Bobokeldieva Lobar Abdusamatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Surxondaryo viloyati tok agrotsenozlarida uchrovchi fitonematodalarning ekologo-faunistik tahlili», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3. PhD/V360.
Ilmiy rahbar: Xurramov Alisher Shukurovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Eshova Holisa Saidovna, biologiya fanlari doktori, dotsent; G‘aniev Komolidin Xalilovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tok agrotsenozlari fitonematodalarining faunistik kompleksini aniqlash hamda fitoparazit dominant turlarni bioekologik xususiyatlarini ochib berish asosida ularga qarshi samarali kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Surxondaryo viloyati tok o‘simligi va uning ildiz oldi tuprog‘ida tarqalgan fitonematodlarning zamonaviy holati tahlil qilinib, 118 tur fitonematodalar aniqlangan;
ilk bor tok agrotsenozlari nematodalar faunasi uchun 45 tur nematoda aniqlangan;
fitonematodalarning ekologik guruhlari va ularning o‘simliklar bilan trofik aloqalari ochib berilgan;
o‘simliklarning vegetatsiya davrida fitonematodalar populyasiya dinamikasining mavsumiy o‘zgarishlari asoslangan;
tok agrotsenozlarida uchrovchi parazit fitonematodalarga qarshi uyg‘unlashgan kurash usullari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Surxondaryo viloyati tok agrotsenozlarida uchrovchi fitonematodalarning ekologo-faunistik tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Surxondaryo viloyati tok agrotsenozida tarqalgan Nematodalar sinfiga tegishli 9 turkum 118 turga mansub 315 nusha nematoda namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan Zoologiya instituti “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublika Fanlar akademiyasining 2021 yil 30 noyabrdagi 4/1255-3350-son ma’lumotnomasi). Natijada, namunalar tok agrotsenozi bo‘yicha nematodalar fondini boyitgan va ular populyasiyalari tarqalishining zamonaviy holatini baholash hamda fitonematodalar taksonomik tarkibini aniqlash imkonini bergan;
tok o‘simligi parazit fitonematodalariga qarshi Vidat L. 24 % preparatini qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar (50,70,90 ml/m2 normada) Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi “Sherali - Namuna” fermer xo‘jaligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 02/025-5014-son ma’lumotnomasi). Natijada, parazit fitonematodalarga nisbatan 91,4 % biologik samaradorlikka erishish imkonini bergan;
parazit fitonematodalarga qarshi solyarizatsiya usulini qo‘llash yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar (3 xil variantda oq va qora plyonkalar yordamida hamda ochiq maydonda) Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi “Sherali - Namuna” fermer xo‘jaligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining 2021 yil 18 noyabrdagi 1-19/2668-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu usul parazit fitonematodalarga nisbatan qora polietilen plyonka yordamida 91,6%, oq polietilen plyonka yordamida esa 88,8% biologik samaradorlikka erishish hamda uzumchilik fermer xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqalarda tok o‘simligi hosildorligini oshirish imkonini bergan.