Sayt test rejimida ishlamoqda

Naimov Ismat Nusratilloevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Ahmad Donishning ma’rifatparvarlik faoliyati va uning ilmiy merosi”. 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2019.3.PhD/Tar539.
Ilmiy rahbar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019. Tar.56.01. 
Rasmiy opponentlar: Ergashev Baxtiyor Ergashevich, tarix fanlari doktori, dotsent; Asadova Shoira Inoyatovna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Etakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Ahmad Donishning ma’rifatparvarlik faoliyati va uning ilmiy merosida mujassamlashgan islohotchilik g‘oyalarining vujudga kelishi va shakllanishini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:  
Ahmad Donish davlatning tashqi siyosatini samarali amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan elchilarning teran fikrli, o‘tkir tilli, shirin so‘zli, yumshoq xulqli, ziyrakli kabi shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lishi va kasb malakasi doirasida egallashi lozim bo‘lgan (borayotgan mamlakatning davlat tuzilishi, tili, dini, urf-odatidan xabardor bo‘lishi, o‘z mamlakatining obro‘sini ehtiyot qilishi va b.) mezonlarga javob berishi to‘g‘risidagi takliflarni ilgari surganligi dalillangan;
Ahmad Donishning davlat boshqaruv tizimini isloh qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, jahon tamadduni yutuqlaridan xabardor bo‘lish, dunyoviy ilm-ma’rifatni qunt bilan egallash, hukumat tarkibida fan va ta’lim bilan shug‘ullanuvchi mustaqil bo‘linma (maorif vazirligi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari mamlakatni farovonlashtirishga qaratilganligi isbotlangan;
Ahmad Donish “Me’yor-ut-tadoyyun” asarida vijdon erkinligi kafolatlangan holda dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlash to‘g‘risidagi takliflarni bildirganligi va Buxoro amirligidagi mavjud diniy mazhablar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish uchun “usuli xamsa” deb nomlangan maxsus tadbirlar majmuasini ishlab chiqqanligi aniqlangan;
Ahmad Donishning musavvirlikka oid san’at asarlari aniqlanib, “Majnun sahroda” miniatyurasida Buxoro amirligi iqtisodiyotini texnik jihatdan taraqqiyot bosqichiga olib chiqish, “Maktab” miniatyurasida barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini yaratish, “Soqchi Mirzo Anvar” tasvirida amaldorlarning mas’uliyatli bo‘lishlari kabi islohotchilik g‘oyalarni aks etgani ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
allomaning tarixnavislik, muhandislik, xaritashunoslik hamda falakiyot yo‘nalishidagi tadqiqotlarining amaliy natijasi hisoblangan ilmiy qarashlarini aks ettiruvchi manbalardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ekspozisiyasining “XVI-XX asrlarda O‘zbekiston” bo‘limlarini yangi hujjatlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 16 avgustdagi 3/1255-2270-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan noyob manbalar tadqiqotchilar uchun yangi ma’lumotlar bilan tanishish va ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatini yaratgan;
Ahmad Donishning marifatparvarlik qarashlari bugungi kundagi ahamiyatini saqlab kelayotganligi uchun “Buyuk ipak yo‘li” Buxoro viloyat madaniy-ma’rifiy markazi nodavlat notijorat tashkilotining targ‘ibot ishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining 2021 yil 13 iyuldagi 04-05/344-20-son ma’lumotnomasi). Natijada “Ahmad Donish qomusiy olim” mavzusida markaz tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ilk marotaba namoyish etilgan nodir qo‘lyozma va san’at asarlari ko‘rgazma ishtirokchilarning tarixiy bilimlarini oshirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Ochiq dars” hamda “Buyuk yurt allomalari” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda tadqiqotdagi ilmiy-nazariy xulosalardan, jumladan, Ahmad Donishning elchilik safarlaridagi ishtiroki va islohotchilik g‘oyalarining shakllanishi, qozilik faoliyati va diniy-axloqiy yo‘nalishdagi qarashlari, dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlash va bid’atga chek qo‘yishga doir ma’lumotlardan foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 17 iyundagi 02-40-1030-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar mazmunining ilmiy dalillar va ommabopligini ta’minlashga hamda ilk marta iste’molga kiritilgan manbalar bilan boyitishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish