Saidov Olim Chorikulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mahkumni jazo o‘tashni davom ettirish uchun fuqarosi bo‘lgan davlatga topshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik”, 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Yu663.
Ilmiy rahbar: Umarxanova Dildora Sharipxanovna, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Po‘latov Baxtiyor Xalilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Raxmonov Shuhrat Naimovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mahkumlarni topshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik masalalarini tadqiq etish, bu jarayonda muammo va huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash, shuningdek xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga yo‘naltirilgan ilmiy va amaliy taklif, tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahkumlarni jazo o‘tashni davom ettirish uchun davlatiga topshirish bo‘yicha davlatlar hamkorligining asosiy prinsiplari tavsiflangan hamda “mahkumlarni topshirish” va “mahkumlarni topshirish jarayoni ishtirokchilari” tushunchalariga mualliflik ta’rifi shakllantirilgan va asoslantirilgan;
topshiriladigan mahkumning shaxsiy xavfsizlik huquqini ta’minlash zarurligi asoslantirilgan, jumladan intizomiy qismga jo‘natishga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning shaxsiy xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda, u o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi ariza (xabar) bilan jazoni ijro etish muassasasi yoki organining har qanday xodimiga og‘zaki yoki yozma ravishda murojaat qilishi bilan bog‘liq qoidalarni qonunchilikka va amaliyotga joriy etish zaruriyati asoslantirilgan;
mahkumning iltimosiga ko‘ra uzoq muddatli uchrashuvni qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuvni esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi bilan bog‘liq qoidalarni qonunchilikka va amaliyotga joriy etish zaruriyati asoslantirilgan;
mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar jazoni ijro etish muassasasi va organi tomonidan tashkil etilishi hamda masofali video-uchrashuv himoyalangan aloqa kanallari orqali videokonferensiya tizimi vositasida amalga oshirilishi, shuningdek mahkumlarni jazo o‘tashni davom ettirish uchun davlatiga topshirish bazasini shakllantirish va topshirish jarayonlarining holatini onlayn kuzatish, real vaqt rejimida ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradigan elektron platforma yaratish zarurati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahkumni jazo o‘tashni davom ettirish uchun fuqarosi bo‘lgan davlatga topshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahkumlarni topshirish doirasida xalqaro hamkorlikning asosiy prinsiplarining yangi tasnifi va mohiyati hamda “mahkumlarni topshirish” hamda “mahkumlarni topshirish jarayoni ishtirokchilari” tushunchalarining mualliflik ta’rifi «Xalqaro jinoyat huquqi» darsligi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 25 dekabrdagi 538-son buyrug‘i, 538-405 raqamli guvohnoma). Bu yangi bilimlar berish va ko‘nikmalarini shakllantirishda manba bo‘lib xizmat qilgan.
mahkumning shaxsiy xavfsizlik huquqiga ega ekanligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini tahminlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-625-son Qonunining 1-modda, 1-bandi, 1-xatboshsida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2021 yil 10 noyabrdagi 06-2/5701vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash hamda mahkumlar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, ularni axloqan tuzatish bo‘yicha tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
“Mahkumning iltimosiga ko‘ra uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini tahminlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-625-son Qonunining 1-modda, 3-bandi, 1-xatboshsida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2021 yil 10 noyabrdagi 06-2/5701vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif mahkumlarning uchrashuvlari va telefon orqali so‘zlashuvlari sonini ko‘paytirish va uchrashuvlarni almashtirish tizimini tashkil etishga xizmat qilgan.
“Mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar jazoni ijro etish muassasasi va organi tomonidan tashkil etilishi hamda masofali video-uchrashuv himoyalangan aloqa kanallari orqali videokonferensiya tizimi vositasida amalga oshirilishiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini tahminlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-625-son Qonunining 1-modda, 3-bandi, 2-xatboshsida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2021 yil 10 noyabrdagi 06-2/5701vx-son ma’lumotnomasi). Mazkur kiritilgan normalar mahkumlarni rag‘batlantirishning adolatli mezonlarini ishlab chiqish va shu asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash hamda davlatlararo halqaro hamkorlikni amalga oshirishda tezkorlik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash uchun xizmat qilgan.