OAKning 2020 yil 7 maydagi  
 54-son buyrug‘iga 2-ilova

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Oliy attestatsiya komissiyasi Xotin-qizlar masalalari
bo‘yicha maslahat kengashi to‘g‘risidagi
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom OAK huzuridagi maslahat organi sifatida jamoatchilik asosida ishlaydigan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalariga ko‘maklashish va xotin-qizlarning muammolarini hal qilishga ko‘maklashishga qaratilgan Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashining (keyingi o‘rinlarda –Maslahat kengashi deb yuritiladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqva majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Maslahat kengashi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi maslahat organi hisoblanib, OAK raisining buyrug‘i bilan tashkil etiladi.

2-bob. Maslahat kengashining asosiy vazifa va funksiyalari

3. Maslahat kengashining asosiy vazifalari:
OAKda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning jamiyatda ijtimoiy-iqdisodiy, siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini o‘rganish va bartaraf etilishiga ko‘maklashish;
xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, salomatliklarini tiklashda ko‘maklashish, turli xil kasalliklar profilaktikasini tizimli tashkil etish maqsadida tegishli mutaxassislar (psixolog, ginekolog, mammolog, nevropatolog) maslahatidan foydalanish xizmatini hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlar uchun xavfsiz, qulay va munosib mehnat sharoitlariyaratilishi, ta’til vaqtlarida sog‘lomlashtirish va dam olishlarini tashkil qilish kabi ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni rahbariyat bilan ijtimoiy sheriklik asosida hal etish;
OAKda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning oilalaridagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga ko‘maklashish va bu borada jamoat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
xotin-qizlarning ma’naviy, intellektual, kasbiy salohiyati va mehnat faolligini oshirish, kasbiy mahoratini yuksaltirib borish uchun shart-sharoitlaryaratish hamda ularning jamoat ishlarida manzilli ishtirokini ta’minlash;
mehnat munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va mehnat faoliyatini rag‘batlantirish;
kam ta’minlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, imkoniyati cheklangan, nogiron xotin-qizlar va yolg‘iz ayollarga har tomonlama ko‘maklashish.

3-bob. Maslahat kengashining huquq va majburiyatlari

4. Maslahat kengashi asosiy vazifa va funksiyalarini bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolati doirasida OAKdan kerakli hujjatlar, statistik va tahliliy ma’lumotlarni olish;
Maslahat kengashi vakolatiga tegishli masalalarni hal qilish uchun Maslahat kengashi a’zolaridan iborat jamoatchilik komissiyasini tuzish;
rahbariyat bilan kelishilgan holda OAK tomonidan o‘tkaziladigan yig‘ilishlar hamda boshqa tadbirlarda ishtirok etish;
ma’naviy-ma’rifiytadbirlarnitashkiletishvaulargataniqli fan, madaniyatvasan’atarboblarinijalb qilish;
Maslahat kengashining faoliyati haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish;
Maslahat kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
5. Maslahat kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda quyidagi majburiyatlarga ega:
O‘zbekistan Respublikasi Konstitusiyasi va Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlariga va boshqa qonun hujjatlariga hamda mazkur Nizomga amal qilish;
foydalanish doirasi cheklangan toifadagi hujjatlar bilan ishlash qoidalariga qat’iy rioya qilish;
OAK faoliyatining mustaqilligi va uning ishiga aralashmaslik tamoyillariga qat`iy rioya qilish;
Maslahat kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

4-bob. Maslahat kengashining tarkibi

6. Maslahat kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotib va a’zolar kiradi.
7. Maslahat kengashi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi.
8. Maslahat kengashining tarkibi OAK raisi tomonidan tasdiqlanadi.
9. OAK xodimlari (xotin-qizlar), faxriylari, nodavlat-notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari, O‘zbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari Maslahat kengashining tarkibiga kiritilishi mumkin.
10. Maslahat kengashining a’zolari OAK raisining buyrug‘i bilan ko‘ngilli ravishda nomuayyan muddatga maslahat kengashi tarkibiga kiritiladi va a’zolikdan chiqariladi.
11. Maslahat kengashi raisi kengash faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi:
Maslahat kengashi majlisini chaqirish va kun tartibini belgilash;
Maslahat kengashi majlisiga raislik qilish;
Maslahat kengashi majlisilari bayonnomasi va ish yurituviga oid boshqa hujjatlarini tasdiqlash;
Maslahat kengashiqarorlarining bajarilishini nazorat qilish;
Maslahat kengashi a’zolariga qo‘yilgan topshiriqlarning bajarilishini va faoliyatini muvofiqlashtirish;
rahbariyatga Maslahat kengashiga kiruvchi shaxslarni uning tarkibidan chiqarish bo‘yicha takliflar kiritish;
qonun hujjatlari va Maslahat kengashi qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Maslahat kengashi raisi yo‘qligida uning vakolat va vazifalarini uning o‘rinbosari amalga oshiradi.
13. Maslahat kengashi raisining o‘rinbosari:
Maslahat kengashi raisi bo‘lmaganda Maslahat kengashi majlislariga raislik qiladi;
Maslahat kengashi qarorlari bajarilishini nazorat qilish ishlarini tashkil etadi;
fuqarolar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi hamda ariza, taklif va shikoyatlarni ko‘rib chiqish ishlarini tashkil etadi;
qonun hujjatlari va maslahat kengashi qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
14. Maslahat kengashi kotibi:
Maslahat kengashining majlisiga kerakli hujjatlar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
Maslahat kengashi majlisining kun tartibi bo‘yicha o‘tishini tashkil etadi;
Maslahat kengashi raisi bilan majlis o‘tkazish muddati, joyi hamda taklif qilinuvchilar haqida maslahatlashadi;
Maslahat kengashi a’zolari va taklif qilingan shaxslarni majlis o‘tkazish joyi, sanasi va vaqti haqida xabardor qiladi;
Maslahat kengashi qarorlarining bajarilishi monitoringini olib boradi va uning natijalarini Maslahat kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif kiritadi;
Maslahat kengashi bayonnomasini rasmiylashtiradi hamda tasdiqlangan bayonnomani Maslahat kengashi a’zolariga va boshqa manfaatdor shaxslarga yuborilishini ta’minlaydi;
qonun hujjatlari va Maslahat kengashi qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Maslahat kengashi a’zolari:
Maslahat kengashi majlislarida ko‘riladigan masalalarni muhokama qilishda qatnashadilar. Maslahat kengashi a’zolari ayrim hollarda Maslahat kengashi majlislarida qatnasha olmagan taqdirda o‘z fikrlarini yozma tarzda kengash mas’ul kotibiga taqdim etishlari mumkin. Ko‘rsatib o‘tilgan fikrlar majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi;
OAK faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ichki idoraviy hujjatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadilar;
xodimlar va ularoila a’zolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha Maslahat kengashiga takliflar kiritadilar.

5-bob. Maslahat kengashining ishchi organi

16. Maslahat kengashi tarkibiga kirgan OAK xodimlari Maslahat kengashining ishchi organi hisoblanadi.
17. Maslahat kengashining ishchi organi:
Maslahat kengashi faoliyatining metodik, tashkiliy-huquqiy, tashkiliy-texnik ta’minot masalalarini hal qiladi;
Maslahat kengashining ish rejalari loyihalarini tayyorlaydi, ko‘rib chikish uchun Maslahat kengashiga kiritadi va tasdiqlangan ish rejasining bajarilishini ta’minlaydi;
Maslahat kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarni tayyorlaydi, OAK xodimlaridan kerakli hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;
Maslahat kengashi majlisi kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlaydi;
Maslahat kengashi vakolatlariga kiruvchi murojaatlarni ko‘rib chiqadi va tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;
Maslahat kengashi tomonidan berilgan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.

6-bob. Maslahat kengashi faoliyatini tashkil qilish

18. Maslahat kengashining faoliyati ushbu Nizom asosida amalga oshiriladi.
19. Maslahat kengashi faoliyatining asosiy masalalari Maslahat kengashi majlislarida ko‘rib chiqiladi.
20. Maslahat kengashi majlisi Maslahat kengashining ish rejasi asosida har yilda kamida bir marotaba chaqiriladi.
21. Maslahat kengashi raisi Maslahat kengashi a’zolarining kamida uchdan bir qismining yozma murojaati asosida navbatdan tashqari majlis chaqirishi mumkin.
22. Maslahat kengashi majlislariga milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, davlat va nodavla-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari taklif qilinishi mumkin.
23. Maslahat kengashi majlisiga taklif qilinuvchi shaxslar ro‘yxati Maslahat kengashi raisi va Maslahat kengashi a’zolari bilan kelishgan holda Maslahat kengashi kotibi tomonidan shakllantiriladi.
24. Maslahat kengashi majlisining kun tartibi loyihasi Maslahat kengashi a’zolarining takliflari va Maslahat kengashi raisi topshirig‘i asosida Maslahat kengashi kotibi tomonidan shakllantiriladi.
25. Maslahatkengashimajlislariuning raisi tomonidan olib boriladi. Rais ishtirok eta olmagan hollarda majlisga uning o‘rinbosari raislik qiladi.
26. Maslahat kengashi majlislarida OAK raisi, uning o‘rinbosari yoki boshqa xodimlarishtirok etishi mumkin.
27. Maslahat kengashi majlisi unga taklif qilingan shaxslarning uchdan ikki qismidan kam bo‘lmagan qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda qonuniy hisoblanadi.
28. Agar majlis olib borish uchun kvorum shakllanmasa, Maslahat kengashining yangi majlisini o‘tkazish sanasi e’lon qilinadi.
29. Maslahat kengashining qarori uning majlisida qatnashayotgan a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Agar ovozlar teng kelib qolsa, Maslahat kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
30. Maslahat kengashi qaror qabul qilishda masalalarni erkin muhokama qilish, ovoz berish, jamoatchilik fikrini inobatga olish, tenglik va kollegiallikka asoslanadi.
31. Maslahat kengashining har bir a’zosi qabul qilingan qarorga o‘zining fikrlarini yozma tarzda bildirish huquqiga ega. Bunda fikrlar Maslahat kengashi majlisi bayonnomasiga kiritib qo‘yiladi.
32. Maslahat kengashining qarori qabul qilingan kundan boshlab uch kundan kechikmasdan OAKga yuboriladi.
33. Maslahat kengashining qarori tavsiyaviy xarakterga ega. Agar qaror OAK tomonidan ma’qullanmasa, OAK qaror qabul qilingan kundan boshlab o‘n kundan kechikmasdan Maslahat kengashiga asoslantirilgan javobini taqdim qiladi.
34. Tezkor qaror qabul qilish zarurati kelib chiqqanda, Maslahat kengashining qarori Maslahat kengashi raisi tashabbusi bilan Maslahat kengashi a’zolari bilan maslahatlashilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.
35. Maslahat kengashi majlisida qabul qilingan qaror majlis bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma Maslahat kengashi kotibi tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiklanadi hamda uch kunlik muddatda Maslahat kengashi a’zolariga va boshqa manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
36. Maslahat kengashining ishchi organi va kotibi Maslahat kengashi a’zolari bilan birgalikda Maslahat kengashi qarorlarini ijro etish yo‘llarini tizimli o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur hollarda, Maslahat kengashi raisiga takliflar kiritadi.
37. Ishchi organi Maslahat kengashi qarorlarini ijro etish natijalari haqida har oyda Maslahat kengashi raisiga ma’lumot taqdim etadi.

7-bob.  Yakuniy qoidalar

38. Maslahat kengashining moddiy-texnik ta’minoti OAK tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
39. Maslahat kengashi faoliyati ustidan nazoratni OAK raisi amalga oshiradi.
40. Maslahat kengashining qarorlari hamda OAK raisining Maslahat kengashining faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

 


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi to‘g‘risidagi nizom: Yuklab olish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha Maslahat kengashi tarkibi: Yuklab olish

Yangiliklarga obuna bo‘lish