Ayubov Bexzod Alisherovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Urologiyada laparoskopik va retroperitoneoskopik operatsiyalar taktikasini takomillashtirish», 14.00.31 – Urologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/Tib318
Ilmiy maslahatchi: Muxtarov Shuxrat Tursunovich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi DSc.04/30.12.2019.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Gaybullaev Asilbek Asadovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Shpot` Evgeniy Valer`evich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Rashidov Zafar Raxmatullaevich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining tibbiy ilmiy-o‘quv markazi (Rossiya Federatsiyasi)
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi laparoskopik va retroperitoneoskopik tashrixlar taktikasini takomillashtirish orqali urologik bemorlarni davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nefrektomiyani retroperitoneal, pielo-ureteral segment plastikasini esa transabdominal kirish yo‘li orqali amalga oshirishning asosiy taktik va texnik jihatlari aniqlangan;
laparoskopik xirurgik taktikani optimallashtirishga imkon beruvchi, klinik vaziyatga bog‘liq holda laparoskopik nefrektomiya va pieloplastikani amalga oshirishning murakkablik darajasini differensiatsiyasi asoslangan hamda «European Scoring System» tasnifiga qo‘shimchalar taklif etilgan;
laparoskopik nefrektomiya va pieloplastika uchun tashrixdan keyingi davrning normal - standart kechishi mezonlari aniqlangan;
laparoskopik pieloplastikani bajarishda operativ aralashuv davomiyligini qisqartirish va tashrix vaqtidagi asoratlarni kamaytirish imkonini beruvchi siydik nayining yuqori uchdan bir qismini spatulyasiya qilish va birinchi chokni qorin bo‘shlig‘idan tashqarida qo‘yish usuli ishlab chiqilgan;
xirurgik aralashuvning iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini beruvchi retroperitoneoskopik tashrixlarni bajarishda retroperitoneal bo‘shliqda ishchi maydonni hosil qilish uchun ballonli dilatatorning analogi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Urologik bemorlarni videoendoskopik davolashni yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Laparoskopik pieloplastikada siydik nayini spatulyasiya qilish usuli” ishlab chiqilgan (Intellektual mulk agentligining foydali model uchun patent FAP 01744, 2022 yil). Pielo-ureteral segment strikturasi bo‘lgan bemorlarni laparoskopik davolash uchun tavsiya etilgan usulni qo‘llash operatsiya davomiyligini va anesteziya vaqtini mos ravishda qisqartirish, operatsiya davomiyligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan asoratlarni oldini olish imkonini bergan;
retroperitoneoskopik nefrektomiya bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan “Retroperitoneoskopik nefrektomiya” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 7 martdagi 08-07/7138-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma keyingi erta va kechki asoratlar xavfini kamaytirish, umumiy davolash va reabilitatsiya kursining davomiyligini qisqartirish imkonini bergan;
buyrak kistalarini retroperitoneoskopik olib tashlash bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan “Buyrak kistalarini retroperitoneoskopik olib tashlash” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 7 martdagi 08-07/7138-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar buyrak kistalarida minimal aralashuvlar doirasini kengaytirish va xirurgik davolash natijalarini yaxshilash imkonini bergan;
laparoskopik va retroperitoneoskopik tashrixlar taktikasini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan, Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining urologiya bo‘limi va Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Xorazm filiali amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 7 martdagi 08-07/7138-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar asosida siydik tosh kasalligi va siydik yo‘llarining anomaliyalari bilan og‘rigan bemorlarga ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish doirasi sezilarli darajada kengaytirilgan, bu tashrixdan keyingi erta va kechki asoratlar xavfini kamaytirish, davolash va reabilitatsiyaning umumiy kursi muddatlarini qisqartirish, davolanish vaqtini va moliyaviy xarajatlarini kamaytirish orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini bergan.