Qo‘chqorov Orip Erkinovichning 
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sho‘rlanishga bardoshli G.hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za navlari seleksiyasi», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Qx 112.
Ilmiy maslahatchi: Ravshanov A’zam Erkinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02 (bir martalik ilmiy kengash).
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: g‘o‘zaning «Guliston» navi (NAR 00186), «S-5706» navi (NAR 00343), «S-5707» navi (NAR 00342).
II. Tadqiqotning maqsadi yovvoyi va ruderal shakllarni murakkab chatishtirish orqali olingan g‘o‘zaning duragaylari va ularning yuqori avlodlarini sho‘rlangan sharoitda qimmatli xo‘jalik belgilari hamda tola sifatini o‘rganish asosida tuproq sho‘rlanishiga bardoshli G.hirsutum L turiga mansub g‘o‘za navlari yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor Meksikaning Yukatan yarim orolida Karib dengizining tabiiy sho‘rlangan sharoitda o‘sayotgan g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub  yovvoyi ssp. Yucatanense (347503) va ruderal  ssp. punctatum (05152), ssp.morilli, ssp.richmondi, ssp.brasiliense kenja turlari foydalanilgan;
duragaylash jarayoniga g‘o‘zaning AQSh seleksiyasiga mansub tola chiqimi 38-39 % tolasining texnologik ko‘rsatkichlari  IV tip talablariga to‘liq javob beradigan, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni 7,0-8,0 grammdan kam bo‘lmagan Acala 1517-70, Acala sj-1, Schortcat, Tamcot, Delcot-277, Sj-1, Paymaster-266 va Selection Compositae sanoat navlari jalb qilingan;
duragay kombinatsiyalarni dominantlik darajasi, belgilarning o‘zgaruvchanligi va irsiylanishi aniqlangan, g‘o‘zani noyob belgi xususiyatlarini ijobiy transgressiv o‘zgaruvchanlikka erishishida hamda qimmatli xo‘jalik belgilarning ijobiy majmuasiga ega rekombinantlarni yaratish, chatishtirishning ahamiyati isbotlangan;
olingan duragay kombinatsiyalarni yuqori bo‘g‘in duragaylarida o‘rganish asosida tuproq sho‘rlanishiga bardoshli navlar yaratilgan, G.hirsutum L. turiga mansub tizmalaridan qimmatli xo‘jalik belgilarning yuqori majmuasiga ega bo‘lgan tola sifati IV tipga mansub, tuproq sho‘rlanishga bardoshli Guliston, S-5706 va S-5707 yangi navlari yaratilib, Intellektual mulk agentligiga patent olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Meksikaning Yukatan yarim orolida Karib dengizining tabiiy sho‘rlangan sharoitda o‘sadigan g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub  yovvoyi, ruderal  va AQSh seleksiyasiga mansub navlarni murakkab duragaylashning samaradorligi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
murakkab chatishtirish sho‘rlanish va suv tanqisligiga hamda vertisillyoz viltga bardoshli bo‘lgan G.hirsutum L. turiga mansub Guliston g‘o‘za navi yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 02/020-5031-son ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rlanishga, suv tanqisligiga va vilt kasalligiga bardoshli Guliston navi 2016-2021 yillar davomida Sirdaryo viloyatida 1551,4 ga keng maydonlarda ekilib rentabellik darajasi 29,8% ni tashkil etgan, navdorligi yuqori bo‘lgan birlamchi elita va boshqa avlod urug‘lari ko‘paytirilgan;
g‘o‘zaning o‘rta tolali tupi konussimon shaklida, sho‘rlanish va suv tanqisligiga hamda viltga bardoshli bo‘lgan S-5706 navi yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 02/020-5031-son ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rlanishga, suv tanqisligiga va vilt kasalligiga bardoshli yangi S-5706 navi 2021 yilda Surxondaryo viloyatida  10 ga maydonda ekilgan, Surxondaryo ITSda 1,0 gektar maydonda navdorligi yuqori bo‘lgan birlamchi elita va boshqa avlod urug‘lari ko‘paytirilgan;
g‘o‘zaning o‘rta tolali tezpishar, tupi konussimon shaklga ega, barg shakli kaftsimon, sho‘rlanish va suv tanqisligiga hamda viltga bardoshli bo‘lgan yangi G.hirsutum L. turiga mansub S-5707 navi yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 02/020-5031-son ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rlanishga, suv tanqisligiga va vilt kasalligiga bardoshli Guliston navi 2016-2021 yillar davomida Xorazm viloyatida 3050 ga maydonda ekilib yuqori hosil olingan va tola sifati yuqoriligi bilan fermer xo‘jaliklari tomonidan ijobiy baholangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish