Karimov Rustam Abdurasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek-ingliz parallel korpusini tuzishning lingvistik va dasturiy masalalari», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil587.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Axmedov Oybek Saporbaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Ataboev Nozimjon Bobojon o‘g‘li, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek-ingliz parallel korpusini yaratishning nazariy asoslarini ochib berish, uning lingvistik bazasini shakllantirish tamoyillarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
parallel korpuslar funksionalining ob’ektivligi va adekvat mohiyatini ta’minlashda asliyatdan tarjima tiliga bevosita o‘girilgan matnlarni janrlarga muvofiq tanlash strategiyasi va matn elementlarini parallel teglashda tarjima transformatsiyalari chegaralarini belgilash ustuvorlik qilishi isbotlangan;
parallel korpuslar va boshqa turdagi korpuslar matn tanlash, uni elektron shaklga kiritish, matnga metatavsif berish, qidiruv tizimi modulini yaratish, matnni korpusga yuklash, sintaktik teglash kabi chiziqli jarayonda umumiylik, avtomatik ishlov berishda korpus birligi sifatida asliyat va tarjimadagi matnning gap, so‘z birikmasi va so‘z darajasida razmetkalash jarayonida tafovut kasb etishi dalillangan;
parallel korpuslarni tizimlashtirishda til birliklari shakl va mazmun planlariaro tarjima transformatsiyalari lisoniy asimmetriyani voqelantirishi va tarjima jarayonida shakl transformatsiyasi hisobiga mazmunni saqlab qolish tendensiyasining yetakchiligi asoslangan;
o‘zbek-ingliz parallel korpusini yaratishda ekstralingvistik sath sifatida namoyon bo‘ladigan madaniy kodlangan til birliklari – realiyalarning tarjimasini ta’minlashda transliteratsiya usulining samarali ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek-ingliz parallel korpusini yaratishning nazariy asoslarini yoritish, uning lingvistik bazasini shakllantirish tamoyillarini aniqlash asosida:
o‘zbek-ingliz parallel korpusi uchun o‘zbek tilidagi matnlarni tanlash prinsiplari, ingliz tilidagi matnlarni tanlash afzalliklari, o‘zbek-ingliz parallel korpusi matnlarini lingvistik va ekstralingvistik teglash prinsiplari bilan bog‘liq natijalardan I-OT-2019-42 «O‘zbek va ingliz tillarining elektron (inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish» mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 89-03-4852-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va ingliz tillarida inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasvirini bildiruvchi so‘zlarning kontekstdagi ma’nosini avtomatik aniqlashga erishilgan;
o‘zbek-ingliz parallel korpusi lingvistik bazasini shakllantirish hamda dasturlash uchun lingvistik ta’minot tayyorlash bilan bog‘liq xulosalardan Istanbul universiteti ta’lim jarayonida “Tilshunoslik”, “Kompyuter tilshunosligi”, “Korpus tilshunosligi” hamda “Lingvistik tipologiya” fanlarini dasturlash uchun lingvistik ta’minot tayyorlashda foydalanilgan (Istambul universitetining 2020 yil 20 maydagi ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va ingliz parallel korpus dasturlash programmalarini yaratishdagi xususiyatlarning umumiy tahlili, jahonga mashhur mutaxassislarning bu boradagi mulohaza va xulosalari izohi talabalarning o‘zbek va ingliz parallel korpus haqidagi nazariy tushunchalarini boyitishga xizmat qilgan;
o‘zbek-ingliz parallel korpusining lingvistik va tarjima sohasidagi afzalliklari, o‘zbek-ingliz parallel korpusiga material tanlash tamoyillariga doir xulosalardan Lal Baxadur Shastri nomidagi hind madaniyat markazida «O‘zbek va ingliz tili parallel korpusi lingvistik bazasini shakllantirish hamda dasturlash uchun lingvistik ta’minot muammolari» mavzuida qilingan ma’ruzada foydalanilgan (Lal Baxadur Shastri nomidagi hind madaniyat markazining 2020 yil 18 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada markaz mutaxassislarining o‘zbek va ingliz tili parallel korpusi lingvistik bazasini shakllantirish hamda dasturlash uchun lingvistik ta’minot haqidagi bilimlar bazasini yanada kengaytirishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
o‘zbek-ingliz parallel korpusining umumiy xususiyatlari, boshqa korpuslardan farqli tomonlari xorijiy tilda berilishidagi faktorlarga doir xulosalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining “Assalom, Buxoro”, “Everyday English”, “Ilm dunyosi” turkum ko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 18 avgustdagi 1/198-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek-ingliz parallel korpusining o‘zbek tilidagi matnlarni tuzishda keng qo‘llanilishi, uning integratsiyalashuv jarayoni tahlil qilinganligi ko‘rsatuv muxlislarining milliy tilga bo‘lgan hurmati va chet tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi oshishiga sabab bo‘lgan.