Xoshimov Elmurod Abdusattorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston Respublikasi valyuta siyosatini takomillashtirishning metodologik jihatlari», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit, 08.00.16 – Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSc/Iqt312.
Ilmiy maslahatchi: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Saidaxror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, akademik; Toshqulov Abduqodir Hamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Teshabaev To‘lqin Zakirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: «Aloqabank» ATB.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamli iqtisodiyot sharoitida valyuta siyosati metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
valyuta siyosatini amalga oshirish mexanizmi sifatida valyutani tartibga solishning bozor mexanizmlaridan foydalanish, xususan, iqtisodiy chora-tadbirlarga ustuvorlik berish orqali ma’muriy usullar va cheklash xarakteridagi choralardan voz kechish taklif qilingan;
kriptovalyutalarni tartibga solishning milliy tizimini shakllantirish, xususan, kriptoaktivlar bilan bog‘liq risklarni prudensial choralar orqali tartibga solish bo‘yicha yondashuvlar ishlab chiqilgan;
raqamli iqtisodiyot sharoitida valyuta siyosati samaradorligining muhim sharti sifatida milliy iqtisodiyotning dollarlashuv darajasini kamaytirish zarurligi asoslangan, dedollarizatsiya (dollarsizlantirish) strategiyasi yo‘nalishlari va usullari taklif qilingan;
O‘zbekistonda Markaziy bank raqamli valyutasini joriy etish bo‘yicha metodologik yondashuv ishlab chiqilgan va shart-sharoitlari asoslangan;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta siyosati samaradorligini yanada oshirish maqsadida valyuta intervensiyasini amalga oshirish instrumentlari va bozorlarini rivojlantirish zarurligi asoslab berilgan;
raqamli iqtisodiyot sharoitida yangi moliyaviy vositachilik shakllarining paydo bo‘lishi va to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatining rivojlanishiga javoban Markaziy bank vakolatlarini kengaytirish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston Respublikasi valyuta siyosatini takomillashtirishning metodologik jihatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
valyutani tartibga solish va valyuta nazorati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda bozor mexanizmlaridan foydalanish, xususan, iqtisodiy choralarga ustuvorlik berish, valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda rezident va norezidentlarning huquq va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish valyutani tartibga solish sohasida davlat siyosatining muhim tamoyili etib belgilanishi bo‘yicha takliflaridan “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-573-son Qonunining 5-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalarni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2021 yil 29 yanvardagi 1-son ma’lumotnomasi). Natijada respublika valyutani tartibga solish tizimida bozor mexanizmlaridan foydalanish va valyuta nazorati sohasidagi davlat siyosatida iqtisodiy choralarning ustuvorligi huquqiy jihatdan mustahkamlangan;
tartibga solish nuqtai-nazaridan kriptovalyutalarga nisbatan investision aktiv va to‘lov vositasi sifatidagi yondashuvlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, kriptovalyutalarni tartibga solishning milliy tizimini shakllantirish, xususan, kriptoaktivlar bilan bog‘liq risklarni prudensial choralar orqali tartibga solish takliflari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan sohaga oid qonunchilikni rivojlantirishda foydalanish uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2021 yil 10 dekabrdagi 04/1-1322-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga tatbiqi natijasida bank sektorida kriptovalyutalar muomalasini riskka asoslangan holda tartibga solish amaliyoti yuzaga keladi hamda kriptoaktivlar qiymatidagi tebranishlarning tijorat banklari moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sirini kamaytirish imkoniyati paydo bo‘lgan;
raqamli iqtisodiyot sharoitida yangi moliyaviy vositachilik shakllarining paydo bo‘lishi va to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatining rivojlanishiga javoban Markaziy bank vakolatlarini kengaytirish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tartibga solish amaliyotini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021 yil 3 dekabrdagi 13-17/746-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida banklar tomonidan ko‘rsatilayotgan an’anaviy to‘lov xizmatlarini ko‘rsatayotgan tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari, shuningdek, to‘lov tizimining operatorlari faoliyatini tartibga solish va kuzatish asosida naqd pulsiz hisob-kitoblarning samaradorligini kengaytirish imkoniyati ta’minlangan;
“Raqamli so‘m” loyihasini ishlab chiqish, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida istiqbolda ulgurji Markaziy bank raqamli valyutasini joriy etish loyihasida ishtirok etish takliflaridan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi faoliyatida foydalanish uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2021 yil 10 dekabrdagi 04/1-1322-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga tatbiqi natijasida Markaziy bank raqamli valyutasi loyihasi borasida izlanishlarni tashkil etish, uning emissiya texnologiyasi, saqlash usullari borasida bir to‘xtamga kelish, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar markaziy banklari bilan likvidlilikni boshqarishda qulay instrumentga ega bo‘lish, suverenitetni saqlash qolish imkoniyati yuzaga kelgan;
valyuta siyosati samaradorligining muhim sharti sifatida milliy iqtisodiyotning dollarlashuv darajasini kamaytirish taklifidan Markaziy bankning majburiy zaxira siyosatini takomillashtirishda (2021 yil 5 avgustdan boshlab, xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlar uchun majburiy zaxira me’yori 14%dan 18%ga oshirilgan) (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021 yil 3 dekabrdagi 13-17/746-son ma’lumotnomasi) va tijorat banklari tomonidan majburiyatlar dollarlashuvi darajasini kamaytirish va milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligini oshirishga doir choralarni qo‘llashda foydalanilgan (O‘zsanoatqurilishbank ATBning 2021 yil 13 dekabrdagi 01-04/7104-son va “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining 2021 yil 10 dekabrdagi 01-01/3479-son ma’lumotnomalari). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlarning jami bank depozitlaridagi ulushi 2021 yilning 1 oktyabriga kelib 39,6 foizni tashkil etgan va 2020 yilning mos davriga nisbatan 3,3 foizli punktga kamaygan. Shuningdek, mazkur davrda O‘zsanoatqurilishbank ATB va “Trastbank”ning depozit bazasi, mos ravishda, 17% va 25%ga oshgan;
joriy valyuta bozori likvidliligini oshirish maqsadida tijorat banklarining valyuta bozoridagi market-meykerlik faoliyatini rivojlantirish taklifidan O‘zsanoatqurilishbank aksiyadorlik tijorat bankining valyuta operatsiyalarini rivojlantirishda foydalanilgan (O‘zsanoatqurilishbank ATBning 2021 yil 13 dekabrdagi 01-04/7104-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida O‘zsanoatqurilishbank ATBning valyuta operatsiyalari hajmi 2021 yilning 1 oktyabr` holatiga 3727,4 mln. AQSh dollariga etgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11%ga oshgan;
tijorat banklarining muddatli valyuta bozoridagi ishtirokini kuchaytirish, xususan, valyuta riskini xedjirlash vositasi sifatida valyutaviy svop, forvard va opsion bitimlari bilan operatsiyalarni rivojlantirish taklifidan O‘zsanoatqurilishbank ATBning muddatli valyuta operatsiyalarini rivojlantirishda foydalanilgan (O‘zsanoatqurilishbank ATBning 2021 yil 13 dekabrdagi 01-04/7104-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida O‘zsanoatqurilishbank ATBning svop bitimlari hajmi 2021 yilning 1 oktyabr` holatiga 26,7 ming evroni tashkil etgan va o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 297%ga ko‘paygan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish