Matniyazova Hilola Xudaybergenovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Soya va g‘o‘zada turli suv rejimida morfoxo‘jalik va fiziologik belgilar bo‘yicha “genotip – muhit” o‘zaro bog‘liqligi», 03.00.07 – O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi, 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSc/B100.
Ilmiy maslahatchilar: Nabiev Saydig‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari doktori, professor; Kurbanbaev Ilxam Djumanazarovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Safarov Karimjon Safarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Djabborov Ibrohim Shodmanovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Xolliev Askar Ergashovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘za va soyada turli suv rejimi sharoitlarida morfoxo‘jalik va fiziologik-biokimyoviy belgilar bo‘yicha «genotip-muxit» o‘zaro bog‘liqligi xususiyatlarini aniqlash va qimmatli seleksion ashyolar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘rta tolali g‘o‘za navlarining ba’zi to‘g‘ri va teskari G‘1 duragaylarida fiziologik-biokimyoviy va morfoxo‘jalik belgilari bo‘yicha resiprok farqlanishlarning yuzaga chiqishi yoki mavjud bo‘lmasligi suv bilan ta’minlanganlik sharoitlariga bog‘liqligi aniqlangan;
suv tanqisligida o‘simlik barglaridagi umumiy suv miqdori, transpiratsiya jadalligi, xlorofill “a”, xlorofill “b” va umumiy xlorofill miqdorining turli darajada kamayishi, barglarning suv ushlash xususiyatining va karotinoidlar miqdorining oshishi g‘o‘zaning genotipik tarkibi (navlar, oddiy va murakkab G‘1 duragaylari) ga emas, balki ularning moslashuvchanlik xususiyatlariga bog‘liq ekanligi aniqlangan;
suv bilan optimal ta’minlanganlik sharoitiga nisbatan suv tanqisligida ko‘plab to‘g‘ri va teskari G‘1 duragaylari barglarning suv ushlash xususiyati bo‘yicha resiprok farqlanishga ega emasligi va bu belgining asosan yadroviy genlar tomonidan boshqarilishi aniqlangan;
o‘rta tolali g‘o‘zaning morfoxo‘jalik belgilari bo‘yicha genetik ko‘rsatkichlar (dominantlik (hp), korrelyasiya (r), variatsiya (V) va nasldan-naslga berilishi (h2) koeffisientlari) duragaylash usullari (oddiy, murakkab) dan ko‘ra, ko‘proq har bir genotipning suv bilan ta’minlanganlik sharoitlariga ta’sirchanlik darajasiga bog‘liqligi aniqlangan;
mahalliy va horijiy soya navlarida suv tanqisligiga moslashuvchanlik darajalari bo‘yicha genetik polimorfizm aniqlangan, suv tanqisligida barglardagi umumiy suv miqdori, transpiratsiya jadalligi, yashil pigmentlar miqdorining kamayishi, barglarning suv ushlash xususiyati va karotinoidlar miqdorining hamda katalaza, peroksidaza, superoksiddismutaza fermentlarining faolligi oshishi aniqlangan;
modellashtirilgan qurg‘oqchilik g‘o‘za va soyaning suv tanqisligi sharoitiga fiziologik va morfoxo‘jalik belgilari bo‘yicha yaxshi moslashuvchanlik va chidamlilik xususiyatlariga ega genotiplarni ajratib olish imkonini berishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Soya va g‘o‘zada turli suv rejimida morfoxo‘jalik va fiziologik belgilar bo‘yicha “genotip - muhit” o‘zaro bog‘liqlik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
suv tanqisligiga chidamli nav sifatida yaratilgan “Samara” g‘o‘za navi Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Bek cluster” MChJ da 1,0 gektar hamda Andijon viloyatidagi “Khantex Group” agroklasterida 0,22 ga er maydoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 26 noyabrdagi 02/027-4820-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi o‘rta tolali “Samara” g‘o‘za navi yuqori va sifatli hosil olish imkonini bergan;
T-7 tizmasidan yaratilgan qurg‘oqchilikka chidamli o‘rta tolali “Samara” g‘o‘za navi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining “G‘o‘za genofondi” noyob ob’ekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 23 sentyabrdagi 4/1255-2634-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Samara” navi o‘rta tolali g‘o‘za kolleksiyasining xilma-xilligini boyitish imkonini bergan;
g‘o‘zaning suv bilan turlicha ta’minlanganlik sharoitlarida qimmatli-xo‘jalik belgilari bo‘yicha ajratib olingan genotiplar №FA-A-KX2018-30 “G‘o‘zaning yangi, tezpishar, hosildor, kasalliklarga bardoshli, turli iqlim sharoitlariga moslashgan, o‘zida qimmatli-xo‘jalik belgilarini mujassam etgan navlarini yaratish va takomillashtirish” (2018-2020) mavzusidagi amaliy loyihada yangi navlarning moslashuvchanligini baholashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 23 sentyabrdagi 4/1255-2634-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi o‘rta tolali g‘o‘za navlari va tizmalaridan suv tanqisligiga chidamlilik xususiyatlariga ega bo‘lgan qimmatli boshlang‘ich ashyolarini ajratib olish imkonini bergan.