Raxmonov Xamro Xazratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy institutlar faoliyati tarixi (Navoiy viloyati misolida)”, 07.00.01- O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tar226.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Tar.72.07.
Ilmiy rahbar: Pasilov Baxodir Abdullaevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Rasmiy opponentlar: Xayitov Shodmon Ahmadovich, tarix fanlari doktori, professor; Ishquvatov Valiqul Turdievich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi 1991-2021 yillarda Navoiy viloyatida mahalla va yoshlar tashkilotlarining ijtimoiy institut sifatidagi faoliyatini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asrning 80-90 yillarida viloyatdagi hududiy jihatdan olis masofada joylashgan mahalla va ovullarda turli infrastrukturalarning etarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi hamda tizimda malakali kadrlar etishmasligi oqibatida qishloq aholisi orasida ishsizlar soni ko‘payganligi va shahar joylarida oilaviy ajrimlar foizi yuqori bo‘lganligi dalillangan;
Navoiy viloyatining Xatirchi, Nurota, Konimex va Tomdi tumanlarida mahalla fuqarolar yig‘inlari geografik joylashuviga ko‘ra shahar va tuman markazidan uzoqda, cho‘l hamda tog‘li hududlarda joylashganligi, viloyat tumanlari aholisi miqdoridan kelib chiqib, tumanlarni tashkil etuvchi fuqarolar yig‘inlari sonida ham yuqori tafovut mavjudligi Xatirchi va Tomdi tumanlari misolida isbotlangan;
Navoiy viloyatida yoshlarni qo‘llab quvvatlash, ularning iqtidor va imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, rivojlantirish maqsadida viloyat, shahar va tuman mahallalarida yoshlar klublari, zamonaviy kutubxonalar tashkil etish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijod maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, hudud yoshlarining intellektual va kasbiy salohiyatini yuksaltirishda turli ijtimoiy institutlarning samarali faoliyat yuritib kelayotganligi ochib berilgan;
respublikada so‘nggi yillarda mahalla instituti faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar tizimda ijobiy o‘zgarishlarga olib kelganligi, jumladan, Navoiy viloyatida xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga, aholi bandligi ta’minlashga, daromadlarining oshishiga va turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilayotganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy institutlar faoliyati tarixi (Navoiy viloyati misolida)” tadqiqoti asosida olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflardan:
viloyatdagi hududiy jihatdan olis masofada joylashgan mahalla va ovullarda turli infrastrukturalarning etarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi, tizimda malakali kadrlar etishmasligi oqibatida XX asrning 80-90 yillarida qishloq aholisi orasida ishsizlar soni, jinoyatchilik va ajrimlar foizi yuqori bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan O‘zR FA huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazda bajarilgan PZ-20170928749 raqamli “O‘zbekistonning mustaqillikka erishishining tarixiy shart-sharoitlari, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy omillari” nomli amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2021 yil 16 avgustdagi 3/1255-2254-son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekistonda mahalla instituti tarixi, mustaqillik yillarida mahalla instituti faoliyatining takomillashuvi, xorijiy tadqiqotlarda yoritilishi kabi masalalarni keng turdagi manbalar asosida ko‘rsatib berishga xizmat qilgan;
Xatirchi tumanida “xavfsiz mahalla” tamoyilining joriy etilishi, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga, “jamoatchilik nazorati” punktlari faoliyatini takomillashtirish esa mahallalar aholisi daromadlarining oshishiga va turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlardan Vazirlar Mahkamasining “2019-2021 yillarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi 2019 yil 22 iyuldagi 613-son qarorining 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 4 maydagi 12/21-20-son dalolatnomasi). Natijada, Xatirchi tumanidagi mahallalar aholisining daromadlari va turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilgan;
2017–2020 yillarda hukumat tomonidan o‘zini o‘zi boshqarish organlariga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi natijasida viloyatda mahalla institutlari tomonidan ijtimoiy hayotidagi ajrimlar, jinoyatchilik, ishsizlik muammolari hal etilishiga xizmat qilgani hamda Navoiy viloyatida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda “Kamolot” YoIH, “Kamalak” bolalar tashkiloti, Yoshlar Ittifoqi, Yoshlar ishlar agentligi, Partiya yoshlar qanotlari, Yoshlar parlamenti kabi ijtimoiy institutlarining viloyat yoshlarini ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishdagi o‘rni hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, huquqbuzarlik, turli ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etishdagi roli to‘g‘risidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot institutida bajarilgan JHBL-45 “O‘zbekiston mahallalari: kecha va bugun” nomli ilmiy loyihasida foydalanilgan (“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining 2021 yil 2 noyabrdagi 01-09/616-son dalolatnomasi). Natijalar O‘zbekistonda mahalla institutining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini ilmiy jihatdan yangi ma’lumotlar asosida yoritish va tahlil qilish imkonini bergan.