Nosirova Aziza Rustamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Globallashuv davrida diniy ksenofobiya va uning namoyon bo‘lish xususiyatlari” 07.00.04 – Dinshunoslik (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Tar355.
Ilmiy rahbar: Raximdjanov Durbek Abidjanovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.IsI/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Agzamxodjaev Saidakbar Saidovich, tarix fanlari doktori, professor; Ishoqov Mirsodiq Mirsultonovich, tarix fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi globallashuv davrida diniy ksenofobiya va uning namoyon bo‘lish xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
tarixda ksenofobiya fenomen sifatida barcha xalq va qabilalarning o‘z hududiy yaxlitligini saqlashda tabiiy jarayon bo‘lgani, globallashuv davriga kelib esa, diniy segregatsiya, etnotsentrizm, guruhdagi favoritizm, aqidaparastlik kabi hodisalar natijasida din va millatlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan kelishmovchilik va nizolarning asosiy omiliga aylanayotgani ochib berilgan; 
diniy ksenofobiyaning tarixiy vujudga kelish sabablarini o‘rganishda uning diniy ta’limot va jamoalarni “o‘zimiz” va “o‘zgalar” guruhiga ajratish kabi salbiy jihatlari XI-XIII asrlardagi Evropa salb jamoalari va XVI asrda Fransiyada bo‘lib o‘tgan “Varfolomey tuni” voqealari misolida asoslangan; 
globallashuv sharoitida diniy ksenofobiyaning ekstremizm, terrorizm kabi hodisalarga simbiozlashuvi islamofobiya bilan bog‘liq destruktiv xatti-harakatlar dinamikasining ortishiga ta’sir ko‘rsatayotgani isbotlangan;
diniy ksenofobiya asosidagi “tanlangan millat”, “mutlaq haq din vakili” kabi sub’ektiv omillarni shakllantiruvchi “diniy fanatizm”, “absolyutizm” tushunchalarining shaxs ongida paydo bo‘lishining oldini olishda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ta’lim berish eng samarali vositalardan biri ekani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Globallashuv davrida diniy ksenofobiya va uning namoyon bo‘lish xususiyatlari mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida: 
diniy ksenofobiyaning turli din, mazhab va dunyoqarash vakillari orasidagi farqli jihatlaridan ko‘ra ko‘proq mushtarak, o‘xshash bo‘lgan umuminsoniy qadriyat va tamoyillarni eslatish, ushbu fazilatlarning foydali va zaruriy ekaniga urg‘u berish, zarur hollarda oradagi farqlarning asl, ezgulik mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish kabi masalalar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida PZ-20170930317 raqamli “Globallashuv jarayonida ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan kishilarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish” nomli amaliy grant loyihasi (2018-2020) doirasida nashr etilgan “Yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni jamiyatga moslashtirish, ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar” nomli kitobni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2021 yil 25 martdagi 02-03/1886-son ma’lumotnomasi). Natijada, fuqarolar diniy sohaga oid muhim savollariga asoslantirilgan javoblar olishida va diniy ksenofobiya va dinlararo munosabatlarda yuzaga keluvchi masalalar echimini topishda muhim ahamiyat kasb etgan;
diniy ksenofobiya va islamofobiyaning oldini olishda xalqaro tashkilotlarning normativ-huquqiy hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilgan va takomillashtirilayotgan qonunlar, diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tashkilotlarning faoliyati, shuning bilan birga mamlakatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik g‘oyalarini targ‘ib qilish, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar xalqaro, milliy ahamiyatga ega umuminsoniy qadriyatlar negiziga urg‘u berish, shundagina ksenofobiyaning oldini olish mumkinligi haqidagi ilmiy xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan buyurtma asosida nashr etilgan “Buxoro islom olami madaniyati poytaxti” nomli kitob mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2021 yil 24 martdagi 192/21- son ma’lumotnomasi). Natijada, islamofobiyaga qarshi islom madaniyatining ahamiyati haqida ma’lumot olish hamda ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, milliy o‘zlikni anglash va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishga xizmat qilgan; 
diniy ksenofobiya asosidagi “tanlangan millat”, “mutlaq haq din vakili” kabi sub’ektiv omillarni shakllantiruvchi “diniy fanatizm”, “absolyutizm” tushunchalarining shaxs ongida paydo bo‘lishining oldini olishda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ta’lim berish va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan ilmiy-nazariy qarashlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan davlat buyurtmasi asosida amalga oshirilgan «O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor» nomli kitob-al`bom tayyorlanishida dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2021 yil 3 dekabrdagi 02/494-son ma’lumotnomasi). Natijada, diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etish, shu orqali diniy ksenofobiya profilaktikasini ta’minlash, dinlararo muloqot madaniyatini mustahkamlashga xizmat qilgan;
tarixda ksenofobiya fenomen sifatida barcha xalq va qabilalarning o‘z hududiy yaxlitligini saqlashda tabiiy jarayon bo‘lgani, globallashuv davriga kelib esa, diniy segregatsiya, etnotsentrizm, guruhdagi favoritizm, aqidaparastlik kabi hodisalar natijasida din va millatlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan kelishmovchilik va nizolarning asosiy omiliga aylanayotgani ochib berilgani haqidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanali tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida namoyish etilayotgan “Taqdimot” kabi tizimli ko‘rsatuvlar ssenariysini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 6 dekabrdagi 02-40-2581-son ma’lumotnomasi). Natijada, keng jamoatchilikka diniy ksenofobiyaning paydo bo‘lish omillari, namoyon bo‘lish xususiyatlari va oldini olishning diniy-ma’rifiy asoslari bo‘yicha tavsiyalar etkazilgan hamda ko‘rsatuv mazmunining nazariy saviyasi ortishiga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish