‘rtalarida Buxoro xonligi karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish tizimi tarixini tadqiq etish bo‘yicha qo‘lga kiritilgan natijalar, ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Shayboniylar va ashtarxoniylar davrida Buxoro xonligi karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish tizimiga oid yozma manbalar va tarixiy adabiyotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tizimidagi xorijiy va mahalliy sayyohlarning ekskursiya matnlarini yangi ma’lumotlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 8 sentyabrdagi 01-12-10-3368-son ma’lumotnomasi). Natijada, Buxoro xonligining so‘nggi o‘rta asrlardagi tarixini yangi materiallar asosida keng jamoatchilikka targ‘ib qilishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
so‘nggi o‘rta asrlarda Buxoro xonligida savdo-sotiq, yo‘llardagi asosiy yo‘nalishlar va tarmoqlar, ularning masofasi, landshaft holati, shuningdek, yo‘lbo‘yi inshootlari hisoblangan karvonsaroy, sardoba, quduq, ko‘prik, masjid, hovuz, ariq kabilarning xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq tarixiy faktlar Buxoro shahrini xalqaro turizm markaziga aylantirish, bu sohadagi yo‘nalishlarni takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 4 iyundagi 02-22/4323-son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishda Buxoro shahrining ahamiyatini aniqlashtirishda amaliy asos bo‘lib xizmat qilgan;
xizmat ko‘rsatish tizimida pochta xizmatini tashkil etish, boj olish qoida va tartiblari, soliqlar, ularning turlari, mahsulotga nisbatan foiz (1/40 yoki 2/100) bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat ta’limi yo‘nalishlarida o‘qitilayotgan “Jahon sivilizatsiyalari” o‘quv qo‘llanmasi tayyorlangan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 30 iyundagi 359-033-son guvohnomasi). O‘quv qo‘llanma talabalarga savdo yo‘llari xizmatiga oid keng ma’lumotlar berishga xizmat qilgan;
qadimgi davrdan boshlab O‘rta Osiyo xalqlari iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutgan savdo yo‘llari XVI-XVIII o‘rta asrlarda ham o‘zining uzluksizligini saqlab qolganligi haqidagi ma’lumotlardan Buxoro telekanalida 2018 yilda efirga uzatilgan “Menga so‘z bering”, “Assalom, Buxoro”, 2019 yil efirga uzatilgan “Jahon tamadduni durdonalari”, “Asrlarning asraganlari” teleko‘rsatuvlari, “Buxoro” radiosida efirga berilgan “Muloqot va munozara”, “Qadriyatlar qadim beshigi” radioeshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 4 sentyabrdagi 02-15/2672-son ma’lumotnomasi). Nnatijalar ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmunini boyitish va ilmiy dalillarga boy bo‘lishida, shuningdek, ko‘rsatuvlar ilmiy-ommabopligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etgan holda tarixiy-madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish