Uzakova Shoxsanam Baxromovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda mukovissidoz: klinik-laborator tavsifi va davolash taktikasi», 14.00.09 – Pediatriya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2. PhD /Tib896.
Ilmiy rahbar: Shamsiev Furkat Muxitdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc.04/30.12.2019.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Shamansurova El`mira Amanullaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Kamalov Zaynitdin Sayfutdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi bolalarda mukovissidozning uchrash darajasini o‘rganish, kasallikning klinik-laborator xususiyatlarini aniqlash, nojo‘ya ta’sirini oldini olish maqsadida davolash taktikasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bronx-o‘pka patologiyasi bo‘lgan bolalarda mukovissidozning uchrash darajasi (1,9%) va kasallikning kechishiga ta’sir etuvchi: homiladorlikning asoratli kechishi (73,3%), I–II darajali kamqonlik (93,3%), allergik diatez (60%), oqsil energetik etishmovchilik (73,3%), raxitning qoldiq asoratlari (53,3%), CFTR-F508del (31%) va 2143delT (13,3%) ning «og‘ir» mutatsiyalari mavjudligi, tashqi nafas funksiyasining buzilishi (33,1%, r˂0,001) kabi xavf omillari isbotlangan;
CFTR genini tekshirish tadqiqot natijalari asosida 8 ta mutatsiyasi – F508del (31,0%), 2143delT (13,3%), N1303K (11,1%), 451 del8 (2,2%), R709X (8,9%), Y569D (4,4%), 546 insCTA (4,4%), G85E (4,4%) mavjudligi isbotlangan;
mukovissidoz bilan og‘rigan bemorlarda nafas yo‘llari mikrobiomi tarkibining yetakchi patogenlari – Staphylococcus aureus (26,0%), Pseudomonas aeruginosa (20,0%) shtammlari hamda 20% bolalarda ularning birikmasi III avlod sefalosporinlar va karbopenemga yuqori rezistentlikka egaligi isbotlangan;
mukovissidoz bilan og‘rigan bolalarda 25(ON)D konsentratsiyasiga xos o‘zgarishlar: 37,5% holatda yaqqol defisit (25(ON)D <10,0 ng/ml, r <0,001), 32,5% defisit (25(ON)D <20,0 ng/ml, r<0,001), 20,0% holatda etishmovchilik (25(ON)D<30,0 ng/ml, r<0,01) aniqlangan, interleykin-larning 3,4 va 2,8 barobar ko‘p ishlab chiqarilishi bilan namoyon bo‘luvchi sitokin profili (IL – 1β, IL – 8) ning ahamiyati isbotlangan;
bolalarda mukovissidozni davolashda bakterial lizat va xolekal`siferoldan foydalanilgan holda qaytalanuvchi respirator kasallikning remissiya davrini uzaytirishga yordam beruvchi differensial davolash sxemasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bolalarda mukovissidozni klinik-laborator tavsiflash va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bolalarda mukovissidozning klinik va diagnostik xususiyatlariga asoslangan ilmiy natijalar asosida «Bolalarda mukovissidozning klinik-diagnostik xususiyatlari» uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 21 apreldagi 8n-d/140-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma MV ni o‘z vaqtida aniqlash, kasallikning klinik kechishi, biokimyoviy va immunologik ko‘rsatkichlarni yaxshilash orqali kasallikning zo‘rayish darajasishi kamaytirish imkonini bergan;
bolalarda mukovissidozni differensial davolash usullaridan foydalanish orqali olingan ilmiy natijalar asosida «Bolalarda mukovissidozni differensial davolash usullari» uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 9 sentyabrdagi №8n-z/417-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni joriy etish davolash va profilaktik chora-tadbirlarni takomillashtirishga va kasallikning nojo‘ya ta’sirini oldini olish imkonini bergan;
bolalarda mukovissidozni klinik-laborator tavsiflash va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Jizzax, Surxondar`yo, Xorazm va Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining klinik amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 20 apreldagi 08-09/87-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalari klinik amaliyotga joriy qilinishi ushbu kasallikka chalingan bolalarda kasallikning zo‘rayish darajasini ikki barobar kamaytirish, bolalar hayot sifatini yaxshilash va shu orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini bergan.