Jumaeva Sohibjamol Xolmuratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «To‘lov balansini tartibga solishda valyuta kursi siyosatining rolini oshirish yo‘llari», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Iqt1694.
Ilmiy rahbar: Xoshimov Elmurod Abdusattorovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01
Rasmiy opponentlar: Toshqulov Abduqodir Hamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Jo‘raev Abdug‘affor Safarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida to‘lov balansini tartibga solishda valyuta kursi siyosatidan foydalanish amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nominal ayirboshlash kursi o‘zgarishini cheklash amaliyotidan voz kechish orqali real ayirboshlash kursining oshishi va pirovardida to‘lov balansining yomonlashishi hamda iqtisodiyotda deval`vatsion risklarning ortishiga barham berish taklifi ishlab chiqilgan;
valyuta kursi shakllanishiga nisbatan bosimni pasaytirish maqsadida xorijiy valyutadagi kreditlar hamda davlat tashqi qarzi o‘sish sur’atlarini cheklash taklifi asoslangan;
tashqi savdo defisitini kamaytirish maqsadida eksportni nodeval`vatsion choralar orqali qo‘llab-quvvatlash, xususan, tashqi savdoni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish ilmiy asoslangan;
o‘rta muddatli istiqbolda valyuta kursining erkin suzish rejimi uchun zaruriy shart-sharoit sifatida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i aktiv qoldig‘ini ta’minlash asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
To‘lov balansini tartibga solishda valyuta kursi siyosatining rolini oshirish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
valyuta kursi shakllanishiga nisbatan bosimni pasaytirish maqsadida xorijiy valyutadagi kreditlar hamda davlat tashqi qarzi o‘sish sur’atlarini cheklash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘RQ-657-son Qonunining 10-moddasini ishlab chiqishda, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida olinadigan davlat qarzining cheklangan hajmini belgilashda foydalanilgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2021 yil 10 dekabrdagi 04/1-1323-son ma’lumotnomasi). Shuningdek, mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan amaliyotda qo‘llash uchun qabul qilingan (Markaziy bankning 2021 yil 3 dekabrdagi 13-17/745-son, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining 2021 yil 10 dekabrdagi 01-01/3480-son va O‘zsanoatqurilishbank ATBning 2021 yil 13 dekabrdagi 01-04/7105-son ma’lumotnomalari). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan tadbirkorlarning 153166 AQSh dollari, O‘zsanoatqurilishbank ATB tomonidan 94,4 mln. AQSh dollari miqdoridagi xorijiy valyutadagi kreditlari milliy valyutadagi kreditlarga o‘tkazilgan.
nominal almashuv kursi o‘zgarishini cheklash amaliyotidan voz kechish orqali real almashuv kursining oshishi va pirovardida to‘lov balansining yomonlashishi hamda iqtisodiyotda deval`vatsion risklarning ortishiga barham berish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta siyosatini erkinlashtirish amaliyotida foydalanilgan (Markaziy bankning 2021 yil 3 dekabrdagi 13-17/745-son ma’lumotnomasi). Natijada nominal almashuv kursining egiluvchanligini oshirish orqali real almashuv kursining jadalroq muvofiqlashtirilishini ta’minlash va shu orqali joriy hisobvaraq muvozanatini tiklashga erishiladi.
o‘rta muddatli istiqbolda valyuta kursining erkin suzish rejimi uchun zaruriy shart-sharoit sifatida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i aktiv qoldig‘ini ta’minlash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan valyuta kursini tanlash siyosatini takomillashtirishda foydalanilgan (Markaziy bankning 2021 yil 3 dekabrdagi 13-17/745-son ma’lumotnomasi). Natijada xorijiy valyuta taklifining barqarorligi ta’minlanadi va deval`vatsion risk darajasi kamayadi.
tashqi savdo defisitini kamaytirish maqsadida eksportni nodeval`vatsion choralar orqali qo‘llab-quvvatlash, xususan, tashqi savdoni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish taklifi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan amaliyotda qo‘llash uchun qabul qilingan (“Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining 2021 yil 10 dekabrdagi 01-01/3480-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida tashqi savdoni moliyalashtirishga qaratilgan kreditlar hajmi 2021 yilning 9 oyi mobaynida 153 foizga ortgan.
almashuv kursi o‘zgarishining tijorat banki ochiq valyuta pozisiyasiga ta’sirini hisobga olib, xorijiy valyutada jalb qilinadigan va joylashtiriladigan mablag‘larning miqdor va muddat jihatidan muvofiqligini ta’minlash taklifi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan amaliyotda qo‘llash uchun qabul qilingan (“Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining 2021 yil 10 dekabrdagi 01-01/3480-son va O‘zsanoatqurilishbank ATBning 2021 yil 13 dekabrdagi 01-04/7105-son ma’lumotnomalari). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ochiq valyuta pozisiyasi – 4,36 foiz, O‘zsanoatqurilishbank ATBniki esa – 5,8 foiz, ya’ni Markaziy bank tomonidan belgilangan normativ doirasida bo‘lishi ta’minlangan.