«Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ning 5-bandiga muvofiq tadqiqotlar amalga oshirilgan muassasa xulosasi va Ilmiy kengash taqdimnomasi asosida salmoqli ilmiy yangiliklar olgan va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va ro‘yxat bo‘yicha xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda kamida 12 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 8 ta) ilmiy maqola chop ettirgan mutaxassisga eksperiment tariqasida fan doktori (DSc) ilmiy darajasi (ilmiy natijani amaliyotga joriy qilish bo‘yicha talablar bajarilgan holda), muhim ilmiy yangiliklar olgan va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va ro‘yxat bo‘yicha xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda kamida 6 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 4 ta) ilmiy maqola chop ettirgan mutaxassisga eksperiment tariqasida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi OAK Rayosati qarori bilan istisno tariqasida dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkinligi belgilangan.
Impakt-faktori tegishli darajasini asoslash maqsadida ro‘yxat bo‘yicha xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallar impakt-faktorining tegishli darajasini har bir fan tarmog‘ining xususiyatidan kelib chiqqan holda belgilash uchun vazirlik va idoralarga, yetakchi oliy va ilmiy-tadqiqot muassasalariga mazkur masala yuzasidan o‘z takliflarini berishni so‘rab murojaat xatlari yo‘llandi.
Mazkur masala yuzasidan 01.01.00–Matematika ixtisosliklar guruhi bo‘yicha tegishli tashkilotlar, jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti, Matematika instituti, Andijon davlat universiteti va Farg‘ona davlat universiteti tomonidan tegishli takliflar kiritildi.
OAK Matematika va mexanika fanlari bo‘yicha ekspert kengashining 2017 yil noyabr va dekabr oylaridagi yig‘ilishlarida ushbu takliflar atroflicha tahlil qilinib, 01.01.00–Matematika ixtisosliklar guruhi bo‘yicha xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallar impakt-faktorining 0,6 va undan yuqori darajasi tavsiya etildi.
01.01.00–Matematika ixtisosliklar guruhi (01.01.01, 01.01.02, 01.01.03, 01.01.04, 01.01.05, 01.01.06) bo‘yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallar impakt-faktorining 0,6 va undan yuqori darajasiga munosabat bildirishingizni so‘raymiz.