Mamatqulov Muzaffar Rahmonqulovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XVII-XVIII asrlar o‘zbek adabiyotida fol`klor an’analari va poetika masalalari”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Fil183.
Ilmiy maslahatchi: Rahmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Fil.91.02 (bir martalik ilmiy kengash).
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Turdimov Shomirza G‘anievich, filologiya fanlari doktori, professor; Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Andijon davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi  Sayyodiy, Sayqaliy va Nishotiy asarlariga xalq og‘zaki ijodi an’analarining ta’siri, mifologiya va yozma dostonchilik taraqqiyoti, ijodkorning dostonnavislik mahorati, janrlar takomili, dostonlarda badiiy san’atlarni qo‘llash mahorati masalalarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
XVII-XVIII asrlar o‘zbek adabiyoti va fol`klor namunalarida mavzu, motiv, syujetga aloqador g‘oyaviy-badiiy mushtaraklik hamda tasvir jarayonidagi ixchamlik, batafsillik, bo‘rttirish va kuchaytirish kabi o‘ziga xosliklar aniqlangan;
nasr va nazmning aralash holda qo‘llanilishi yozma adabiyotga mansub dostonlarda ham davom etganligi ijodkorning individual uslubiga aloqador bo‘lib, tasvir jarayonida fol`klor an’analari ta’siri orqali vujudga keladigan adabiy hodisalardan biri ekanligi asoslangan;
“Tohir va Zuhro”, “Bahrom va Gulandom” dostonlari tarkibida qo‘llanilgan g‘azal, muxammas, musaddas, to‘rtlik va mustazod kabi kichik janrlarning vazifasi mazkur asarlar syujeti hamda qahramonlari ta’rif-tavsifi, ruhiy holati va ichki kechinmalari bilan bog‘liq holda yuzaga kelganligi isbotlangan;
islomdan oldingi davrlarda paydo bo‘lgan pari, dev, ajdar, islomiy tasavvur va tushunchalar asosida shakllangan Xizr, qaqnus, anqo, Bog‘i Eram, Ko‘hi Qof kabi obrazlarning yozma adabiyotga mansub dostonlardagi bosh qahramonlarga aloqador badiiy-estetik vazifasi aniqlanib, ularning badiiy matn tarkibida anglatadigan obrazlar shakllanishi va genezisiga xos mifologik mazmuni ochib berilgan;
Sayyodiyning “Tohir va Zuhro”,  Sayqaliyning “Bahrom va Gulandom” hamda  Nishotiyning “Husn va Dil” dostonlarida o‘xshatish, mubolag‘a va irsol ul-masal kabi she’riy san’atlar fol`klor asarlari zaminida shakllangani va ijodkorning poetik niyatini amalga oshiruvchi asosiy vositalardan biri ekanligi isbotlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sayyodiyning “Tohir va Zuhro”, Sayqaliyning “Bahrom va Gulandom” hamda Nishotiyning “Husn va Dil” dostonlarini xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan qiyosiy tadqiq etish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
XVII-XVIII asrlarda yaratilgan dostonlardagi fol`klor an’analari va poetika masalalarini o‘rganish jarayonida erishilgan ilmiy-nazariy xulosalardan OT-F-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada   foydalanilgan  (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 15 sentyabrdagi  04/1-1568-son ma’lumotnomasi). Natijada, fol`klor va yozma adabiyot munosabatlari, Sayyodiy, Sayqaliy, Nishotiy kabi shoirlarning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rni muammolarini yoritib berishga erishilgan; 
XVII-XVIII asrlar o‘zbek yozma adabiyoti namunalarida qo‘llanilgan badiiy tasvir vositalari haqidagi ilmiy  xulosa  va  tavsiyalardan   PZ-20170926459 raqamli “Navoiyshunoslik tarixi (XX-XXI asrlar)”  (2018-2020)  mavzusidagi  amaliy  loyihada  foydalanilgan  (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 15 sentyabrdagi  04/1-1569-son ma’lumotnomasi). Natijada,  Sayyodiyning “Tohir va Zuhro”, Sayqaliyning “Bahrom va Gulandom” hamda Nishotiyning “Husn va Dil” asarlarida uchraydigan mubolag‘a, tashbeh, irsol ul-masal kabi san’atlarning dostonlardagi badiiy vazifasi bilan bog‘liq yangicha talqin va xulosalar Alisher Navoiy asarlarini qiyosiy o‘rganishda muhim nazariy manba vazifasini o‘tagan; 
o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalari va individual ijodning mahsuli bo‘lgan dostonlarning o‘zaro aloqalarini tadqiq etish natijasida chiqarilgan ilmiy xulosalardan  PZ-20170927147 raqamli “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” (2017-2020) mavzusidagi  amaliy  loyihada  foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 20 sentyabrdagi  01/4-1660-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sayyodiy, Sayqaliy, Nishotiy kabi shoirlarning og‘zaki adabiyot yutuqlaridan qay darajada foydalanish mahorati va bu boradagi ularning o‘ziga xos individual uslubini aniqlashga imkon bergan; 
Sayyodiyning “Tohir va Zuhro” dostoni va uning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rni haqidagi materiallardan Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasi “Biz suv ichgan daryolar” ko‘rsatuvining 2021 yil 20 dekabr` soni ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2022 yil 10 yanvardagi 45-son ma’lumotnomasi). Natijada “Tohir va Zuhro” dostoni tarkibida qo‘llanilgan g‘azal, muxammas kabi kichik janrlarning vazifasi mazkur asar qahramonlari ta’rif-tavsifi, ruhiy holati va ichki kechinmalari haqidagi tahliliy ma’lumotlar asosida yoritilganligi teletomoshabinlarning Sayyodiy ijodi haqidagi tushunchalarini yanada boyitgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish