Normuratov Oybek Ulug‘berdievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Taqirli-o‘tloqi tuproqlar sharoitida pomidordan yuqori hosil etishtirishda azotli o‘g‘it me’yorini aniqlash va biologik preparat ta’siri”, 06.01.04 - Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Qx275.
Ilmiy rahbar: Zokirov Xolmat Xurramovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Niyazaliev Begali Irsalievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Boirov Abdunabi Jo‘raevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Surxondaryo viloyati taqirli-o‘tloqi tuproqlar sharoitida pomidordan yuqori hosil etishtirishda azotli o‘g‘itlarning maqbul me’yor, muddatlarini ishlab chiqish va biologik preparatning ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Surxon-Sherobod vohasida tarqalgan sug‘oriladigan taqirli-o‘tloqi tuproqlarning agrokimyoviy xossalariga va pomidor hosiliga mineral o‘g‘itlar maqbul (N300P120K100) me’yorlarining ijobiy ta’siri isbotlangan;
sug‘oriladigan taqirli-o‘tloqi tuproqlar sharoitida pomidordan yuqori va sifatli hosil etishtirishda azotli o‘g‘itlarni qo‘llash muddatlari (ko‘chat ekilgandan keyin 20%, gullash davrida 30%, yoppasiga meva tugish davrida 50%) aniqlangan;
pomidor urug‘iga «Ekostim» biopreparati bilan ishlov berib, mineral o‘g‘itlarni maqbul (N300P120K100) me’yorda qo‘llash, uning o‘sib-rivojlanishiga (8,5 foizga) va hosil miqdoriga (0,9 t/ga) ijobiy ta’sir qilishi aniqlangan;
azotli mineral o‘g‘itlar 300 kg/ga qo‘llanilganda tuproqdagi mikroorganizm (bakteriyalar, zambrug‘lar, aktinomisitlar, azotfiksatorlar, nitrifikatorlar, nitratredusintlar va sellyuloza parchalovchi bakteriya)lar soni mavsum oxirida nazorat variantiga nisbatan mos ravishda 12,2 mln/g; 30 ming/g; 12,9 mln/g 9,7 mln/g; 10 ming/g; 2,9 mln/g va 11 ming/g ga ortganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Surxon-Sherobod vohasida tarqalgan sug‘oriladigan taqirli-o‘tloqi tuproqlar sharoitida pomidordan yuqori hosil etishtirishda azotli o‘g‘itlarning me’yorini aniqlash va biologik preparatning ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Surxon-Sherobod vohasi sug‘oriladigan taqirli-o‘tloqi tuproq sharoitida erta bahorgi muddatda pomidorning Surxon-142 navi urug‘iga biologik preparat bilan ishlov berib, N300P120K100 mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yorlari Bandixon tumani «Vaqt va imkoniyat» fermer xo‘jaligining 0,5 gektar maydoniga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 21 avgustdagi 02/021-2591-son ma’lumotnomasi). Natijada, pomidorni ananaviy usulda etishtirilganga nisbatan 5-8 kun erta hosil olingan, 45 foizgacha begona o‘tlar bilan zararlanishini oldi olingan, hosildorlik 2,5-3,0 t/ga yuqori bo‘lgan, rentabellik darajasi 40,3 foizni tashkil etishiga erishilgan.
Sug‘oriladigan taqirli-o‘tloqi tuproq sharoitida pomidorni Surxon-142 navi urug‘iga biologik preparat bilan ishlov berib, azotli (N300) mineral o‘g‘itni maqbul qo‘llash muddatlari ishlab chiqilgan va Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Termiz filialida 0,5 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 21 avgustdagi 02/021-2591-son ma’lumotnomasi). Natijada, pomidorning Surxon-142 naviga azotli mineral o‘g‘itlarni 20 foizini ko‘chat ekilgandan so‘ng, 30 foizini gullash davrida, 50 foizini yoppasiga meva tugish davrida qo‘llash yuqori va sifatli hosil olishga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish