Abjalova Manzura Abdurashetovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tili ontologiyasini yaratish tamoyillari” 10.00.11¬ – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Fil364.
Ilmiy rahbar: Dadaboev Xamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Xoshimov G‘anijon Mirzaaxmedovich, filologiya fanlari doktori, professor; Urinbaeva Dilbar Bazarovna, filologiya fanlari doktori, professor; Eshref Adali, texnika fanlari doktori, professor (Turkiya).
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamli texnologiya va sun’iy intellekt uchun lingvistik ontologiyalarni yaratish tamoyillari va leksik ma’lumotlar bazalari tuzilishini hamda UzNet – o‘zbek tili ontologiyasini yaratish konsepsiyasini shakllantirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
lingvistik ontologiya va tezaurus tushunchalarining semantik munosabatlarni qamrab olishi bo‘yicha integral hamda leksik birliklarning sohalararo tarmoqlanishi bo‘yicha differensial jihatlari falsafiy va lisoniy tamoyillar asosida muvaffaqiyatli aniqlanishi dalillangan;
lingvistik ontologiyada keng ko‘lamli sohalararo terminologik bazaning semantik tarmoqlanishiga asoslanishi aks etgan matematik modellar va leksik ma’lumotlar bazasi sifatida ontologiyaga qo‘yilgan konseptuallashtirish talablari aniqlangan;
ingliz tili Princeton WordNet ontologik tizimi asosida sinset (sinonimik to‘plam)lardagi semantik munosabatlar asnosidagi o‘zbek tili ontologiyasi (UzNet)ni yaratishning tizimli texnologiyasi, unda lingvistik va ekstralingvistik ma’lumotlarni taqdim etishdagi tamoyillar asoslangan;
lingvistik ontologiyalardagi birlamchi elemantlar – sinonim so‘zlar to‘plami (sinsetlar)ni yaratishning formal prinsiplari, tur va jins (giponim-giperonim), butun-bo‘lak (xolonim-meronim) munosabatlaridagi assimetriya, refleksivlik, tranzitivlik va merosiylik xususiyatlari aniqlangan, butun-bo‘lak munosabatlarini yuzaga keltiruvchi funksional, gomeoo‘lchovli va alohidalangan qismlar asosida turlanishi dalillangan;
o‘zbek tili ontologiyasini yaratish konsepsiyasining milliy lingvistik xususiyatlari KeNet – turk tili maxsus taksonomik va semantik veb tizimining struktural texnologiyasi bilan qiyoslangan holda asoslangan;
UzNetda so‘z ma’nolari izohini berishning pog‘onali tartibi, so‘z turkumlarini teglashning qoidalarga asoslangan va stoxastik (ehtimollik nazariyasi va statistik) usullari, o‘zbek tili ontologiyasida kvazisinonimlar to‘plamini yaratish va lingvistik sinkretizmni aniqlashning aktual jihatlari hamda shakliy munosabatlarga doir ma’lumotlar bazasi tarkibini tuzish prinsiplari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili ontologiyasi konsepsiyasi bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
lingvistik ontologiya va tezaurus tushunchalarining semantik munosabatlarni qamrab olishi bo‘yicha integral hamda leksik birliklarning sohalararo tarmoqlanishi bo‘yicha differensial jihatlari falsafiy va lisoniy tamoyillar asosida muvaffaqiyatli aniqlanishiga oid natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan I-OT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 26 noyabrdagi 04/1-2339-son ma’lumotnomasi). Natijada inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasvirida xolonim (butun), meronim (qism), giperonim (jins), giponim (tur) so‘zlar o‘rni va ahamiyatini yoritishga; o‘zbek va ingliz tillaridagi ko‘p ma’noli so‘zlarning ma’noviy munosabatlarini ochib berishga erishilgan;
lingvistik ontologiyalardagi birlamchi elemantlar – sinonim so‘zlar to‘plami (sinsetlar)ni yaratishning formal prinsiplari, tur va jins (giponim-giperonim), butun-bo‘lak (xolonim-meronim) munosabatlaridagi assimetriya, refleksivlik, tranzitivlik va merosiylik xususiyatlari aniqlangan, butun-bo‘lak munosabatlarini yuzaga keltiruvchi funksional, gomeoo‘lchovli va alohidalangan qismlar asosida turlanishiga doir tadqiqot materiallari va natijalaridan “O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi” o‘quv qo‘llanmasining “O‘quvchilarda kompetensiyalarni shakllantirish tamoyillari”, “Leksik-semantik munosabatlar” va “So‘z turkumlari va ularni tasniflash tamoyillari” nomli paragraflarida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021-yil 26 noyabrdagi 04/1-2341-son ma’lumotnomasi). Natijada nutqiy kompetensiya va lingvistik kompetensiyalarni shakllantirish omillarini yoritishga, sinonimiya va giponimiya munosabatlarini misollar bilan ochib berishga, leksik-semantik munosabatlarning lisonni boyitishdagi ahamiyatini namoyon etishga, so‘z turkumlarini tasniflash zaruratini yoritib berishga erishilgan;
UzNetda so‘z ma’nolari izohini berishning pog‘onali tartibi, so‘z turkumlarini teglashning qoidalarga asoslangan va stoxastik (ehtimollik nazariyasi va statistik) usullari, o‘zbek tili ontologiyasida kvazisinonimlar to‘plamini yaratish va lingvistik sinkretizmni aniqlashning aktual jihatlari hamda shakliy munosabatlarga doir ma’lumotlar bazasi tarkibini tuzishga doir tadqiqot natijalari va materiallaridan “Hozirgi o‘zbek tili” darsligida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 maydagi 285-son buyrug‘iga asosan 285-078 raqamli ruxsatnoma). Natijada darslikda sinonimiya va giponimiya hodisalarini misollar bilan yoritishga, turlarini ochib berishga, so‘zlarning semantik tasnifi va leksikolizatsiya hodisasini yoritishga erishilgan;
lingvistik ontologiyada keng ko‘lamli sohalararo terminologik bazaning semantik tarmoqlanishiga asoslanishi aks etgan matematik modellar va leksik ma’lumotlar bazasi sifatida ontologiyaga qo‘yilgan konseptuallashtirish talablaridan AM-FZ-201908172 raqamli “O‘zbek tili ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 26 noyabrdagi 04/1-2340-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining ta’limiy korpusida sinonim, antonim so‘zlari bazalari qatorida omonim va paronim so‘zlar bazasi asosidagi tizimli qidiruv natijasining chiqishiga erishilgan;
UzNet o‘zbek tili ontologiyasida semantik munosabatlarni shakllantirishda paronim so‘zlarning leksikografik bazasini yaratish maqsadida “O‘zbek tilidagi paronimlar so‘zlar lug‘ati” nashr qilingan (ISBN 978-9943-7870-6-3). Natijada o‘zbek tilidagi paronimlar bazasi yaratilib, o‘zbek tili ontologiyasi uchun lingvistik ta’minot shakllantirilgan;
o‘zbek tilidagi o‘zlashma so‘zlar, ularning turkumi, izoh(lar)i, asliy til haqidagi ma’lumotlar, o‘zlashmaning sinonim(lar)i, zid ma’nolari haqidagi ma’lumotlar, nutqni tanish va nutqiy kompetensiyani rivojlantirishga, nutqiy g‘alizliklarni bartaraf etishga xizmat qilishi maqsadida belgilab qo‘yilgan o‘zlashmaning urg‘uli bazasi “O‘zbek tili o‘zlashma so‘zlarining urg‘uli lug‘ati”ni nashr etishda foydalanilgan (O‘zbek tilidagi o‘zlashma so‘zlarning urg‘uli lug‘ati [Matn]: o‘quv-uslubiy lug‘at. – Toshkent: Nodirabegim, 2021. – 988 b. ISBN 978-9943-6940-9-5). Natijada o‘zlashma so‘zlarning urg‘uli bazasi shakllantirilib, o‘zbek nutq sintezatorini yaratishda lingvistik ta’minot vazifasini o‘tagan.